21:14 / 19.05.2023
11631

Rossiya Xalqaro jinoyat sudi prokurorini qidiruvga berdi 

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Xalqaro jinoyat sudi prokurorini qidiruvdagi shaxslar bazasiga kiritdi. 

Foto: DPA/TASS

Rossiya Ichki ishlar vazirligi prezident Vladimir Putin va Rossiya bolalar ombudsmeni Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoyat sudi (XJS) prokurori Karim Ahmad Xonni qidiruvga berdi. 

Bunday ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligi qidiruvdagi shaxslar ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi. 

Avvalroq Rossiya rasmiy vakillarini jinoiy javobgarlikka tortishga qaror qilgan XJS prokurori va sudyalari qidiruvga berilishi haqida Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin ma’lum qilgandi. 

Rossiyada XJS sudyalariga nisbatan Jinoyat Kodeksining bir necha moddalari bo‘yicha ish ochilgan. Jumladan, «qasddan noqonuniy hibsga olish», shuningdek, «xalqaro himoyadan foydalanayotgan xorijiy davlat vakiliga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rish». 

Prokurorga nisbatan «qasddan begunoh shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish», «shaxsni og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda qonunga xilof ravishda ayblash», shuningdek, «xalqaro himoyadan foydalanayotgan xorijiy davlat vakiliga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rish» moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. 

Ishda ayblanuvchilar – XJS prokurori Karim Ahmad Xon va sudyalar Tomoko Akane, Rosario Salvatore Aytala va Serxio Xerardo Ugalde Godines. 

2023 yil 17 mart kuni Niderlandiyaning Haaga shahridagi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi. U Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilganlikda gumonlanmoqda. Sud tushuntirganidek, buning uchun shaxsan Putin javobgar, deb hisoblash uchun «oqilona asoslar» bor. Xuddi shunday hibsga olish orderi Rossiya prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarildi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top