Nodavlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkiloti faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun foiz stavkalarini subsidiyalash hisobiga 7 foizlik stavkada 10 yil muddatga kredit berish amaliyotini joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga prezidentining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Unda belgilanishicha, 2023 yil 1 sentabrdan boshlab quyidagilar rejalashtirilmoqda:
- nodavlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun foiz stavkalarini subsidiyalash hisobiga 7 foizlik stavkada 10 yil muddatga kredit berish amaliyotini joriy qilish;
- yuridik shaxslarning maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotini qurishga sarf etiladigan xarajatlarini barcha soliqlardan to‘liq ozod etish;
- «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlari uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim va tarbiya olish xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibini joriy etish;
- umumiy o‘rta ta’lim tizimida «Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni» dasturini amalga oshirish, uning doirasida 2023/2024-o‘quv yilida 500 ming yangi o‘quvchi o‘rni tashkil etish.
Fuqarolar hujjat muhokamasida ishtirok etishi va taklif berishi mumkin. Muhokama jarayoni 15 avgustgacha davom etadi.