16:14 / 05.05.2023
15111

Qabul boshlanishiga 1,5 oy qoldi – bu yil abituriyentlarni nimalar kutyapti?

Foto: KUN.UZ

O‘tgan o‘quv yiliga qabul 20 iyundan boshlangan edi. Bu yil ham taxminan shu sanaga yaqin qabul boshlanishini hisobga olsak, abituriyentlarda qisqa vaqt qoldi. Bu yilgi qabulda abituriyentlarni nimalar kutyapti?

DTM nomi o‘zgardi

Abituriyentlarga oid yangiliklardan biri sifatida ko‘pchilik faqat “DTM” deb qisqacha nomlaydigan test o‘tkazuvchi tashkilot Davlat test markazining qayta tashkil etilib, nomi Bilim va malakalarni baholash agentligi shaklida o‘zgarganini aytish mumkin.

Qisqacha aytganda, DTM so‘zi tarixga aylandi.

Qancha abituriyent hujjat topshirishi mumkin?

O‘tgan yilgi qabulda 1,2 mln abituriyent OTMga kirish uchun hujjat topshirgan. Ularning 395 ming nafari o‘sha yilgi bitiruvchilar, qolgan 819 209 nafari oldingi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan bitiruvchilar edi.

Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda maktablarni 390 mingdan ortiq o‘quvchi tugatadi. Ularning soni o‘tgan yilgi bitiruvchilar soni bilan deyarli teng. Bilim va malakalarni baholash agentligi Kun.uz’ga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, bu yilgi qabulda 1 mln 260 ming abituriyent hujjat topshirishi kutilyapti.

Maktabda olingan o‘rtacha baho kirish imtihonidagi umumiy ballga qo‘shib berilishi mumkin

Garchi Vazirlar Mahkamasining bunga oid qarori tasdiqlangan bo‘lsa-da, lekin joriy yildan boshlab bitiruvchilar bahosi OTMga kirishda hisobga olinishi haqida boshqa biror yangilik e’lon qilinmadi.

Lekin agar bu tartib ishga tushirilsa, abituriyentlarga kirish imtihonlarida to‘plagan balliga maksimal 5 ballgacha qo‘shib beriliishi kerak.

Bunda shu yil ta’lim muassasasini tugatgan abituriyent OTMga onlayn hujjat topshirayotgan payti uning maktabda to‘plagan (kollej, litsey) o‘rtacha balli elektron platformada aks etadi va abituriyent uning to‘g‘riligini tasdiqlaydi. Ayni shu ball keyin imtihonda to‘playdigan balliga qo‘shiladi.

Yotoqxonaga ehtiyoji borligini belgilash mumkin

Endi abituriyent keyinchalik talaba bo‘lgach, yotoqxonada yashashga ehtiyojmand bo‘lishi yoki yo‘qligini hujjat topshirgandayoq belgilay olishi mumkin. Lekin bunga oid tartib hozircha faqat qaror loyihasida aks etgan. Agar ushbu qaror loyihasi tasdiqlansa, Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga hujjat topshirish jarayonida talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyojini belgilash imkoniyati yaratiladi.

Imtihon va maksimal ball haqida

Bu yilgi qabul uchun fanlar majmuasi ancha oldinroq, dekabr oyida tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, yo‘nalishlarga imtihon olinadigan fanlar birinchi va ikkinchi fan qilib darajalangan.

Bundan tashqari, abituriyentlar majburiy fanlar blokida matematika, ona tili va O‘zbekiston tarixidan ham imtihon topshiradi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi saytida har bir fandan namunaviy test topshiriqlari joylashtirilgan.

O‘tgan yilgi baholash mezonlariga ko‘ra, kirish imtihonlarida 5 ta fandan jami 90 ta savol: mutaxassislik blokidagi 2 ta fan uchun 60 ta savol (birinchi blokda 30 ta, ikkinchi blokda 30 ta) majburiy fanlar blokida esa 10tadan 3 ta fan uchun jami 30 ta savol bor edi. Maksimal to‘planishi kerak bo‘lgan ball esa 189 ball edi. Hozircha fanlar majmuasi tasdiqlangan bo‘lsa-da, baholash mezonlari tasdiqlangani yo‘q. Shuning uchun bu yil ham maksimal ball 189 ball bo‘ladimi yoki yo‘qmi aniq emas.

Milliy sertifikat beradigan imtiyoz

Abituriyentlar o‘zlari istagan fandan ancha oldin sertifikatga ega bo‘lishi va kirish imtihonida shu sertifikatga mos ravishda proporsional yoki maksimal ballga ega bo‘lishi imkoni yaratilgan.

Hozirgi paytgacha matematika, fizika, kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot, rus tili, qoraqalpoq tili va adabiyoti bo‘yicha sertifikat imtihonlari o‘tkazildi. May oyida esa birinchi marta tarix va geografiya bo‘yicha ham imtihon o‘tkaziladi.

Lekin milliy sertifikat imtihonida maksimal ball to‘plaganlar soni unchalik ko‘p emas. 28 mart holatiga ko‘ra, jami 371 kishi sertifikat imtihonida maksimal ballga ega bo‘lolgan. Va ularga kirish imtihonida ham o‘zlari sertifikat olgan fandan maksimal ball beriladi.

Qabulga oid qaysi savol sizga qiziq? Uni bizga yozib yuboring, biz esa sizning savolingiz bo‘yicha ma’lumot berishga harakat qilamiz. 

Mavzu
Qabul-2023
2022/23 o‘quv yili uchun ixtisoslashgan va prezident maktablari, kollejlar, texnikumlar, bakalavriat va magistraturaga qabul hamda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha yangiliklar.
Barchasi
Top