23:14 / 08.06.2023
12201

Rossiya mikrochip va elektronika importi hajmini urushdan oldingi darajaga qaytardi – OAV

Yevropa kompaniyalaridan ushbu materiallarni olgan ba’zi mamlakatlar ularni Rossiyaga sotmoqda. 

Foto: Pexels

Rossiya Ukrainaga qarshi urushni davom ettirishi uchun zarur bo‘lgan G‘arb mikrochiplari va elektronikasi importi sanksiyadan oldingi darajaga qaytdi. Bu haqda Politico xabar berdi. 

«2023 yil boshida Rossiya elektronikaning ayrim asosiy toifalarini urushdan oldingi darajada import qilishga muvaffaq bo‘ldi», dedi AQSh Davlat departamentining sanksiyalar bo‘yicha koordinatori Jim O'Brayyen. 

Gap zamonaviy qurollarni yaratish uchun zarur bo‘lgan mikrosxemalar, protsessorlar va integral mikrosxemalar haqida bormoqda. O'Brayyen so‘zlariga ko‘ra, muammo shundaki, Yevropa kompaniyalari bu materiallarni boshqa davlatlarga sotadi, o‘z navbatida ular bu mahsulotlarni Rossiyaga sotmoqda. 

Rasmiyning ta’kidlashicha, sanksiyalarning chetlab o‘tilishi «jiddiy muammo» bo‘lib qolmoqda. Hozirda AQSh bunga daxldor beshta davlatni aniqladi: Turkiya, Qozog‘iston, Gruziya, Birlashgan Arab Amirliklari va Armaniston. 

Avvalroq, Turkiya va Honkongdagi vositachi firmalar Rossiyaga mikrochiplarni yetkazib berayotgani aytilgan edi. 2022 yil mart oyida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar orqali Rossiyaga 777 million dollarlik chiplar yetkazib berilgan. 

Top