Jamiyat | 22:11 / 25.09.2023
67439
12 daqiqa o‘qiladi

Ortiqchasi ortiqcha. O‘ va G‘ harflarini tuzatishning o‘zi kifoya

Alifboda Ch va Sh harflarini o‘zgartirishga obektiv zarurat mavjud emas. Bu harflarni o‘zgartirish tarafdorlari uzoq yillik qo‘shalifbo tizimi endi uchalifbo muammosiga aylanib ketishi xavfiga to‘g‘ri baho bermayapti.

Foto: t.me/shokirjonov

Tan olib aytish kerakki, agar O‘ va G‘ harflarida muammo bo‘lmaganida, alifbo islohoti kun tartibiga ko‘tarilmas edi.

Tasavvur qiling, O‘ va G‘ harflari binoyidek. Shunday vaziyatda: “Harf birikmalari (Sh, Ch, ng) bo‘yicha o‘zgarish qilaylik!” deguvchilar bo‘larmidi?

Bo‘lganda ham, ularning soni hozirgi alifbo islohoti tarafdorlaridan necha barobarga kam bo‘lardi?

Yuqoridagi mulohazadan quyidagicha xulosa kelib chiqadi: bizning asosiy muammomiz O‘ va G‘ harflaridan iborat.

Muammoning o‘zagini tashkil etuvchi narsaga qo‘shib, dolzarbligi yo‘q narsalarni ham “to‘g‘rilash”ga urinish – islohot muvaffaqiyatiga soya soladi.

Muammo yadrosidan uzoqlashib “o‘tlab ketmaslik”, reallik bilan hisoblashish kerak. Aks holda, asosiy muammomizni hal qilganimiz bilan, darajasi unga teng boshqa muammolarni yaratib qo‘yishimiz mumkin.

Islohot bu – osonlashtirish degani

Isloh qilingan alifboda yozish hozirgisidan osonroq bo‘lishi kerak: O‘ va G‘ harflarini tuzatish shunga xizmat qiladi.

Isloh qilingan alifboda o‘qish hozirgisidan osonroq bo‘lishi kerak: ko‘z o‘rgangan harflarni Ş, Ç (S) yoki ŋ shakliga o‘tkazish esa aholining o‘zgarishlarni qabul qilishini murakkablashtiradi ham sekinlashtiradi.

Sh, Ch, ng tovushlarini bitta harf bilan ifodalash tarafdorlarining asosiy argumentlari va nega ular o‘rinsiz ekanini ko‘rib chiqaylik.

O‘rinsiz argument 1: “Yozish tezlashadi”

Unutmaslik kerakki, Sh va Ch tovushlarini ifodalash uchun ikkita klavishni bosishga majbur bo‘layotganlar faqat o‘zbeklar emas, bu “ko‘rgilik” ingliz tilida yoza oladigan 1,5 milliardga yaqin odamning ham boshiga tushgan va ular bunda muammo ko‘rmayapti.

To‘g‘ri, inglizchada Sh va Ch tovushlari o‘zbekchaga qaraganda ancha kam uchraydi, lekin bu o‘rinda atigi 2 ta tovushdan iborat so‘zni 5-6 ta harf bilan yozayotgan xalqlar ham ko‘pligini unutmaslik kerak. Masalan, fransuzlarga hozirgidek taraqqiyotga erishishda bu “qiyinchilik” to‘siq bo‘la olmagan.

Umuman, matn terish bilan faol ishlaydigan vatandoshlarimizning ko‘pida, shaxsiy fikrimcha, Sh va Ch harflariga e’tiroz yo‘q.

O‘rinsiz argument 2: “Bir tovushga bitta harf prinsipi kerak”

Bu – alifbo tuzishdagi bazaviy prinsip bo‘lgani bilan, uni amalda mutlaqlashtirib bo‘lmaydi. Bitta harf bir nechta tovushni ifodalashi (jamiyat, jirafa; rus tilidagi Ya, Yu, Yo, Ye harflari) yoki aksincha, bir nechta harf bitta tovushni ifodalashi (Sh va Ch kabi harf birikmalari boshqa xalqlar alifbolarida ham bor) – tabiiy va normal holat.

O‘rinsiz argument 3: “Harf birikmalaridan voz kechish yozuvni ixchamlashtiradi”

Bunday yondashuv “lotinmi yoki kirill” degan diskursda qo‘l kelishi mumkin, lekin hozirgi muhokamada emas. Lotin yozuvida yozilgan o‘zbekcha matn kirillda yozilganiga qaraganda shundog‘am sezilarli kam joy egallaydi. Harf birikmalaridan voz kechib uni yanayam ixchamlashtirishga hecham hojat yo‘q.

O‘rinsiz argument 4: “O‘ va G‘ o‘zgarganida, birato‘la harf birikmalarini ham o‘zgartirib yuboraylik”

Bir bo‘lganda, boshqalariyam bo‘lib ketsin, deyish bu argument emas. Muammo tug‘dirmayotgan harflarni nega o‘zgartirish kerak? Boz ustiga, o‘zgarishlar ko‘lami qanchalik kengayaversa, ularning aholi tomonidan qabul qilinishi shunchalik ziddiyatli bo‘lib boraversa?

Yuqoridagilardan kelib chiqib, qolaversa, har kuni o‘nlab sahifa matn ustida ishlaydigan odam sifatida ayta olamanki, lotin yozuvidagi alifbomizda yozish noqulayligiga 99 foizlik sabab – O‘ va G‘ harflarining hozirgi shakli. Shunday ekan, narigi uchta harf birikmasini o‘zgartirishga obektiv zarurat mavjud emas.

Bunday pozitsiya nima beradi?

Xo‘sh, alifbo islohoti faqat O‘ va G‘ harflariga taalluqli bo‘lishi kerak, degan yondashuvning yutuqli jihatlari nimalar?

Avvalo, faqat O‘ va G‘ bilan cheklanish ilmiy doirada alifbo bo‘yicha murosaga kelishni osonlashtiradi. Bunda yuqoridagi asoslarga ko‘ra harf birikmalarini o‘zgartirishga ehtiyoj yo‘qligini tan olish lozim. Ikkita muammoni hal qilib, uchta yangi muammoni yaratish – islohot emas.

Aksincha, harf birikmalarini ham o‘zgartirish kerak deb hisoblash esa islohot tarafdorlari ichidagi bo‘linishni kuchaytiradi: Ch tovushi uchun C ma’qulmi yoki Ç? Qolaversa, ng harfini ŋ shakliga o‘tkazish qator yangi muammolarni yuzaga keltiradi.

Ikkinchidan, aholining alifbo o‘zgarishini qabul qilishi keskin osonlashadi. Ch va Sh dan farqli ravishda, O‘ va G‘ning o‘zgarishi yozma alifboda o‘zgarish yasamaydi.

O‘zbekistonliklar qo‘lda avval qanday yozgan bo‘lsa, shunday yozishda davom etishi – muhim faktor. Kompyuterda matn terayotib, xatoni oson to‘g‘rilash mumkin, lekin dumli Ş va Ç harflarini qo‘lda yozishga ko‘nikib ketguncha juda ko‘p qog‘oz-hujjatlar bo‘yalib ketadi, ko‘pchilik bundan asabiylashadi ham.

Uchinchidan, alifbodagi o‘zgarishlar qancha ko‘p bo‘lsa, hozirgi qo‘shalifbo amaliyoti o‘z o‘rnini uchalifbo amaliyotiga bo‘shatib berishi xavfi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Harf birikmalarini o‘zgartirish tarafdorlari bunga tayyor deb o‘ylamayman.

Ehtimoliy oqibatlarni ko‘pchilik yetarlicha tasavvur qila olmayapti. Bu oqibatlar “imlo bo‘tqasi”ni toshirib yuborishi, yangi alifboni qabul qilmaslik, kirillga qaytish tarafdorlarining mavqeyi kuchayishi yoki boshqacha tarzda namoyon bo‘lishi mumkinligi ko‘rib chiqilmayapti. Keyingi tendensiyalarning taxminiy (ijobiy va salbiy) ssenariylari ishlab chiqilmagan.

To‘rtinchidan, faqat O‘ va G‘ harflari bilan kifoyalansak, 15-20 yil yoki 50 yildan keyin avlodlar Sh va Ch ni qaytarish uchun yana alifboni o‘zgartirishga intilishi ehtimolining oldini olgan bo‘lamiz.

Bu ehtimolga jiddiy qarashga asos – ingliz tili. Bu – dunyo tili, ilm-fan va texnologiyalar tili. Ildam texnologik taraqqiyot esheloniga qo‘shilishda o‘zimizga o‘zimiz sun’iy to‘siqlar qo‘ymaganimiz ma’qul.

Bugun O‘zbekiston bolalariga ingliz tili bog‘chadanoq boshlab o‘rgatilyapti va ular uchun Sh, Ch tovushlarining o‘zbek va ingliz tillarida bir xilligi juda qulay. Kelgusida lotinda savodi chiqqan, ingliz tilini puxta o‘rgangan, inglizcha fikrlaydigan yosh intelligensiya ularga shu qulay bo‘lgani uchun Ş, Ç (S), ŋ harflarini beixtiyor rad qilishga mahkum bo‘lmasligi kerak.

Shu o‘rinda qo‘shimcha qilishni istardimki, alifboning vazifasi – tildagi o‘ziga xos xususiyatlarni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish emas. Singarmonizm, bir unlining turlicha shakllari va hokazolarni alifboga jo qilish orqali uni murakkablashtirish xato. Til – birinchi navbatda axborot yetkazish vositasi. U to‘xtovsiz rivojlanadi, o‘zgaradi, qaysidir tovushlar yo‘q bo‘lib ketadi. Globallashgan dunyoda alifbo tilning rivojini sekinlashtiradigan omil bo‘lmasligi, foydalanuvchilarga maksimal qulay va moslashuvchan platforma vazifasini bajarishi lozim.

Beshinchidan, harf birikmalarini o‘zgarishsiz qoldirish orqali, pasportlarimizning o‘zbekcha va inglizcha sahifalari orasidagi farqlanish ko‘payishining oldini olamiz. Hozir bu farq asosan X, O‘ va G‘ harflari qatnashgan ismlarda ko‘zga tashlanadi. Ular qatoriga Sh, Ch va ng ham qo‘shilsa, naq oltita harf qatnashgan ismlarning o‘zbekcha va inglizcha yozilishida farq yuzaga keladi. Bu ism egalarining ko‘pi yangi shaklni mamnuniyat bilan qarshi olmasligi aniq.

Yana bir jihat. Hozir Sh va Ch ni bemalol domen nomlarida ishlata olamiz: toshkent.uz; charxpalak.uz, tong.uz va hokazo. Agar Ş va Ç shakllarini qabul qilsak, ular raqamli olamda tengsizlikka duchor bo‘lgan baxtiqaro O‘ va G‘ harflarimiz qatoriga kirib qoladi.

Shuningdek, harf birikmalari qatnashgan minglab so‘zlarimiz brendga aylanish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Hozir yangi brend yaratishda, tanlangan so‘zda O‘ va G‘ tovushlari bo‘lmasligiga katta ahamiyat beriladi. E’tiborga olish kerakki, bu beshta harf qatnashgan so‘zlar lug‘at boyligimizning sezilarli qismini tashkil qiladi.

Oltinchidan, harf birikmalarini o‘zgartirmasdan, faqat O‘ va G‘ni tuzatish orqali kompyuter klaviaturasini havas qilgulik darajada qulay holatga keltirish mumkin. O‘ va G‘ni klaviaturada P harfidan keyin turuvchi burchakli qavs – [ va ] tugmalari o‘rniga joylashtirish, alifbo tarkibida bo‘lmasa ham W va C harflarini o‘z joyida saqlab qolish kerak.

O‘zbek alifbosida yo‘q W va C nega o‘zbekcha klaviaturada bo‘lishi kerak? Qulaylik uchun. Avtomobil raqamlari, pasport seriyasi kabilarni yozishda klaviatura yo‘rig‘ini o‘zbekchadan inglizchaga o‘tkazib o‘tirishga zarurat bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, hozir “Cobalt”, “Coca Cola”, “acer”, “Microsoft Windows”, “Twitter” kabi ajnabiy so‘zlarning o‘zbekcha matnlarda uchrashi geometrik progressiya darajasida o‘sib boryapti. Har safar ajnabiy so‘zga ro‘para kelganda, uni yozish uchun klaviatura yo‘rig‘ini o‘zgartirib o‘tirish – ortiqcha ish.

Eng qizig‘i, taklif etilayotgan bu variantda telefon va kompyuterlarga o‘zbekcha alifboni o‘rnatib, inglizcha alifboni o‘chirib tashlasak ham bo‘ladi, chunki takomillashgan o‘zbekcha alifbo bilan har ikki tilda ham bemalol matn terish mumkin bo‘ladi. To‘liq lotinga o‘tgan paytimizda ruscha klaviatura faqat rus tilida yozish uchungina kerak bo‘ladi.

Fakt shuki, ona tili va ingliz tili uchun bitta klaviatura yo‘rig‘ining yetarli bo‘lishi – hamma xalqlarga ham nasib qilavermaydigan qulaylik.

Bunday qulaylikdan voz kechish – tarixiy xato bo‘lardi.

Komron Chegaboyev,
jurnalist

Mavzuga oid