Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Abdug‘ani Sanginov “O‘zbekneftgaz” raisi etib tayinlandi
2017 yildan buyon “O‘zbekgidroenergo” AJni boshqarib kelgan Sanginov Abdug‘ani Abdurahmonovich bundan buyon “O‘zbekneftgaz”ga rahbarlik qiladi. U yangi lavozimda Bahodir Siddiqovning o‘rnini egalladi.
Abdug‘ani Sanginov / Foto: “O‘zbekgidroenergo” matbuot xizmati
Bu o‘zgarish – bir kun oldin O‘zbekiston prezidentining energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili Alisher Sultonovning ishdan olinishi ortidan ro‘y bermoqda.
Abdug‘ani Sanginov 2017 yil may oyida “O‘zbekgidroenergo” AJ tashkil etilgan paytda kompaniya raisi etib tayinlangan va shundan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan edi. U bundan oldin Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi qoshidagi “O‘zsuvenergo” birlashmasiga rahbarlik qilgan.
17 dekabr kuni “O‘zbekgidroenergo” jamoasi Abdug‘ani Sanginovni yangi lavozimga tantanali ravishda kuzatib qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Sardoba suv omboridagi falokatdan keyin ijtimoiy tarmoqlarda Abdug‘ani Sanginov tanqidlar nishoniga aylangan, ammo uning matbuot xizmati ayblovlarni rad etgandi. Keyinchalik Sanginovning o‘g‘liga tegishli kompaniya Surxondaryodagi qariyb 1,5 trln so‘mlik gidroenergetika loyihasiga pudratchi sifatida tendersiz tanlangani ma’lum bo‘lgandi.
“O‘zbekneftgaz”ning endilikda sobiq rahbari Bahodir Siddiqov kompaniyani 2023 yil mart oyidan buyon boshqarib kelayotgan edi. U boshqa ishga o‘tgani aytilmoqda.
Xabar yangilandi. 18 dekabr kuni kompaniya matbuot xizmati Siddiqov bilan xayrlashuv tadbiri bo‘lib o‘tgani, jamoadoshlari unga yangi lavozimda ham ulkan muvaffaqiyatlar tilaganini xabar qildi.
“O‘zbekneftgaz” haqida
“O‘zbekneftgaz” 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistonda gaz qazib oluvchi eng yirik kompaniya hisoblanadi. Shirkat geologik razvedka, uglevodorodlarni qazib olish, tashish, saqlash, qayta ishlash va sotish bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya 1998 yilda milliy holding kompaniyasiga aylantirilganidan keyingi davrda unga quyidagilar rahbarlik qilgan:
- 1998–2000 — Zayniddinov Ibrat Anvarovich
- 2001–2002 — Saidahmedov Egamberdi Muxtorovich
- 2002–2002 — Majidov Shavkat Xolmetovich
- 2002–2006 — Azizov Abdusalom Abdumavlonovich
- 2006–2008 — Ahmedov Nurmuhammad Ahmedovich
- 2008–2010 — Nazarov Ulug‘bek Sultonovich
- 2010–2015 — Fayzullayev Shokir Nasibullayevich
- 2015–2018 — Sultonov Alisher Saidabbosovich
- 2018–2019 — Ashrafxonov Bahrom Bahodirovich
- 2019–2020 — Siddiqov Bahodir Bahromovich
- 2020–2023 — Abdullayev Mehriddin Razzoqovich
- 2023–2025 — Siddiqov Bahodir Bahromovich
Mavzuga oid
16:43 / 19.12.2025
“Uchta O‘zbekistonni boqadigan gaz”, iste’fo talabi va sirli tayinlov – Alisher Sultonov faoliyatiga nazar
11:37 / 19.12.2025
Neft-gaz sohasida kutilgan natijalarga erishilmayapti - Qo‘chqorov
11:08 / 19.12.2025
Jamshid Qo‘chqorovda neft-gaz bo‘yicha o‘rinbosar paydo bo‘ldi
22:32 / 17.12.2025