Iqtisodiyot | 17:01 / 10.10.2024
7763
3 daqiqa o‘qiladi

Aholi va tadbirkorlarning valuta kursi o‘zgarishidan xavotirlari kuchaydi

Sentyabr oyida inflyatsion kutilmalar yomonlashdi. Aholi orasida eng yomon inflyatsion kutilma Toshkent shahrida (15,2 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, biznes vakillari orasida Toshkent viloyatida (14,4 foiz) qayd etildi. Daromadlari 15 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari respublika bo‘yicha eng yuqori darajada shakllangan – 15,8 foiz. Toshkent shahrida 17 foiz va undan yuqori inflatsiya kutayotganlar ulushi 36 foizga yetgan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank sentabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha yillik kutilmalari 13,3 foizni tashkil qilib, avgust oyiga nisbatan 0,2 foiz bandga oshgan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursi o‘zgarishi (50 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (47 foiz);
  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (45 foiz);
  • ish haqi va nafaqalarning oshishi (39 foiz).

Sentyabr oyida kelgusida narxlarga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan asosiy omil sifatida valuta kursining o‘zgarishini qayd etgan respondentlar ulushi ko‘paygan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Sentyabr oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 12,6 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,1 foiz bandga pasaygan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursining o‘zgarishi (51 foiz);
  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (46 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (44 foiz);
  • ish haqi va nafaqalarning oshishi (38 foiz).

Valuta kursining o‘zgarishini inflatsiyaga asosiy sabab bo‘ladi deb hisoblovchi tadbirkorlarning ulushi ham oshgan.

So‘rovnomada qatnashganlar orasida eng yuqori inflyatsion kutilma savdo (14 foiz) sohasida ishlovchilarda kuzatilgan. Eng past kutilmani qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari (11,3 foiz) belgilagan. Tadbirkorlik sub’yektlari orasida eng pessimistik kutilma sog‘liqni saqlash (13,6 foiz) sohasiga, eng optimistik kutilma esa kafe va restoran (11,3 foiz) sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (15,2 foiz) va Surxondaryo viloyatida (14,4 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston (12,2 foiz) va Qashqadaryo viloyatida (12,4 foiz) qayd etilgan. O‘z navbatida tadbirkorlarning kutilmalari Toshkent (14,4 foiz) va Jizzax viloyatlarida (14,3 foiz) baland, Qoraqalpog‘istonda (10,7 foiz) esa eng past bo‘lgan.

Daromadlari 15 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari respublika bo‘yicha eng yuqori darajada shakllangan – 15,8 foiz. Toshkent shahrida 17 foiz va undan yuqori inflatsiya kutayotganlar ulushi 36 foizga yetgan.

Mavzuga oid