Repinning otilgan nevarasi: bo‘lajak rassomdan terrorchi yasagan NKVD
Rus madaniyati va san’ati tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk musavvir Ilya Repinning nevarasi Stalinga suiqasd niyatida ayblanib, NKVD qo‘lida halok bo‘ladi. 29 yashar yigitning yagona aybi - bobosi o‘qigan joylarda o‘qib, bobosidek rassom bo‘lish orzusida bo‘lgani va bu yo‘lda har qanday xatardan cho‘chimagani edi.
«Volgadagi burlaklar» va bir qator asarlari bilan mashhur bo‘lgan rassom Ilya Repin (1844–1930) oktyabr inqilobidan so‘ng Rossiya imperiyasidan mustaqillikka erishgan Finlandiyadagi yerlarida qolishga qaror qiladi va Rossiyaga qaytishni rad etadi.
Repinning huzuriga sovetlarning choparlari birin-ketin kelib, «chol»ga o‘z fikrini o‘zgartirishi uchun ta’sir ko‘rsatishning yangidan yangi usullarini (hisobotlarda shunday yozishgan) sinab ko‘rishadi. Repin chaqirilmagan mehmonlarni doim quvib solgan, ko‘pincha yoshi o‘tib qolganini bahona qilgan.
Rassomni o‘z tomoniga og‘dira olmaganidan so‘ng bolsheviklar uning o‘g‘li Yuriyga ta’sir o‘tkaza boshlashadi. 1926 yil avgustida Finlandiya markaziy izquvar politsiyasi tayyorlagan hisobotda «bolsheviklar nihoyat Repinning o‘g‘lini o‘z tomoniga og‘diradi va Yuriy Repin Rossiyaga yo‘l oladi», deb yozilgan.
Yuriy sovet ittifoqiga baribir ketmaydi. Biroq Ilya Repinning nevarasi Diy bolsheviklar tomonidan va’da qilingan yaxshi hayotga uchadi va 1935 yil bahorida SSSRga yashirincha qochib o‘tadi. Pochta idorasi arxivida Yuriy Repinning shaxsan Iosif Stalinga o‘z o‘g‘li taqdirini surishtirib berishni so‘rab yo‘llagan xati ham bor.
«Sizdan shu yil fevral oyi oxirida SSSRga o‘z baxtini izlash uchun ixtiyoriy tarzda chiqib ketgan (o‘g‘lim) Diy Yurevich Repin haqida ma’lumot berishingizni so‘rayman. Agar uni unutishgan bo‘lsa yoki u og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bo‘lsa, unga yordam berishni so‘rayman», — deyilgan xatda.
Diyning taqdiri noma’lumligicha qolgan. Faqat SSSR parchalangach uning taqdiriga oydinlik kiritiladi. U 1935 yil avgustidayoq «SSSRning oliy rahbarlariga qarshi teraktlar uyushtirish niyati uchun» otib tashlangan edi. O‘shanda u bor-yo‘g‘i 28 yoshda bo‘lgan.
Endi Diy nega bu ishga qo‘l urgani haqida.
Bir necha yil davomida Diy Shvetsiya kemalarida dengizchi bo‘lib ishlagan. Bu davrda u kuchli, qo‘rqmas va mustaqil insonga aylangan. 1929 yilda u onasi og‘ir betobligi tufayli otasini qo‘llab turish uchun kemadan tushgach, onasi, bobosi va ammasining o‘limiga guvoh bo‘ladi…
Ijodiy muhitda tarbiya topgan Diy bolaligidan mo‘’jaz atmosferani simirgan, rassomlik kasbini tanlash fikri vaqti-vaqti bilan yigitchani bezovta qilib turardi.
Keyinchalik bu butun hayotining g‘oyasiga aylanadi. 1930-yillar boshida Diy Leningrad proletariat tasviriy san’at instituti (Sobiq badiiy akademiya)ga kirishga qaror qiladi. Biroq, 1932 yilda viza olish uchun sovet konsulligiga hujjat topshirib, rad javobini oladi.
Shunda otasi o‘g‘lini qo‘llash uchun oilaning Parijda yashovchi azaliy tanishidan Parij san’at akademiyasiga o‘g‘lini kiritishda yordam so‘raydi, lekin bundan ish chiqmaydi.
Diy ish topolmayotgandi, lekin u rassom bo‘lish orzusiga qaytsa, uning hayoti mazmun bilan to‘lishidan umid qilardi.
Diy katta tavakkalchilikka qo‘l uradi: u sovet chegarasini kesib o‘tib, Leningradga yetib olgach, bobosining do‘stlaridan yordam so‘ramoqchi bo‘ladi. Eng avvalo, u otasi yaqinda xat yozgan rassom Isaak Brodskiyni topmoqchi bo‘ladi.
Brodskiy yaqin tanish — bobosining shogirdi, otasining kursdoshi, rangtasvir o‘qituvchisi edi va uning darsxonasi Ilya Yefimovich Repinning sobiq ustaxonasida joylashgan edi.
SSSRga kirish uchun Diy kengligi 7 metr bo‘lgan chegaradagi daryoni kechib o‘tsa bas edi. Bu daryo o‘z azaliy orzusiga erishmoqchi bo‘lgan sobiq dengizchini to‘xtatib turolmasdi, albatta. U yoshligidan bunaqa daryolarni yuzlab marta yozda suzib, qishda chang‘ida bosib o‘tgan edi.
1935 yil 28 fevralida Ilya Repinning jasur nevarasi SSSR chegarasini kechib o‘tadi va shu ondayoq qo‘lga olinadi. Tergov davomida yigitcha NKVD xodimlarining sog‘lom fahm-farosatiga chin dildan ishonib, «Leningradda yashamoqchi, o‘qimoqchi va ishlamoqchi ekani»ni aytadi.
Chekistlar bir deganda romantik-xayolparast Diyni «SSSRga oliy rahbariyat a’zolariga qarshi terrorchilik aktlari uyushtirish vazifasi bilan jo‘natilgan yashirin aksilsovet «Rus haqiqati birodarligi» (Bratstvo Russkoy Pravdy — BRP) terrorchilik tashkilotining a’zosi»ga aylantiradi.
Diy Repin aslo o‘zini aybdor hisoblamasa-da, Leningrad harbiy okrugining harbiy tribunali 1935 yilning 10 iyun kuni uni otuvga hukm qiladi. Apellyatsiya rad etiladi. Hukm 1935 yil 6 avgustida, bobosi Ilya Repin tug‘ilganining 91 yilligi nishonlangan kunning ertasiga amalga oshiriladi.
Uning Finlandiyadagi qarindoshlari Diy bilan nimalar sodir bo‘lganidan bexabar qolishadi. Otasi Yuriy Repin (1954 yilda o‘z joniga qasd qilgan) umrining oxirigacha o‘g‘li tirk ekaniga, shunchaki SSSRda uni familiyasini o‘zgartirishga majbur qilishgan, deb ishonib yashaydi.
1991 yilda Diy Repin qilmishida jinoyat tarkibi yo‘qligi uchun oqlangan.
Mavzuga oid
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
16:15 / 17.10.2024
Bir jinoyat tarixi: qotillik qurboni bo‘lgan 72 yoshli aktrisa
15:11 / 13.10.2024