19:38 / 13.05.2023
11804

Respublikachilar Baydenning aqliy qobiliyatini sinovdan o‘tkazishni talab qilishdi

Ular AQSh prezidentining kognitiv holatidan xavotirda.

Foto: Reuters

AQSh Respublikachilar partiyasining 60 dan ortiq a’zosi prezident Jo Baydendan aqliy qobiliyatini sinovdan o‘tkazishni talab qilishdi. Bu haqda Fox News yozdi.

Agar bu amalga oshmasa, uni saylovoldi poygasidan voz kechishga chaqirishdi.

Respublikachi, Oq uyning sobiq shifokori Ronni Jyekson kongressmenlar Amerika yetakchisining kognitiv holatidan xavotir olayotgani va mamlakatni yana bir muddat boshqara olishiga shubha bildirishayotgani haqida gapirdi.

«Biz jinsi, yoshi yoki siyosiy partiyasidan qat’i nazar, barcha prezidentlar sog‘lom aqliy salohiyatini hujjatlashtirishi va namoyish qilishi kerak, deb hisoblaymiz», deyiladi respublikachilar maktubida.

«Bayden prezidentlik davrida ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lsa-da (2021 yil 19 noyabr va 2023 yil 16 fevralda), uning aqliy qobiliyati tekshirilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Agar o‘tgan bo‘lsa, uning natijalari ommadan yashirilgan», deb davom etishdi ular.

Bayden fevral oyida tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin, Oq uy shifokori Kevin O'Konnor «Bayden - 80 yoshli sog‘lom, baquvvat erkak, prezidentlik vazifalarini, jumladan, bosh ijrochi, davlat rahbari, bosh qo‘mondon kabi vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishga qodir», degan edi.

Prezident Jo Bayden va Demokratlar partiyasi vakillari hozircha bu talabga munosabat bildirmadi.

Avvalroq, 80 yoshli Jo Bayden 2024 yilgi prezident saylovida ishtirok etishini ma’lum qilgan edi.

Top