21:11 / 12.05.2023
10866

Energetik sanksiyalar zarbasi: RFda budjet taqchilligi yillik prognozdan ham oshib ketdi

Aprel oyi yakunlari bo‘yicha Rossiya budjeti taqchilligi 3,4 trln rublga yetdi. Bu – butun yil uchun prognoz qilingan defitsit ko‘rsatkichidan 500 mlrd rublga ko‘p. Taqchillikning keskin oshishiga neft va gazdan keladigan daromadlarning qisqargani jiddiy ta’sir o‘tkazgan.

Foto: Depositphotos

Rossiya Moliya vazirligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida budjet defitsiti 3,4 trln rublga yetgan. Bu yillik prognoz qilingan defitsit ko‘rsatkichlaridan (2,9 trln rubl) ham sezilarli darajada ko‘p.

Hisobotda keltirilishicha, 2023 yilning dastlabki to‘rt oyida federal budjet daromadlari 2022 yilning mos davriga nisbatan 22 foizga kamaygan va 7,7 trln rublni tashkil qilgan. Shu bilan birga, budjet xarajatlari 26 foizga oshib, 11,2 trln rublga yetgan.

Defitsitning keskin oshishiga nima sabab bo‘ldi?

Taqchillikning keskin oshishiga neft va gazdan keladigan daromadlarning o‘tgan yilga nisbatan 52 foizga kamaygani va 2,28 trln rublni tashkil etgani jiddiy ta’sir o‘tkazgan. Moliya vazirligi bu holatni Urals nefti kotirovkalarining pasayishi va tabiiy gaz eksportining qisqarishi bilan bog‘lagan.

Bloomberg Economics'ning Rossiya bo‘yicha bosh iqtisodchisi Aleksandr Isakovning ta’kidlashicha, neft va gaz daromadlarining qisqarishi fonida yil yakunida defitsit 4 trln rublni tashkil etishi mumkin.

“Ma’lumotlar shuni tasdiqlaydiki, yil oxirigacha Moliya vazirligi katta ehtimol bilan rejalashtirilgan 17 trln neft va gazga bog‘liq bo‘lmagan daromadlarini yig‘adi, shu bilan birga neft va gazdan keladigan 1 trlnga yaqin daromaddan mosuvo bo‘lishi mumkin. Bu yil oxirida defitsit 4 trln rubl bo‘lishiga olib keladi. Boshqa tomondan, xarajatlar miqdori ham rasman aniq emas. Federal budjet to‘g‘risidagi qonunda xarajatlarning 29 trln dollardan oshmasligi belgilangan bo‘lsa-da, hozirgi sharoitda bu miqdor chegarasi sezilarli darajada oshishi mumkin.

Rossiya jamiyati uchun asosiy xavf shundaki, federal budjet xarajatlarining oshishi iqtisodiyotni inflatsiyani tezlashtirish yoki yuqori foiz stavkalari tufayli iste’molni kamaytirish o‘rtasidagi tanlov oldiga qo‘yishi mumkin”, deydi ekspert.

Avvalroq, Bloomberg mart oyi yakunlari bo‘yicha Rossiya rasmiylari budjet xarajatlarining uchdan bir qismi – 2,4 trillion rublni maxfiylashtirganiga e’tibor qaratgandi. Mutaxassislarning fikricha, mazkur xarajatlarning oshishi Ukrainada olib borilayotgan urush bilan bog‘liq, chunki harbiy xarajatlar miqdori oshib bormoqda.

Rossiya hukumati nima qilmoqchi?

“Vedomosti”ning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Moliya vazirligi Rossiyada faoliyat olib boruvchi kompaniyalari uchun qo‘shimcha foyda solig‘i joriy qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlayotgan bo‘lishi mumkin. Bundan maqsad – urush va sanksiyalar sharoitida budjet daromadlarini oshirish.

Shuningdek, 2022 yil dekabridan 2023 yilning 19 apreliga qadar “nodavlat notijorat tashkilotlaridan tushumlar” bandi bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlaridan 20 milliard rubl undirilgan.

Qayd etilishicha, 2021 yilda budjetga mazkur ko‘rinishda pul yig‘ilmagan, 2015-2020 yillarda esa bu miqdor yiliga 3 million rubldan ko‘p bo‘lmagan.

Ekspertlar Rossiyada budjet taqchilligi oshib borayotgani sababli soliq tushumlarini ko‘paytirishga urinishlar ham oshib borayotganini ta’kidlashmoqda.

Urushning Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri

Yillar davomida Rossiya budjetining taxminan 38-40 foizi neft va gaz eksportidan keladigan tushumlar bilan to‘ldirilgan. Ukrainadagi bosqinchilik urushi fonida Yevropa davlatlari rus neft va gaz mahsulotlarini import qilishdan bosqichma-bosqich voz kecha boshladi. Natijada daromad hajmi keskin qisqardi.

Rosstat hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda Rossiya iqtisodiyotidagi umumiy pasayish 2,1 foizni tashkil etgan. Pasayish cho‘qqisi ikkinchi va uchinchi choraklarda sodir bo‘lgan – mos ravishda 4,5 va 3,5 foiz. To‘rtinchi chorakda yillik ko‘rsatkichlarning tushishi 2,5 foizgacha sekinlashgan.

Joriy yilning fevral oyi boshida Sanoatlashgan mamlakatlar yettilik guruhi (G7) va Avstraliya Rossiya neft mahsulotlarining cheklangan narxlari bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Kelishilgan narx dizel, kerosin va benzin kabi yuqori darajada tozalangan mahsulotlar uchun bir barrelga 100 dollarni, mazut kabi arzonroq neft mahsulotlari uchun esa 45 dollarni tashkil etadi. Mazkur cheklovlar ham bevosita Rossiya budjet daromadlarining qisqarishiga ta’sir ko‘rsatgan.

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) ekspertlarining Yevropadagi iqtisodiy vaziyat haqidagi oxirgi hisobotida keltirilishicha, Rossiya iqtisodiyoti G‘arb tomonidan kiritilgan sanksiyalarga kutilganidan ko‘ra chidamliroq ekanligini isbotlagan. Joriy yilda RF YaIMning o‘sishi 0,7 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Hisobotda ta’kidlanishicha, sanksiyalarning Rossiya neft mahsulotlariga ta’sirini baholashga hali erta. Ayni paytda neft yetkazib berishda keskin qisqarishlar kuzatilmagan, Rossiya yonilg‘isiga chegirma esa oshirilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top