12:22 / 24.05.2023
8135

Shahrixonda ayol tug‘uruqdan so‘ng vafot etdi. Prokuratura 8 oydan beri yakuniy to‘xtamga kelgani yo‘q

Marhumaning yaqinlariga ko‘ra o‘limga noto‘g‘ri qon quyish sabab bo‘lgan. Ammo prokuratura “kamqonlik tashxisi” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan. Marhuma hayotligida kamqonlikdan shikoyati bo‘lmagani aytilmoqda.

2022 yil 29 sentabr kuni Shahrixon tumaniga qarashli 1-son tug‘uruqxonada 25 yoshli ayol vafot etgan. Ayolning oila a’zolari ish 8 oydan beri ko‘rib chiqilmayotganidan norozi ekanini aytib, Kun.uz'ga murojaat qildi. Marhumaning onasi Hayitxon Soliyevaning aytishicha, qizini 25 sentabr kuni tug‘uruqxonaga olib kelishadi. Ayol kesarcha kesish yo‘li bilan farzandini dunyoga keltiradi. Onasining so‘zlariga qaraganda, qizi amaliyotdan yaxshi chiqqan.

«Amaliyot yaxshi o‘tdi. Operatsiyadan chiqqanidan keyin qizim bilan ko‘rishganimda ahvoli juda yaxshiligini aytdi. Operatsiyadan keyin bir necha soat o‘tib ham ahvoli yaxshi edi. Keyin birdan qon ketyapti deyishdi», – deydi ayol.

Shundan keyin shifokorlar ayolga qon quyish harakatiga tushishgan. Soliyevaning aytishicha, marhumaning otasi qiziga qon bermoqchi bo‘lgan. Lekin virus bor deb, otasining qonini quyishmagan.

«Uning o‘rniga ro‘yxatda turgan, qon guruhi to‘g‘ri keladigan qizni aytishdi. Borib olib keldik. O‘shaning qonini quyishdi.

Yangidan qon topshirganda otasining qon tahlili yaxshi chiqdi. Lekin 2 yilcha oldin virus chiqqan ekan. O‘sha taqiq olib tashlanmagani uchun ruxsat berishmadi», – deydi marhumaning onasi.

Hayitxon Soliyeva qiziga qon quyish jarayonida shifokorlar e’tiborli bo‘lmaganidan noroziligini ham bildirdi.

«Zalda o‘tirganimda bolamning baqirgan ovozi eshitildi. Yugurib oldiga kirsam, yonida hech kim yo‘q ekan. Qon ulangan, bolam o‘tirib olib, bir nuqtaga termilib baqirayotgandi. Men vrachlarni chaqirdim», – deydi u.

Soliyevaning aytishicha, bemorga darhol kislorod ulashgan, ayol shu holatda 6 kun yotgan. Va oltinchi kun vafot etgan. Marhumaning otasi Bahodir Soliyevning so‘zlariga ko‘ra, jasad ekspertiza qilingan,  Andijon tuman prokuraturasi jasadni tekshirib ko‘rib, «noto‘g‘ri qon quyilishi natijasida o‘pka g‘ijimlanib qolgan» degan xulosa bergan.

«Ekspertiza xulosasi chiqqanidan keyin ham tuman prokuraturasiga bir necha marta borib keldim. 8 oydan beri natijasini kutyapmiz. Tibbiy ma’lumotnoma kelmayapti deb meni qaytarib yuborishyapti», – deydi marhumaning otasi.

Holat bo‘yicha to‘liq ma’lumot olish uchun Kun.uz Shahrixon tuman prokuraturasi bilan bog‘landi. Ma’lum bo‘lishicha, ayolga kamqonlik tashxisi qo‘yilgan va 2022 yilning 29 oktyabrida jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan. 

Lekin oila a’zolarining aytishicha, marhumaning kamqonlik kasali bo‘lmagan. «Qizim uchinchi bolasini dunyoga keltirayotgan edi. Oldingi tug‘uruqlarida ham kamqonlik sezilmagan», – deydi otasi.

Kun.uz prokuraturadan nega ayolning oila a’zolariga boshqa tashxis aytib, keyin bu kamqonlik deb aytilayotganiga izoh so‘radi. Tuman prokuraturasi xodimining bergan ma’lumotiga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atishga yetarli asos bo‘lmasa ham 1 oy ichida qandaydir qaror qabul qilinishi kerak.

«To‘liq o‘rganilmagan bo‘lsa ham to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asos yetarli bo‘lmagani uchun qaror qabul qilib turiladi. Keyin bu tuman prokurori tomonidan bekor qilinib, tergovga qadar tekshiruv o‘tkazishi mumkin. 1 oy ichida qandaydir qaror qabul qilishi kerak. Yo qo‘zg‘atadigan yoki rad qiladigan. Asoslar yetarli bo‘lmasa qaror qabul qilinadi», – dedi tergovchi.

Marhumaning oila a’zolari 8 oydan beri tuman prokuraturasidan tayinli javob olishmaganidan shikoyat qilishyapti. Prokuratura esa buni komissiyaviy ekspertizaning uzoqqa cho‘zilishi bilan izohlamoqda.

«Bizda onalar va bolalar o‘limi bo‘yicha alohida nazorat o‘rnatilgani sababli albatta tergovga qadar tekshiruv o‘tkaziladi. Bu 1 oy muddat oladi. Komissionniy ekspertiza xulosasi uzoqqa cho‘ziladigan ekspertiza hisoblanadi va uzog‘i bilan 6 oy vaqt oladi. Uning natijasi chiqqanidan keyin unga tergovga qadar tekshiruv hujjatlariga qo‘shib turib, qaror boshqatdan qabul qilinadi. Shu uchun u kech qolgan bo‘lishi mumkin», – dedi xodim.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 116-moddasi uchinchi qismiga ko‘ra shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lsa ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Avvalroq, tug‘uruqdan keyingi o‘lim holati Samarqandda ham yuz bergandi. Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasida kesarcha kesish yo‘li bilan ko‘zi yorigan ayol, amaliyotdan bir necha kun o‘tib vafot etgandi.

Zuhra Abduhalimova
Kun.uz 

Top