19:44 / 12.05.2023
9894

Prezident Toshkentda kasbga yo‘naltirish markazi va nodavlat ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishdi 

Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari taqdimotida ishtirok etdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining turmush sharoitlari, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahrining Shayxontohur tumaniga tashrif buyurdi. 

Davlat rahbari dastlab Samarqand darvoza mahallasida barpo etilgan kasbga yo‘naltirish markazida bo‘ldi. Bu yerda yoshlar va ayollarga savdo, marketing, moliya, axborot texnologiyalari sohalaridagi zamonaviy kasblar o‘rgatiladi.

Shu yerda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari taqdimot qilindi. 10 may kuni shu masala bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda salohiyatli tadbirkorlarni yangi ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantirish taklifi bildirilgan edi. 

- Bu ikki tomonlama manfaatli, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Hozir ko‘p tadbirkorlar faoliyatini kengaytirmoqchi, hammaga malakali ishchi kerak. Maqsadimiz - korxonalar amaliy monomarkazga aylanib, sohaga mutaxassis tayyorlasin. Buning uchun davlat infratuzilma, moliya, soliq bo‘yicha yengilliklar beradi. Ish o‘rinlari ko‘paygani, aholining xarid qobiliyati oshgani hisobidan bu pul pirovardida iqtisodiyotga qaytib tushadi. Eng muhimi, bu amaliyot yoshlar uchun faqat ish o‘rganish emas, hayot maktabi bo‘ladi. 

Taqdimotda Shayxontohurning turizm salohiyatini ishga solish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Poytaxt tumanlari hokimlari Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlar tajribasini o‘rganishi zarurligi ta’kidlandi. 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanidagi nodavlat ta’lim muassasasini borib ko‘rdi. 

Ming o‘rinli bu maktab ingliz tili, sharq tillari va aniq fanlarni o‘rgatishga ixtisoslashgan. Muassasada o‘quv va kompyuter xonalari, STEM laboratoriyasi, kutubxona, oshxona, sport zali, basseyn mavjud. 

Prezident ushbu maktab tajribasi asosida kichik hududda ko‘p o‘quvchi o‘rinlarini yaratish, nodavlat maktablarda ta’lim sifatini nazorat qilish muhimligini ta’kidladi. 

O‘quvchilar bilan muloqotda bilim eng yaxshi investitsiya ekani, davlat yoshlarning zo‘r mutaxassis bo‘lib, kelajakda yo‘lini topishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi qayd etildi. 

Top