07:14 / 02.06.2023
9193

AQSh Rossiyaning SHQShdagi ishtiroki to‘xtatilishiga munosabat bildirdi

Qo‘shma Shtatlar Moskvaga strategik qurollarining holati va joylashuvi haqida ma’lumot uzatishni to‘xtatadi. Davlat departamenti Rossiyaning SHQShdagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yishini qonunan asossiz deb atadi.

Foto: Shutterstock

Vashington Moskvaning Strategik hujum qurollarni qisqartirish bo‘yicha shartnoma (SHQSh)dagi ishtirokini to‘xtatganiga munosabat bildirdi. Shu tariqa, Qo‘shma Shtatlar endi Rossiyaga o‘zining strategik qurollari, jumladan, raketa va uchiruvchi qurilmalarning holati va joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni uzatmaydi, deya ma’lum qildi AQSh Davlat departamenti 1 iyun, payshanba kuni. U bu qarorini “Rossiya Federatsiyasi tomonidan SHQSh shartnomasini buzish davom etayotgani” bilan izohladi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2023 yil 28 fevralda Rossiyaning ishtirokini to‘xtatuvchi qonunni imzolaganidan so‘ng, Rossiya shartnomaning ushbu bandi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishni to‘xtatganini ta’kidladi. AQSh Davlat departamenti ta’kidlashicha, Rossiyaning SHQShdagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yishi qonuniy asosga ega emas va shuning uchun Moskva shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlari bilan bog‘langan.

Bundan tashqari, Vashington rossiyalik mutaxassislarga tekshirish uchun berilgan vizalarni va Rossiya ko‘zdan kechiruvchi samolyotlariga doimiy diplomatik ruxsatnomalarni bekor qilmoqda. Rossiya, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar tomonidan qit’alararo ballistik raketalar va suvosti kemalarida uchiriladigan ballistik raketalar to‘g‘risidagi telemetrik ma’lumotlar bilan ta’minlanmaydi, ammo AQSh Moskvani bunday uchirishlar haqida xabardor qilishda davom etadi.

Qo‘shma Shtatlar Rossiyani qarshi choralar to‘g‘risida oldindan xabardor qilib, agar Rossiya Federatsiyasi unga rioya qilishga qaytsa, ularni bekor qilishga va shartnomani to‘liq bajarishga tayyorligini e’lon qildi, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Mart oyi oxirida Oq uydagi Milliy xavfsizlik kengashining (MXK) strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Vashington va Moskva o‘zlarining yadroviy qurollari, jumladan, turli bazalardagi yadro kallaklari va bombardimonchi samolyotlari haqida ma’lumot almashishni to‘xtatganini aytdi. 

Top