O‘zbekiston | 21:00 / 26.07.2017
144952
12 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilishi fakt. Barcha sukut saqlamoqda

O‘tgan haftada Farg‘ona viloyatidagi o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilayotganini isbotlovchi audioyozuv paydo bo‘ldi. Ushbu audioyozuv Sof.uz nashri tahririyatiga kelib tushgan bo‘lib, bu haqdagi xabar saytda 21 iyul, juma kuni kechqurun e'lon qilindi.

Ushbu audioyozuv Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani xalq ta'limi boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishga oid bo‘lib, unda tuman xalq ta'limi mudiri o‘z xodimlariga qo‘pol munosabat qilishdan tashqari, bir necha o‘rinlarda O‘zbekiston qonunchiligiga zid fikr yuritgan, Mehnat Kodeksidan bexabarligini, boxabar bo‘lsada, qonunni hurmat qilmasligini ko‘rsatgan. 

Yig‘ilish o‘tgan haftaning chorshanba kuni, bir hafta muqaddam bo‘lib o‘tgan. O‘zbekiston tumani xalq ta'limi bo‘limi mudiri Nafisa Nishonova o‘quvchilarning ta'limdan ko‘ra qishloq xo‘jaligini birinchi o‘ringa qo‘yishi - o‘z vakolatiga kirmaydigan masalani ta'limdan ustun ko‘rishi, viloyat hokimi buyrug‘iga qarshi chiqadigan o‘qituvchilarni (maktab direktorlari) ogohlantirishi, majburiy sotilgan kitoblarning pullarini tezroq to‘lab qo‘yish kerakligi, o‘qituvchilarga yozda bug‘doy o‘rniga kartoshka ekishni, o‘qituvchilar nafaqaxo‘rlardan oylik maoshini plastikka o‘tkazib berish so‘ralgan arizalar olib kelishni buyurishini quyidagi audioda tinglash mumkin.

«Qishloq xo‘jaligi birinchi masala. Har kuni maktablar to‘rt nafardan, bog‘chalar ikki nafardan odamingiz rayononi oldiga! Har kuni. Men o‘zim aytaman kim-kim turishini. Men bo‘lib qo‘ydim uch kun, uch kundan. Bittadan direktor, bittadan bog‘chadan kelib turadi. O‘sha turgan odam birga olib borasiz. Qayerga borsa, birga olib borasiz. Ikki soat, uch soat ishlayapti, xolos. Juda ezilib ketgani yo‘q, issiqdan. Tepasida turmasak, ularning borganlardan foyda yo‘q. Ularni yo‘lkira qilib jo‘natamiz, ular dalaga borib, tutqatorga o‘tirvoladi. Paxtani chekanka qilish kerak xolos. Ertaga o‘sha paxta bizga kerak! Meni qanaqa tushunsangiz tushunavering, ertaga o‘sha paxta bizga kerak! Ertaga paxta yaxshi bo‘lsa, biz qiynalmaymiz, bo‘lmasa, biz qiynalamiz. Bilvoling. Fermergayam, boshqasigayam hech narsa kerak emas, ularning maqsadi boshqa. Ularni orasida vijdoni bori kam», deydi o‘qituvchilarni paxta dalasida tekin xizmatkorday ishlatishga buyuraturib.

U bog‘chalarning majburiy mehnatdagi faolligini maqtay turib, maktab o‘qituvchilari davomati past ekaniga e'tibor qaratib, davomatni yaxshilashni talab etadi.

Mudir «viloyat hokimiga qarshi» chiqadiganlar uni oldindan xabardor etishi shartligini aytadi: «O‘zingizcha Amerika ochavermang! Viloyat hokimiga qarshimiz, uning topshirig‘iga qarshimiz, desangiz, marhamat. Kirib, aytib ketavering. «Men qila olmayman bu ishni. Menga buyurmanglar, men mustasno bu topshiriqdan, deb aytib ketasiz!» deya ogohlantiradi Nishonova.

Shu bilan birga mudir ta'lim sohasi xodimlari mehnatga majburlanayotganini tan oladi: «Ikkinchi ekinga shartnoma qildingizmi fermer bilan? Kartoshka ekar ekanmiz. Nega bizni majbur qilishayapti, nega bizga tashlanyapti. Fermer noinsoflik qilib, ikkinchi ekin uchun rejani sotib olyapti. Bugun kartoshkaning narxi bir kilosi falon pul. Bugun bog‘cha eksa, o‘ziga bo‘ladi. Maktabi eksa, sotib, sarmoyasiga tushiradi, ertaga bir daromad bo‘ladi o‘ziga. Shuning uchun aytilayapti. Keyin ana bozordayam 66ta maktabdan bir tonnadan kartoshka chiqsa, 66 tonna kartoshkani sotsa, jinday narxlar tushib, xalqqa foyda bo‘ladi, degan maqsadda qilinayapti bu», degan mudir.

Bundan tashqari, o‘qituvchilar pensionerlardan nafaqa pullarini naqd pulda emas, plastikda berishni so‘ragani yozilgan arizalarni olib kelishga majburlanmoqda: «Mahallada yurmanglar. Ko‘chada yursangiz, kecha prezident boshqacha topshiriq bergan, bugun sizlar boshqacha ish qilyapsizlar, deyishadi. Shuning uchun hamma o‘zining ota-onasi, yaqinlariga tushuntirsin. Gap-so‘zlardan xoli bo‘lamiz», deydi mudir.

Audioda majlis ishtirokchilari «Ana, ana bo‘lmasam», deya past ovozda e'tiroz bildirayotgani eshitiladi...

Bu audio haftaning dam olish kunlarida tarqalgani tufayli, Kun.uz sayti davlat tashkilotlari ishga chiqishini kutishga qaror qildi. Tahririyat 24 iyul, dushanba kuni O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vazirligi bilan bog‘landi, vazirga bu audioni yetkazish so‘raldi.

Oradan ikki kun o‘tmoqdaki, na vazir Ulug‘bek Inoyatov va na uning katta umidlar bog‘langan yosh o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev bu borada bayonot bergan. (Vaholanki, aslida bunday shov-shuvli xabardan keyin dushanba kuniyoq vazirlikda brifing tashkil etilib, yetakchi nashrlar uchun aniq ma'lumotlar berilishi kerak edi).

Mudirning so‘zlaridan bilinadiki, unga vazirlik emas, vakolati doirasida bo‘lmagan holda viloyat hokimi tegishli topshiriqlarni berib keladi. Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bu qonundan tashqari harakatini qanday izohlaydi? Uning topshirig‘ini bajarayotgan mudira o‘zining asosiy ishi yosh avlodning sifatli ta'lim olishini ta'minlash ekanini unutganmi?

Ular mehnatga majburlash - jinoyat ekanidan xabardormi?

Eslatma: O‘zbekiston Republikasida majburiy mehnat O‘zbekiston Republikasi Konstitutsiyasining 37-moddasi, «Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi Qonunning 2-moddasi, Mehnat kodeksining 7-moddasi, shuningdek, «Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risida»gi Konventsiya (1930 yil 28 iyunda qabul qilingan, 1997 yil 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan) hamda «Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida»gi Konventsiyaga (1957 yil 25 iyunda qabul qilingan, 1997 yil 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan) ko‘ra taqiqlanadi.

Fuqarolar majburiy mehnatdan himoyalanish uchun sudga murojaat qilishlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasida mehnatga majburlaganlik uchun ma'muriy javobgarlik (eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima) nazarda tutilgan.

Mehnat kodeksining 177-moddasi «Ish beruvchining burchlari» deb nomlanadi. Unga ko‘ra, «ish beruvchi xodimdan uning mehnat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarni bajarishni, qonunga xilof yoki xodim va boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diruvchi, ularning sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar qilishni talab etishga haqli emas».

Shunday ekan, paxta dalasida ishlash maktab o‘qituvchisining mehnat vazifasiga kirmaydi!

Hokim va mudira O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini qo‘pol ravishda buzishmoqda, aytish mumkinki, qonunlarni oyoqosti qilishmoqda. Buning uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda tegishli jazo belgilangan.

Qayd etish kerakki, ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonda byudjyetdan maosh oluvchi davlat tashkilotlari xodimlari, xususan, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlari «tili qisiq qatlam» sifatida majburiy mehnatga jalb etilishi sir emas. Bu haqda endi, mamlakatning yangi davrida yuzaga kelgan sharoitlar tufayli ochiq aytila boshlandi.

Bungacha ham ahyon-ahyonda (aytish mumkinki, haddan oshirib yuborishganda) bir aybdor topilar va u ishdan chetlatilishi bilan yechim topilishi kuzatilgan. Farg‘onadagi ish bo‘yicha ham balki, «ehtiyotsizligi» uchun mudir ishdan ketar, ko‘p ehtimolki, bundan keyin yig‘ilishlarga telefon yoki boshqa yozib olish vositalari olib kirish taqiqlanar.

Bunga ko‘nib bo‘lmaydi. Bir Farg‘onada emas, respublikaning barcha viloyatlarida, tumanlarida o‘qituvchi mardikorga aylangani haqiqat. Endi hokimlar, senatorlar, vazirlar bu sharmandalikni tan olishi kerak.

«Kun.uz» sayti o‘qituvchilar haqida qayg‘urib kelmoqda. Saytda shu vaqtgacha «O‘qituvchiga osilmagan sen qoluvding o‘zi!», «Qo‘li chaqa, yelkasi yara va «tekinxo‘r» o‘qituvchi», «Yozilmay qolayotgan «O‘qituvchi kundaligi»«Yugurdakka aylangan o‘qituvchi» va boshqa bir qator shu mavzudagi jiddiy maqolalar nashr etildi.

Lekin jabrdiyda o‘qituvchilar chiqib, «bizni majburlab ishlatishyapti», deya norozilik bildira olmayapti. Saytga murojaat qilib, o‘zlariga nisbatan adolatsizliklar haqida aytib beradigan o‘qituvchilar uchraydi, ammo ular o‘z nomi saytda chiqishiga rozi bo‘lmaydi va ularning jur'ati shu yerda to‘xtaydi. Buni ular ishni yo‘qotishdan qo‘rqishi bilan izohlash mumkin.

Natijada ular majburan ishlatishlariga majburan ko‘nishmoqda. Natijada, senator o‘qituvchilar obodonchilik va dala ishlariga majburiy jalb etilishini inkor qiladi, viloyatlardagi uchrashuvlarda o‘qituvchilar shikoyat bilan chiqmayotganini dastak qiladi, majburiy mehnat haqida og‘iz ochmayotganini aytadi. Yana bir senator esa ochiqchasiga tozalash ishlarini kimdir qilishi kerakligini aytib, mashhur bo‘ladi.

Xalq ta'limi vaziri o‘z xodimlarini himoya qila olmasa, lavozimini topshirishi kerak. Senator xalq muammolaridan bexabar bo‘lsa yoki bunga ko‘z yumsa, bu haqda yolg‘on gapirsa, u ham o‘z o‘rniga munosib emas. Kasaba-uyushmalari majburiy mehnatga qarshi turish o‘rniga, bu ishda bosh-qosh bo‘lar ekan, bunday uyushma yopilishi kerak. Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi yoki siyosiy partiyalardan qandaydir munosabat kutilmaydi ham.

Navbatdagi bu diydiyodan keyin ham nimadir o‘zgarishiga ishonch kam. Jamiyatimizda o‘smirlar o‘rtasidagi janjallar rezonans keltirib chiqarishi mumkin, odamlarni futbol yoki estrada ko‘p qiziqtirishi mumkin, ammo ta'lim sohasidagi muammolar necha yillardirki e'tibordan chetda qolmoqda. Bu mavzu qayta-qayta ko‘tarilib chiqilishi, ammo bir kundan keyin e'tibor boshqa mavzuga qaratilib, o‘qituvchilarning ahvoli yana unutilishi mumkin. 

Lekin yodda tutish kerakki, o‘qituvchi - vatan kelajagi uchun mas'ul shaxs. Uni dam chopiqqa, dam chekankaga, dam kartoshka ekishga, dam ko‘cha supurishga, dam metallom yig‘ishga, gaz va elektrdan qarzdorlarni ro‘yxatga olishgayu, qariyalarga pensiya to‘lash bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga safarbar qilar ekanmiz - kelajakni boy beramiz. 

O‘qituvchining vazifasi maktabda ta'lim berishdir. Paxta ekib, paxta o‘stirib, paxta terish emas.

Jurnalistning vazifasi jamiyatda ro‘y berayotgan adolatsizliklarni jamoatchilikka ko‘rsatib, davlatga savollar berish, yolg‘on va korrupsiya bilan kurashib, jamiyatga qarshi harakatlarni fosh etishdir.

Davlatning vazifasi adolatni - hamma o‘z vazifasini bajarishini ta'minlash.

Aziz Qarshiyev

Mavzuga oid