18:47 / 31.05.2023
6873

Kashandalik yiliga 8 mln kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda – JSST

Olimlarning qayd etishicha, chekish ta’siri ostida organizmda 25 dan ortiq kasalliklar rivojlanishi kuchayadi.

31 may Xalqaro chekishga qarshi kurash kuni sifatida 35 yildan buyon nishonlanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, tamaki mahsulotlari iste’moli yiliga 8 mln kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Xavotirli jihati, ko‘rsatkichlar yil sayin oshib boryapti. Yoshlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar orasida bu illatga berilib ketganlarning ko‘payishi yanada tashvishli holat.

«Nikotin organizmdagi metabolik jarayonga xalaqit beruvchi, miya faoliyati va fiziologik funksiyalariga ta’sir qiluvchi alkogol hamda boshqa psixoaktiv moddalar kabi odamni o‘ziga o‘rgatib qo‘yadi. Shu tarzda tamakiga qaramlik shakllanadi», dedi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari Mirzag‘olib Tillashayxov.

Olimlarning qayd etishicha, chekish ta’siri ostida organizmda 25 dan ortiq kasalliklar rivojlanishi kuchayadi. Xususan, o‘pka saratoni va miokard infarktining chekish bilan bog‘liqligi haqida ilmiy dalillar mavjud.

Yurak-ishemik xastaligi va insultdan o‘lim holatlarining 70 foizi chekuvchi hamda spirtli ichimliklar ichuvchi odamlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Har bir kashanda bu illat tufayli o‘z hayotini 18 yilga qisqartirishi tadqiq etilgan.

Tamakining zaharli tutunidan umri zavol topayotganlarning 12 foizi bunday mahsulotlarni iste’mol qilmaydigan kishilar, ya’ni passiv chekuvchilardir. Ular orasida, taassufki, bolalar ham bor.

Hozirgi kunda 120 dan ortiq davlat tasarrufidagi 3 mln gektardan ziyod maydonda tamaki yetishtirilyapti. O‘z navbatida, dunyoda 300 milliondan ko‘proq odam oziq-ovqat taqchilligi muammosiga yechim izlash bilan ovora. 

Mavzuga oid
Top