21:20 / 22.05.2023
22867

Samarqand viloyatining bir nechta tumanida giyohvand modda sotayotgan va saqlab kelayotgan shaxslar ushlandi

Samarqand viloyatida 2023 yil 1 maydan “Qoradori 2023” profilaktik-tezkor tadbirining 1-bosqichi o‘tkazilishi boshlangan. Tadbirlar 30 iyungacha davom ettiriladi.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan profilaktik-tezkor tadbirlar doirasida Qo‘shrabot tumanida giyohvandlik moddasi yetishtirgan, Urgutda ushbu moddani sotayotgan, Oqdaryoda esa uni saqlab kelayotgan shaxslar qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Qo‘shrabot tumani. IIB JQB hamda DXX xodimlari tomonidan olingan tezkor ma’lumotga asosan 2023 yilning 1 may kuni Qo‘shrabot tumani Qo‘rg‘on mahallasida yashovchi 42 yoshli fuqaro o‘zining yashash hovlisida 464 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligini yetishtirib kelayotgani aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Samarqand tumani. Joriy yil 4 may kuni Samarqand viloyat IIB TQX JQB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida Samarqand tumani Ravonak mahallasida tadbirga jalb qilingan shaxsga 4 mln so‘m pul evaziga og‘irligi 20 gr “Opiy” giyohvandlik moddasini sotayotgan 47 yoshli fuqaro qo‘lga olingan.

Urgut tumani. Samarqand viloyati IIB TQX JQB Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish bo‘limi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Urgut tumani Tegana qishlog‘ida yashovchi 25 yoshli fuqaro tadbir ishtirokchisiga 9 ming dollar evaziga 0,5 kg opiy sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Oqdaryo tumani. 2023 yil 14 may kuni Oqdaryo tumani IIB TQX xodimlari tomonidan Loyish shaharchasida “Damas” to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, uning salonida 5 dona gugurt qutisiga joylangan 29 gr bo‘lgan marixuana giyohvandlik moddasi borligi aniqlangan. Tekshiruvlarda bu moddalar 28 yoshli ayol kishiga tegishli ekani aniqlangan.

Ichki ishlar xodimlari tomonidan tezkor tadbir davom ettirilib, ayol marixuanani tumanning “Olchintepa” MFYda yashovchi 46 yoshli ayoldan olganini bildirgan. Ayolning yashash uyida yana 525 gr giyohvandlik o‘simligi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Qayd etilishicha, hozirda yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top