Jahon | 20:11 / 07.10.2024
14517
5 daqiqa o‘qiladi

WSJ: «Qurol baroni» Viktor But yana savdoga qaytdi. U husiychilarga avtomat sotish bitimida qatnashdi

AQShda qurol savdosi uchun 25 yilga qamalib, amerikalik basketbolchi Brittni Grayner bilan almashilganidan keyin Rossiyaga qaytgan Viktor But yana qurol savdosi bilan shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Sergey Savostyanov / TASS / Profimedia

AQShda qurol savdosi uchun sudlanib, amerikalik basketbolchi Brittni Grayner bilan almashilgan holda Rossiyaga qaytgan Viktor But yana qurol savdosi bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal vaziyatdan xabardor yevropalik amaldor va boshqa manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil avgustda Moskvada But Kalashnikov avtomatlarini sotish bo‘yicha Yaman husiychilari bilan imzolangan 10 million dollarlik bitimda ishtirok etgan. Taxminlarga ko‘ra, qurollarni yetkazib berish oktyabr oyida boshlanadi, avtomatlar Yamandagi portga oziq-ovqat mahsuloti niqobi ostida yetkaziladi.

The Wall Street Journal Butni o‘g‘it va avtomobil xaridi bahonasida Moskvaga kelgan husiychilar bilan imzolagan bitimda vositachi deb atamoqda. Bitimdan xabardor manbalar husiychilar bilan muzokaralar Kreml ko‘rsatmasiga binoan yoki «uning so‘zsiz roziligi» bilan o‘tkazilganmi — buni bilmaydi. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, rejalashtirilayotgan yetkazib berishlarning manbasini aniqlash imkoni bo‘lmagan.

Ta’kidlanishicha, husiylar boshqa turdagi Rossiya qurollari — tanklarga qarshi raketalar va zenit majmualariga ham qiziqish bildirgan. Viktor But «RBK»ga bergan izohida The Wall Street Journal’da e’lon qilingan maqolani Vladimir Putinning tug‘ilgan kuni uchun mo‘ljallangan safsata deb atadi. «Mening pozitsiyamga keladigan bo‘lsa, u quyidagicha — husiychilar resurslari yetarli darajada bo‘lmasa ham o‘z ishini yaxshi uddalayapti. Ular o‘tgan yilning o‘zida AQShning 10 dan ortiq razvedka dronini urib tushirdi… Shuni ta’kidlashni istardimki, mediada obro‘li shaxslar yo‘qligi sababli, Amerika ommaviy axborot vositalari o‘zlari ilgari surgan, keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan «qurol baroni» brendi va mening ismimdan foydalanmoqda. Va shunisi tushunarliki, bularning barchasi maqolaga ko‘proq jamoatchilik e’tiborini tortish va aftidan, nashrning tushib ketgan reytingini ko‘tarish maqsadida amalga oshirilmoqda», — deydi u.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml WSJ materialini «xalq vakillariga nisbatan axborot hujumiga urinish yoki feyklar toifasiga kiritish»ga moyil ekanini ma’lum qildi.

Viktor But kim va uni nega «o‘lim savdogari» deb atashadi?

Viktor But — sovetlar armiyasida tarjimon bo‘lgan, sovetlarning harbiy-transport aviatsiyasida xizmat qilgan. 1991 yilda zaxiraga olingach biznes bilan shug‘ullana boshlagan — o‘zining aytishicha, xalqaro aviaparvozlar sohasida faoliyat ko‘rsatgan. But dunyoning asosan xavfli sanaladigan mintaqalariga mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha keng ko‘lamli biznesni yo‘lga qo‘ygani ma’lum.

U xalqaro qurol savdosini boshlashdan oldin gullar, mebel va muzlatilgan jo‘jalar yetkazib berish bilan shug‘ullangan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, But Afg‘onistonga (hukumat qo‘shinlariga ham, toliblarga ham), Angola va G‘arbiy Afrika mamlakatlaridagi isyonchilarga qurollar va harbiy jihozlar yetkazib bergan. Uni, shuningdek, «Al-Qoida»ga ham qurollar, jumladan, kimyoviy qurollar yetkazib berishga aloqadorlikda gumon qilishgan.

U 2008 yil martida Bangkokda AQSh hukumati bergan order asosida qo‘lga olingan. Nyu York Federal okrug prokuraturasi uni «qurollar AQSh fuqarolari va rasmiy shaxslarini o‘ldirishda qo‘llanishini anglagan holda» Kolumbiyadagi Inqilobiy qurolli kuchlar jangarilariga qurol yetkazib berish bo‘yicha jinoiy til biriktirishda ayblagan.

O‘shanda G‘arb nashrlari Tailandda Butni o‘zini go‘yoki FARS jangarilari sifatida ko‘rsatgan Amerika maxsus xizmatlari josuslari tuzoqqa tushirgani haqida yozgandi.

2022 yil avgust oyida Rossiyada 31 yoshli basketbolchi Brittni Grayner giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, to‘qqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. O‘sha yil dekabrida Grayner AQShda qurol savdosi uchun 25 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Viktor But evaziga qamoqdan ozod qilingandi.

Mavzuga oid