O‘zbekiston | 11:37 / 19.12.2025
5303
3 daqiqa o‘qiladi

Neft-gaz sohasida kutilgan natijalarga erishilmayapti - Qo‘chqorov

Neft va gaz sohasini yangi bosqichga olib chiqish uchun prezident yaratib berayotgan imkoniyatlarga qaramay, sohada kutilgan natijalarga erishilmayapti, dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov. Uning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz”ning yangi raisi Abdug‘ani Sanginov eng avvalo tartib-intizomga amal qilishi kerak. Sanginov kompaniyani transformatsiya qilib, gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirishga va’da berdi.

Foto: "O‘zbekneftgaz" matbuot xizmati

18 dekabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJda bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniya boshqaruvi raisi lavozimiga tasdiqlangan Abdug‘ani Sanginov jamoaga rasman tanishtirildi va qazib chiqarishni barqarorlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Kompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan sohani har tomonlama rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga qaramay, kutilgan natijalarga erishilmayotgani tanqid qilingan.

“Ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha eng avvalo geologiya-qidiruv va qazib chiqarish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, har bir yo‘nalish faoliyatini qat’iy va samarali choralar asosida qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, kompaniya strukturasini xalqaro standartlar asosida joriy qilish, yangi boshqaruv yondashuvlarini qo‘llash, strategik loyihalarni amaliy natijaga yo‘naltirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Xorijiy hamkorlar bilan aloqalar formatini tahlil qilish, mavjud moliyaviy resurslardan samarali foydalanish lozimligi alohida qayd etildi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Jamshid Qo‘chqorovga ko‘ra, Abdug‘ani Sanginov yangi lavozimda qat’iyatli bo‘lishi, har bir topshiriqqa mas’uliyat bilan yondashishi, ishda eng avvalo tartib va intizomga amal qilib, vazifalarni sidqidildan bajarishi kerak.

O‘z navbatida, Sanginov qisqa muddatlarda “O‘zbekneftgaz”ni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi strategiyani qabul qilishi, jamoa bilan birga gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish va sohada tizimli natijalarga erishilishini ma’lum qilgan.

Yig‘ilishda, shuningdek, iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilgani ma’lum qilingan. Bu lavozimga Xurshid Mustafoyev tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Abdug‘ani Sanginov bunga qadar “O‘zbekgidroenergo” AJni boshqarib kelayotgan edi. U “O‘zbekneftgaz”da endilikda sobiq rais Bahodir Siddiqovning o‘rnini egalladi.

Ushbu rokirovkadan bir kun oldin O‘zbekiston prezidentining energetik xavfsizlik masalalari bo‘yicha vakili Alisher Sultonov lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid