O‘zbekiston | 16:05 / 11.10.2024
9521
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 32 nafar “zakladchik” ushlandi 

Poytaxtda giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatgan shaxslar (“zakladchiklar”) qo‘lga olindi.

Foto: IIBB axborot xizmati

2024 yilning 20 sentabr kunidan 20 oktyabr kuniga qadar Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish oyligi doirasida tun-u kun xizmat tashkil etilgan

Tadbirga jalb qilingan IIO, DXX va MG xodimlarining sa’y-harakatlari bilan giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan (“zakladka”) tarqatuvchi shaxslar ushlanmoqda. 

Oktyabr oyining 10 kuni davomida ana shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi 32 nafar shaxs ushlangan. Ularning yonidan va yashirgan joylaridan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.  

Barcha holatlar yuzasidan Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan, tergov harakatlari davom etmoqda.

Jinoyat kodeksining 273-moddasiga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan sud tomonidan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Mavzuga oid