Jahon | 17:06 / 24.05.2023
15831
5 daqiqa o‘qiladi

Prigojin: Biz Ukrainani butun dunyoga mashhur millatga aylantirdik

«Vagner» XHK egasi Putin, Shoygu, Ukrainaga bo‘lgan munosabat va «elita bolalari» haqida katta intervyu berdi.

Foto: AP

«Biz natsistlarni qidirib, Ukrainaning butun hududiga etiklar bilan kirib keldik. Natsistlarni qidirar ekanmiz, qo‘limizdan kelganini qildik», - dedi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi va egasi Yevgeniy Prigojin kremlparast siyosiy texnolog Konstantin Dolgovga bergan intervyusida. Ularning suhbati to‘liq versiyasi 23 may, seshanba kuni Prigojinning Telegram’ida e’lon qilindi. Hammasi «denatsifikatsiya» uchun qilingan, «biz Ukrainani butun dunyoga mashhur millatga aylantirdik», dedi XHK asoschisi.

Ayni paytda, 2022 yilning 27 fevralida, Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishidan ko‘p o‘tmay, Prigojin o‘zining Telegram-kanalida RF qo‘shinlari harakatlarini yuqori baholagandi. «Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining maxsus operatsiyasi... - RF qo‘shinlari natsistlar halok bo‘layotgan keskinlik o‘choqlarini nuqtama-nuqta yo‘q qiladigan ajoyib mikrojarrohlik amaliyotidir, tinch aholi esa butunlay xavfsiz holatda qolyapti», deb yozgan edi u. 

Yevgeniy Prigojin joriy intervyusida «Putinga bo‘ysunishini» aytdi. Shu bilan birga, 9 may kuni video e’lon qilindi, unda u kameraga qarab: «Baxtli bobo hammasini yaxshi deb o‘ylayapti... Lekin mamlakat nima qilishi kerak, bizning bolalarimiz, nevaralarimiz, Rossiyaning kelajagi nima qilishi kerak? Agar to‘satdan, men shunchaki taxmin qilyapman, bu bobo noto‘g‘ri o‘ylagani ma’lum bo‘lsa, urushda qanday g‘alaba qozonish kerak?» Keyinchalik XHK asoschisi «bobo» deganda u quyidagi variantlardan birini nazarda tutganini ta’kidladi - ilgari Rossiya mudofaa vazirining moddiy-texnik ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan general-polkovnik Mixail Mizinsev, Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov yoki hatto, Prigojin tushuntirganidek, «ijtimoiy tarmoqlarda snaryadlar qutilarini taklif qilgan holda paydo bo‘lgan» Natalya Ximni.

Joriy intervyuda Prigojin Sergey Shoygu o‘rniga Mizinsevni Rossiya mudofaa vaziri lavozimiga tayinlashni taklif qildi. Shu bilan birga, Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov, Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq «Xersonni berib yuborishni» taklif qilgan Ukrainadagi kuchlar birlashgan guruhi sobiq qo‘mondoni Sergey Surovikin bilan almashtirilishi kerak.

Bundan tashqari, Prigojin Ukraina eng kuchli armiyalardan biriga ega ekanligini aytdi. «Ularda yuqori darajadagi tashkilotchilik, tayyorgarlik, razvedka, turli qurollar bor», — dedi u Dolgov bilan suhbatda. Belgorod viloyatidagi so‘nggi janglar haqida gapirar ekan, XHK asoschisi Rossiya mudofaasi bunday hujumlarga qarshi turishga tayyor emasligini tan oldi: «Ularning ertaga Moskvaga kelmasligiga kafolat bormi?»

Yevgeniy Prigojin, shuningdek, Rossiya elitasining bolalari uchun «Varfolomey tuni» yuz berishi mumkinligini istisno qilmadi, chunki ular «o‘ziga kremlar surtib, Instagramda buni ko‘rsatishyapti, oddiy odamlarning bolalari esa ruxdan yasalgan tobutlarda olib kelinyapti». Bu ikkiga bo‘linish 1917 yildagidek inqilob bilan yakunlanishi mumkin, «avval askarlar, keyin esa ularning yaqinlari qo‘zg‘aladi», deya qo‘shimcha qildi u.

XHK asoschisi Moskva og‘ir urushga tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini istisno etmadi, chunki Ukraina Qurolli kuchlari anneksiya qilingan Qrimga hujum qiladi, Qrim ko‘prigini portlatib yuborishga urinadi va ta’minot liniyalarini uzib qo‘yadi. «Biz hozir Rossiyani boy berib qo‘yadigan holatdamiz», - deya xulosa qildi u. 

2022 yil noyabr oyining oxirida «Vagner» XHK egasi XHK logotipi va «qon» izlari bo‘lgan bosqon solingan skripka qutisini namoyish etdi. Bosqon aslida Ukraina asirligida bo‘lganidan keyin yollanma askarlardan birining o‘ldirilishi aks etgan video paydo bo‘lganidan so‘ng guruh ramziga aylandi. 

2023 yil fevral oyi boshida «Mediazona», Britaniyaning BBC media-kompaniyasi va ko‘ngillilar jamoasi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan yollangan mahbuslar orasida katta yo‘qotishlar haqida yozgan edi. Har bir yangi hisobot e’lon qilinishi bilan ular orasidagi yo‘qotishlar deyarli ikki baravar ko‘payib boryapti. 

Mavzuga oid