23:30 / 29.05.2023
23596

G7 davlatlari Zelenskiyni Ukraina tinchlik rejasi shartlarini yumshatishga yashirincha chaqirmoqda - OAV

Evaziga Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlash taklif etilyapti. 

Foto: Stefan Rousseau/live

G7 davlatlari (Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada) Vladimir Zelenskiyni urush tugaganidan keyin Ukrainaga taqdim etiladigan xavfsizlik kafolatlari shartlarini yumshatishga yashirincha chaqirmoqda. Bu haqda Italiyaning La Repubblica nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. 

Bundan tashqari, ushbu davlatlar tomonidan Zelenskiy taklif qilgan «tinchlik formulasi»ga bag‘ishlangan sammit o‘tkazish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

Shu bilan birga, G7 a’zolari ushbu formula Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasining rivojlanayotgan mamlakatlarini o‘z ichiga olgan «Global Janub» uchun ko‘proq maqbul bo‘lishini xohlashyapti. Buning evaziga Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlash taklif etilyapti. 

Zelenskiyning «tinchlik formulasi» o‘n banddan iborat. Bu, jumladan, Rossiya qo‘shinlarini Ukrainaning xalqaro tan olingan hududidan olib chiqib ketish, barcha harbiy harakatlarni amalda to‘xtatish, BMT Nizomini amalga oshirish, mamlakat hududiy yaxlitligini tiklash, shuningdek Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi uchun tribunal joriy etishni nazarda tutadi. 

O‘z navbatida, 27 may kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin muzokaralarni boshlash uchun Rossiya nuqtai nazaridan bajarilishi kerak bo‘lgan talablarni ham e’lon qildi. Xususan, Rossiya G‘arbdan Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatishini, mamlakatning «yangi hududiy voqeligini» tan olishini va Ukraina Qurolli kuchlari harbiy harakatlarni to‘xtatishini istayapti. Galuzin «demilitarizatsiya» va «denatsifikatsiya»ni ham eslatib o‘tdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top