23:13 / 02.06.2023
16696

«Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» sammiti ishtirokchilari qo‘shma kommyunike qabul qildi 

2 iyun kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida «Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» sammiti o‘tkazildi. 

Foto: president.kg

Sammitda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Turkmaniston tomonidan bosh vazir o‘rinbosari Nurmuhammet Amannepesov qatnashdi. 

Uchrashuv Yevropa Ittifoqi va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni ko‘rib chiqishga bag‘ishlandi. Sammit ishtirokchilari o‘z tashqi ishlar vazirlari va Yevropa Ittifoqining Oliy vakili Jozep Borrelga Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni rasmiylashtirish va amalga oshirishni ilgari surish bo‘yicha topshiriq berdilar.

Sammit yakunida ishtirokchilar qo‘shma kommyunikeni qabul qildilar. Unda ta’kidlanishicha, ishtirokchilar: 

- Muloqotni yuqori darajada davom ettirish va o‘zaro hurmat, o‘zaro yordamga asoslangan Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi hamkorligini rivojlantirish tarafdorligini tasdiqlaydilar; 

- BMT Nizomiga, xususan, barcha mamlakatlarning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hurmat qilish, kuch ishlatmaslik yoki uni ishlatish bilan tahdid qilmaslik hamda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish tamoyillarini hurmat qilish bo‘yicha qat’iy tarafdorligini bildiradilar; 

- Suv Markaziy Osiyo xalqlari tinchligi va farovonligi uchun eng muhim resurslardan biri ekanligini ta’kidlab, undan barqaror foydalanish uchun mintaqa mamlakatlari va xalqlarining manfaatlarini hisobga olish zarurligini tan oladilar; 

- Xalqaro hamjamiyatning Afg‘oniston xalqiga yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etib, BMTning muhim rolini qayd etib, Afg‘onistonda inklyuziv hukumatni o‘rnatish muhimligini, shuningdek, barcha fuqarolarning, ayniqsa ayollar, qizlar va etnik guruhlar vakillari huquqlari va asosiy erkinliklarini ilgari surish va hurmat qilish muhimligini ta’kidlaydilar; 

- Internet orqali terrorizm mafkurasi va targ‘ibotiga qarshi kurashni faollashtirish tarafdori ekanini ta’kidlaydilar; 

- Team Europe guruhining suv, energetika va iqlim o‘zgarishi, shuningdek, raqamli aloqa sohasida xususiy sektor va Yevropa moliya institutlarini jalb etgan holda yangi tashabbuslarni olqishlaydilar; 

- Barcha tomonlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish uchun o‘zaro savdo va sarmoyaviy mexanizmlarni kengaytirish muhimligi va Yevropa Ittifoqining sanksiyalar rejimi sharoitida yaqin muloqotlar muhimligini ta’kidlaydilar; 

- Tahlil markazlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligini qayd etadilar; 

- Markaziy Osiyo, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari diplomatlarini birgalikda tayyorlash imkoniyatlarini muhokama qiladilar. 

Eslatib o‘tamiz, navbatdagi «Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» sammiti 2024 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. 

Top