15:57 / 24.05.2023
27516

Koreyaga ishga jo‘natishdagi korrupsiya: agentlik rasmiysining javobi va koreys mansabdorining sukuti

22 may kuni Migratsiya agentligi tomonidan Koreya Respublikasida ishlash istagidagi fuqarolar o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan EPS-Topik UBT test imtihoni jarayonlarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida press-tur tashkil qilindi. Jurnalistlar talabgorlarni imtihonga kiritish jarayonini kuzatishdi, agentlik matbuot kotibi savollarga javob berdi.

Kun.uz surishtiruvlarida ko‘rsatilgan holatlardan biri – “o‘ringa kirish” vaziyati bo‘yicha berilgan savolga matbuot kotibi o‘ringa kirmoqchi bo‘lgan shaxslar imtihonlardan chetlatilganini, shu bilan birga, ular imtihonlarga kira olmaganini aytdi, kirayotgan paytida qo‘lga tushganini aytdi.

Biroq Kun.uz ko‘rsatuvida ulardan biri aynan imtihon topshirish xonasida – parta ustida o‘tirib, test topshirayotgani ko‘rsatilgan edi.

Imtihon jarayonini ijtimoiy tarmoqlarda onlayn translatsiya qilish haqidagi savolimizga javoban, matbuot kotibi buni Koreya tomonining ruxsati bilan amalga oshirish mumkinligini, hozircha bunga ruxsat berilmaganini aytdi.

Imtihon o‘tkazilayotgan bino ichiga ruxsat bo‘lmasa, talabgorlarni imtihonga kiritish joyi – hovlida kameralar o‘rnatish va onlayn translatsiya qilish haqidagi taklifimizdan keyin, matbuot kotibi buning imkoniyati borligini aytdi.

Kun.uz malaka testlarida firibgarliklar jarayonga tarjimonlarni kiritish vaji bilan amalga oshirilayotgani haqida xabarlar olgan. Shu sabab malaka testlarini topshirish jarayonida tarjimonlardan foydalanmaslik taklifimizga javoban, matbuot kotibi buni Koreya tashkiloti vakiliga yetkazish kerakligini bildirdi.

Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining O‘zbekistondagi EPS markazi direktori Vkon Txe Gyom negadir savollarimizga javob berishni istamadi.

Nima bo‘lganda ham, Koreyaga ishga yuborishda korrupsion sxema ishlayotgani bo‘yicha huquq organlari atroflicha surishtiruv o‘tkazishi zarur.

Shokir Sharipov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top