08:32 / 04.06.2023
16673

Sirdaryoda psixotrop dorilar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi

Foto: Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati

Sirdaryo viloyat IIB, DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining savdosiga chek qo‘yildi

Qayd etilishicha, fuqaro J.M. boshqaruvida bo‘lgan Lacetti Sirdaryo tumani Dehqonobod mahallasi hududiga kelib, Jizzax viloyati, Paxtakor tumanida yashovchi 24 yoshli S.S bilan uchrashgan va mashinada Mirzaobod tumaniga qarab harakatlanib ketayotgan vaqtida to‘xtatilgan.

Avtomobil xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv qilinganida, J.M.ning yonidan 1 dona sellofan paketga joylashtirilgan 11 dona, avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda esa 6 dona sellofan paketchaga joylashtirilgan jami 84 dona tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan dori vositalari aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tezkor tadbir davomida fuqaro S.S. ham ushlanib, xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv qilinganda, yonida bo‘lgan sumkasi ichidan 11 dona sellofan paketlarga joylashtirilgan jami 154 dona dori vositalari va 2,5 million so‘mdan ortiq pullar topilgan. 

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida, fuqaro J.M. yonidan hamda avtomashinasidan aniqlangan jami 95 dona dori vositalarini fuqaro S.S.dan 2,5 million so‘mga evaziga sotib olgani ma’lum bo‘lgan. O‘z navbatida, fuqaro S.S. mazkur dori vositalarini Jizzax viloyati Paxtakor tumanida yashovchi K.K.dan olib, uning Guliston shahar va Toshkent viloyatidagi dori vositalar iste’mol qiluvchi mijozlariga sotib, pullarni yetkazib berish uchun olib kelayotgani aniqlangan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro K.K. Paxtakor tumanidagi yashash xonadonida ushlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Top