13:06 / 01.06.2023
9931

Sinoptiklar: iyun oyi me’yordan 2-3 darajaga issiqroq bo‘ladi.

Sinoptiklar iyun oyida ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

Joriy yilning iyun oyi o‘rtacha issiq ob-havo bilan boshlanadi. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar qilmoqda.

Oyning eng boshida havo harorati +34...+37 daraja atrofida bo‘ladi. Ikkinchi besh kunlikda issiq +37...+40 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +40...+43 darajagacha ko‘tariladi va bunday harorat ikkinchi o‘n kunlikning boshigacha saqlanib turadi.

Birinchi o‘n kunlik davomida O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat tog‘li hududlarda ayrim kunlarda mahalliy momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.

Iyun oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida issiq qisqa muddatga biroz kuchsizlanish davrlari bilan harorat asosan +36...+39 daraja, respublikaning shimolida, janubida va cho‘l hududlarida +42 daraja atrofida bo‘ladi. Iyun oyi me’yordan 2-3 darajaga issiqroq bo‘ladi.

Ayrim kunlarda ba’zi joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, umuman olganda, iyun oyidagi yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.

Iyul va avgust oylarida 60-70 foiz ehtimollik bilan harorat foni me’yordan biroz yuqori va uning atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Yoz anomal issiq bo‘lmaydi, biroq harorat +40...+42 darajagacha, respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida +43...+45 darajagacha ko‘tarilib, juda issiq ob-havoning ayrim davrlari ham istisno qilinmaydi. 

Mavzuga oid
Top