23:24 / 11.05.2023
19030

Britaniya Ukrainaga yangi raketalar yetkazib berdi. Bu frontdagi vaziyatga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Kiyevga Ukraina armiyasining imkoniyatlarini keskin oshiruvchi Storm Shadow raketalari topshirilgani haqida e’lon qildi - bu raketalar kamida 250 kilometr masofaga uchib boradi.

Storm Shadow raketasi Farnborodagi aviashouda, 2018 yil

Payshanba kuni Britaniya parlamenti deputatlari qarshisida chiqish qilgan Uolles bu qadamni Rossiya tomonining eskalatsiyani kuchaytirishiga o‘lchovli javob deb atadi.

Payshanba kuni avvalida CNN telekompaniyasi o‘z manbasiga tayangan holda, Buyuk Britaniya Ukrainaga Storm Shadow raketalari yetkazib berilganini xabar qilib, bu raketalar Ukrainaning bosib olingan hududlari ichkarisidagi va 2014 yilda anneksiya qilingan Qrimdagi nishonlarga zarba berish imkoniyatini taqdim etishiga e’tibor qaratgandi.

Joriy yil boshida Britaniya Ukrainaga asosiy jangovar tanklarni berishga rozilik bildirgan ilk mamlakat bo‘lgandi.

«Storm Shadow raketalaridan foydalanish Ukrainaga Rossiya kuchlarini Ukrainaning suveren hududlaridan siqib chiqarishga imkon beradi», - dedi Uolles parlamentdagi chiqishida.

«Rossiya tinch aholini o‘ldirayotgan chog‘da biz shunchaki tomoshabin bo‘lib tura olmaymiz, - deya qo‘shimcha qilgan vazir. - Rossiya faqatgina o‘zining harakatlari Ukrainaga shunday tizimlar yetkazib berilishiga olib kelganini tan olishi kerak».

U dekabrda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguga maktub yo‘llab, unda Rossiyaning Ukraina infratuzilmalariga keyingi hujumlari Buyuk Britaniya Kiyevga yanada qudratliroq qurollar yetkazib berishiga sabab bo‘lishidan ogohlantirgani haqida eslab o‘tgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya Ukrainaga Storm Shadow raketalarini yetkazib berish orqali eskalatsiya xavfini kamaytirishga erishish mumkin deb hisoblaydi.

«Bu raketa tizimlari yetkazib berilishi Ukrainada Rossiyaning shafqatsizligidan himoyalanish uchun yaxshiroq imkoniyat hosil qiladi», degan u parlament a’zolariga.

U raketalar allaqachon Ukraina armiyasi ixtiyoriga yetib borganini ma’lum qilgan va bu qadamni «Rossiya eskalatsiyasiga mos keladigan o‘lchovli javob» deb atagan.

Kiyev hozircha Storm Shadow qanotli raketalarini qabul qilib olgani haqida rasman ma’lum qilmadi.

Ammo Uolles Buyuk Britaniya yetkazib bergan Storm Shadows raketalarining harakatlanish radiusini Rossiya raketa tizimlariniki bilan taqqoslab bo‘lmasligini qayd etgan - Rossiya raketalarining ayrim turlari bundan ancha uzoqroqqa uchib borishga qodir.

Qirollik harbiy havo kuchlarining Tornado rusumli qiruvchi samolyotiga o‘rnatilgan Storm Shadow raketalari
Foto: CROWN COPYRIGHT

Storm Shadow - aviatsiyadan qo‘llashga mo‘ljallangan qanotli raketa bo‘lib, Buyuk Britaniya va Fransiya hamkorligida ishlab chiqilgan. Uning yetib borish masofasi - 250 kilometrdan ortiqni tashkil etadi, bu esa hozirga qadar g‘arblik hamkorlar Ukrainaga yetkazib bergan raketalarning uchish masofasidan uch barobar ko‘pdir.

Buyuk Britaniya yetkazib bergan raketalarni faqat samolyotlardan uchirish mumkin; fransuzlarning raketalarini esa kemalar va suvosti qayiqlaridan ham qo‘llash mumkin.

Bu port infratuzilmasi, boshqaruv markazlari, bunkerlar, raketa maydonlari, aerodrom va ko‘priklar kabi yirik binolar va inshootlarni yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan, jangovar tasdiqlangan yuqori aniqlikdagi qanotli raketadir.

Ayni vaqtda bunday raketalar Britaniya harbiy havo kuchlaridan tashqari Fransiya va Italiya aviatsiya ixtiyorida ham mavjud bo‘lib, avvalroq Iroq va Liviyadagi amaliyotlarda o‘z samaradorligini namoyish etgan.

Yuqori martabali amerikalik harbiyning CNN muxbiriga aytishicha, raketa Kiyevga Ukraina urush boshidan buyon g‘arblik hamkorlardan so‘rab kelayotgan imkoniyatni taqdim etadi. Ayni vaqtda Ukrainaga Vashington tomonidan berilgan o‘q-dorilarning maksimal harakatlanish masofasi 80 km atrofida (GMLRS).

Bu raketa kamida 250 kilometr masofagacha boradi va urushda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Shaxsini ochiqlamagan g‘arblik mulozimlardan biri CNN muxbiriga aytishicha, Buyuk Britaniya Ukraina hukumatidan bu raketalar faqat Ukrainaning suveren hududlaridagi nishonlar bo‘ylab qo‘llanishi, Rossiya hududiga zarba berilmasligi bo‘yicha kafolat olgan. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya rasmiylari rasmiy bayonotlarida Qrimni Ukrainaning noqonuniy anneksiya qilib olingan suveren hududi sifatida aytib kelishadi.

Avvalroq Washington Post gazetasi London Vashingtonni Ukrainaga uzoqroq masofaga harakatlanuvchi raketalar yetkazib berishga ko‘ndirmoqchiligi haqida yozgandi. Nashrning qayd etishicha, Storm Shadows raketalarini Ukrainaning sovetlar davrida ishlab chiqarilgan samolyotlariga o‘rnatish mumkin. Kiyev anchadan buyon shunday imkoniyatga ega bo‘lishni istayotgandi.

Bu haqda shu kunlarda Britaniyaning Guardian nashri ham yozdi, unda Buyuk Britaniya va yevropalik ittifoqchilar guruhi Ukrainaga Jo Bayden ma’muriyati berishni rad etib kelayotgan ATACMS kabi uzoq masofaga harakatlanuvchi qanotli raketa yetkazib berishga umid qilayotgani qayd etilgandi.

Shu yil boshida Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov katta masofali raketalar Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish uchun qo‘llanmasligiga ishontirgandi.

«Agar biz 300 kilometr masofagacha zarba bera olsak, Rossiya armiyasi mudofaani ta’minlay olmasdi va mag‘lubiyatga uchragan bo‘lardi. Ukraina sizning qurollaringiz Rossiya hududiga hujum qilishda foydalanmasligi uchun har qanday kafolatni taqdim etishga tayyor», degandi u Yevropa Ittifoqi yig‘ilishida.

Fevral oyida Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Ukrainaga uzoq radiusga harakatlanuvchi raketalar yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qilgan, britan hukumati esa ularni xarid qilish uchun tender e’lon qilgandi.

«Biz birgalikda Ukrainaga o‘z shaharlarini Rossiya bombalari va Eron dronlaridan himoya qilishga yordam berishimiz kerak. Shuning uchun Buyuk Britaniya Ukrainani uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollar bilan ta’minlovchi birinchi davlat bo‘ladi», degandi o‘shanda Sunak.

Payshanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina qo‘shinlari Buyuk Britaniya tomonidan yetkazib berilgan Storm Shadow raketalarini qo‘llashiga javoban Moskva «aynan shunday» harbiy choralar ko‘rishini ma’lum qildi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top