O‘zbekiston | 17:32 / 03.03.2026
8731
7 daqiqa o‘qiladi

Andijonda ta’lim mansabdorlari qimor o‘ynayotganda ushlangan

O‘rtada o‘yin qartalari va govga tikilgan pullar sochilib yotgan davrada Ulug‘nor tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri, uning o‘rinbosari hamda bir nechta maktab direktorlari bo‘lgan. O‘yin avjiga chiqqan bir paytda xonaga IIB xodimi kirib kelib, ta’limdagi qimorbozlarni ichki ishlar bo‘limiga olib ketgan. Sud ularga jarima jazosi tayinladi. Sudlanganlarning uchtasi ishdan olindi, “RayONO” mudiri va bir maktab direktori lavozimini saqlab qolgan.

Foto: AI

7-xonadagi bayram

2026 yil 14 yanvar. Baliqchi tumanidagi choyxonaning 7-xonasi. Bu yerga Vatan himoyachilari kuni bayramini nishonlash uchun Ulug‘nor tumani ta’lim mansabdorlari yig‘ildi. Ular safida “RayONO” mudiri va maktab direktorlari bor edi.

Sud qarorida keltirilishicha, o‘sha kuni jami 6 kishi – Ulug‘nor tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri, uning o‘rinbosari, hududdagi 9-, 5-, 19-, 25-umumta’lim maktablarining direktorlari qimor o‘ynagan. Ular qonunga xilof ravishda o‘rtaga 5 ming so‘mdan pul tikib, qimorda ishtirok etgan.

Holat IIB xodimlari tomonidan aniqlanib, davrada bo‘lgan 205 ming so‘m hamda ishtirokchilarning yonida bo‘lgan 617 ming so‘m pul mablag‘lari, shuningdek, o‘yin qartasi xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Qimor o‘ynamadik”

Sud majlisida sudlanuvchilarning birortasi aybiga iqrorlik bildirmagan. Ularning bari qimor o‘ynamagani haqida gapirib, o‘sha kuni tushuntirish xatini imzolab berganiga turli sabablar keltirishgan.

Masalan, “RayONO” mudiri o‘rinbosari aslida qimor o‘ynamaganini, ularni ichki ishlar bo‘limiga olib borishib, qimor o‘ynaganliklari bo‘yicha hujjat rasmiylashtirganini, 205 ming so‘m pul ovqat uchun to‘plangan mablag‘ bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, u qo‘rqib ketib, stress holatiga tushib qolgani uchun tushuntirish xatini imzolab berganini aytgan.

Direktordan biri IIB xodimlari jarima bilan qutulishlarini aytgani uchun ularga ishonib, o‘z manfaatini o‘ylagan holda tushuntirish xatini imzolaganini aytsa, boshqasi o‘sha kuni ko‘zoynagi bo‘lmaganini uchun o‘qimasdan imzolab berganini ma’lum qilgan.

Eng katta akulasini ushladik dedi”

O‘sha kuni davrada bo‘lganlar orasida lavozim jihatdan “eng kattasi” Ulug‘nor tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri bo‘lgan. U ham sudda aybiga iqror bo‘lmasdan, direktorlarnikiga o‘xshash ko‘rsatma bergan.

2026 yil 14 yanvar kuni Ulug‘nor tumanida harbiy parad qildik. So‘ng soat 20:00 lar atrofida menga qo‘ng‘iroq qilib, bayram dasturxoni qilishganini, kelib mehmon bo‘lib ketishni aytishdi. Men rozi bo‘lib, Baliqchi tumanidagi choyxonaga bordim. 7-xonaga kirganimda 2 yoki 3 kishi qarta o‘ynab o‘tirganini ko‘rdim. Qanaqa o‘yin o‘ynashayotganiga qiziqmadim va bilmadim. Xonaga kirganimda hamma men bilan o‘rnidan turib ko‘rishdi. So‘ng osh pishishini kutib o‘tirdim.

Shu vaqtda o‘zini IIB xodimi deb tanishtirgan shaxs kelib, bizni videotasvirga tushirdi. Keyin pullarni, telefonlarni va o‘yin qartalarini olib, bizni Baliqchi tuman IIBga olib borishdi hamda qimor o‘ynaganimiz bo‘yicha hujjat rasmiylashtirishdi”, degan mudir sudda.

U qarta o‘ynamaganini, 205 ming pul davradan olinmaganini, bu pullar ovqat puli uchun to‘plangan bo‘lib, to‘shak tagida turganini qo‘shimcha qilgan.

Men dastlab tushuntirish xati olayotganida qarta o‘ynamaganimni aytdim. Shunda bizni ushlagan IIB xodimi menga qarta o‘ynaganman deb qo‘yaverishimni, o‘ynamaganman desam xabar bermaganim uchun og‘irroq jazo olishimni, o‘ynadim deb aytsam bir baravar (BHMning bir baravari – tahririyat) jarima chiqishini aytdi. Shuning uchun tushuntirish xatining birinchi betini o‘qib, qolgan qismini o‘qimasdan imzolab berdim. IIB xodimlaridan biri menga nisbatan eng katta akulasini ushlaganini aytdi”, degan u.

Sudlanuvchilarning hammasi suddan adolatli qaror chiqarishni so‘ragan.

Ta’lim mansabdorlarining qimor o‘ynayotganini aniqlagan tezkor xodim ichki ishlar binosida bayonnoma rasmiylashtirilib, tushuntirish xati olinganini aytgan.

Bayonnoma ovoz chiqarib o‘qib eshittirildi: hech kimdan hech qanday e’tiroz bo‘lmadi. Tushuntirish xati ham o‘zlarining so‘zlaridan yozib olindi. Ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxslarning barchasi oliy ma’lumotli rahbarlar. Agar qimor o‘ynamagan bo‘lishganida, ularni men emas, o‘nta xodim bo‘lsa ham eplab bo‘lmasdi. Qimor o‘ynaganliklari sababli mendan yordam qilishimni so‘rashdi hamda norozilik bildirmay, ichki ishlar binosiga o‘z ixtiyorlari bilan borib, hujjatlarga imzo qo‘yib berishdi. Bu holatlarning barchasi videotasvirlarda bor”, degan tezkor xodim sudda.

Sud huquqbuzarlarning aybi fotosuratlar, videotasvirlar va to‘plangan boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topgan deb hisoblagan. Sudlanuvchilarning barchasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasi 1-qismi, ya’ni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish huquqbuzarligi bo‘yicha aybli deb topilgan. Ularning har biri 1 mln 236 ming so‘mdan jarimaga tortilgan.

Uchtasi “vaqtincha ishsiz”

Ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha sud qarori 2026 yil 30 yanvar kuni e’lon qilingan. Sud hujjatida sudlanuvchilarning uchtasi “vaqtincha ishsiz” sifatida ko‘rsatilgan. Bu ular lavozimidan ozod etilganini anglatadi.

Jumladan, bo‘lim mudiri o‘rinbosari hamda 9- va 19-umumta’lim maktablari direktorlari vaqtincha ishsizlik maqomida qayd etilgan. Sudlanganlardan faqatgina bo‘lim mudiri hamda 25-umumta’lim maktabi direktori o‘z lavozimini saqlab qolgan. Shuningdek, o‘sha vaqtda 5-umumta’lim maktabi direktori bo‘lgan sudlanuvchi ayni shu maktabga direktor o‘rinbosari lavozimiga tushirilgan.

Bu ilk holat emas

Ta’lim mansabdorlari o‘rtasida qartabozlik holatlari avval ham kuzatilgan.

Masalan, Namangandagi holatda maktab direktori o‘z xizmat xonasini qimorxonaga aylantirgan bo‘lsa, Navoiyda qorovulxonadan foydalanishgan, Samarqandda ham shularga o‘xshash holat kuzatilgandi. Ushbu maktab direktorlarining barchasi o‘sha vaqtda ishdan olingan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid