O‘zbekiston | 16:31 / 22.10.2025
8346
7 daqiqa o‘qiladi

«Mubashshir Ahmad sud hukmi ustidan shikoyat bermaslikka qaror qildi» – advokat

«Menimcha, Mubashshir domla «taqdir»ga taslim bo‘ldi va yana ovoragarchiliklarda yurishni xohlamadi», deydi Alisher Tursunovning advokati Kun.uzʼga bergan izohida. 8 oktyabr kuni sudya Bobur Rahimov ulamoni tergov organi qo‘ygan uchala modda bo‘yicha ham aybdor deb topgan va 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan edi.

Suddan so‘ng yaqinlari bilan xayrlashayotgan Mubashshir Ahmad. 8 sentabr, 2025 yil / Foto: Kun.uz

Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunovning advokati Abdulloh Sodiq Kun.uzʼga jinoyat ishining keyingi taqdiri haqida ma’lumot berdi.

«Mubashshir Ahmad domla sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslikka qaror qilganini aytdi. Lekin buning sababini izohlamadi.

Lekin men advokat sifatida sud hukmidan noroziman. Sud jarayonida ham domlaning harakatlarida JK 244-1 va 156-moddalar tarkibi yo‘qligini isbotladik.

Shunga qaramay bu ishda asosiy qaror qabul qiluvchi mijozimiz, uning aytgani bo‘yicha keyingi ishlar qilinadi. Menimcha, domla «taqdir» deb, qadarga taslim bo‘ldi. «Odil sudlov»ni ko‘rdi, yana ovoragarchiliklarda yurishni xohlamadi», deya advokatning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Advokat Abdulloh Sodiq

Ma’lum bo‘lishicha, diniy ulamoning o‘zi ayni vaqtda ham tergov hibsxonasida qolmoqda, jazoni ijro etish koloniyasiga chiqarilmagan.

Mubashshir Ahmad ishi qanday boshlandi?

Asli ismi Alisher Tursunov bo‘lgan, 51 yoshli diniy ulamo – ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti faollaridan biri. U O‘zbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan Azon.uz va Azon TV kabi ma’rifiy loyihalar hamda bir nechta diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.

Mubashshir Ahmad bir necha yildan buyon Turkiyada istiqomat qilayotgan edi. U 2025 yil 8 may kuni Istanbulda qo‘lga olinib, 10 may kuni O‘zbekistonga majburan olib kelingan.

Alisher Tursunov 3 oy muddat davomida DXX Tergov boshqarmasi tomonidan tergov qilindi. Unga tergov davomida yana ikkita ayblov qo‘shilib, jami 3 ta ayblov bilan ish sudga oshirildi.

2025 yil 19 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida Mubashshir Ahmadga nisbatan jinoyat ishini sudya Bobur Rahimov raisligida ko‘rib chiqish boshlandi.

O‘shanda Uchtepa tuman prokurori o‘rinbosari Erkin Narzullayev sud jarayoni haqida har xil talqinlar bo‘lmasligi uchun zalga audio va videoyozish vositalari kiritilishiga ruxsat bermaslikni so‘radi. Sudya aynan shunday ajrim chiqardi, lekin sud jarayoni kirib tinglash uchun ochiq o‘tdi.

Prokuror ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblangan:

  • 244-3-modda: Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish;
  • 244-1-modda: Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
  • 156-modda: Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish.

8 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi sud majlisida esa Renessans universitetining siyosatshunoslik fanlari bo‘yicha professori Odil Musayev materiallar bo‘yicha siyosiy xulosalar berdi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita dinshunoslik ekspertizasi bo‘limi xodimi Shahboz Nizomov esa materiallarni diniy nuqtai nazardan baholadi.

15 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan uchinchi sud majlisida esa Alisher Tursunovning o‘zi ko‘rsatma berib, Turkiyada faoliyat olib borgan vaqtida chiqarilgan materiallari uchun Diniy qo‘mita ruxsatini olish zarurati bor deb o‘ylamaganini bildirdi. Shuningdek, u o‘ziga qo‘yilgan boshqa ayblovlar bo‘yicha ham izoh hamda qarshi fikrlarini bildirdi. Sudya Bobur Rahimov qo‘shimcha ekspertning so‘roq qilinishiga ruxsat bermadi.

18 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi sud majlisida davlat qoralovchisi — Uchtepa tumani prokurori o‘rinbosari Erkin Narzullayev suddan Mubashshir Ahmadni Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybdor deb topishni so‘radi. Xususan, prokuror Mubashshir Ahmadga «o‘zaro sanksiyalarni qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish» va «BHMning 150 barobari miqdorida jarima» qo‘llashni so‘ragan.

Abdulloh Sodiq boshchiligidagi advokatlar guruhi esa Alisher Tursunovdan 2 ta modda: «Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tarqatish» hamda «Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish» ayblovlarini olib tashlashni so‘radi. Shuningdek, advokatlar, materiallarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsatisiz tarqatishga doir ayblovni qisman tan olib, bu harakat ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganini, uni JK 70-moddasi tartibida bekor qilishni so‘radi.

Shundan so‘ng, 22 sentabr kuni o‘tkazilishi belgilangan beshinchi sud majlisi turli sabablar: sudyaning band bo‘lib qolgani, kasalligi va boshqa vajlar bilan 3 marotaba qoldirildi. Xususan, ish dastlab 22 sentabrdan 29 sentabrga, keyin 29 sentabrdan 2 oktyabrga, 2 oktyabrdan esa 8 oktyabrga qoldirildi.

Nihoyat 8 oktyabr kuni so‘nggi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Mubashshir Ahmad o‘ziga qo‘yilgan ayblovlardan diniy materiallarni Diniy qo‘mita ruxsatisiz tarqatganini yana bir bor tasdiqladi va buni jismonan O‘zbekiston hududida bo‘lmagani bilan izohladi. Qolgan moddalar bo‘yicha esa aybdor emasligini, bu tergovda ham, sud majlislarida ham o‘z isbotini topmaganini bildirdi.

Shuningdek, Mubashshir Ahmad sudyadan hukm chiqarishda – 21 yildan buyon qand kasali bilan og‘rishi, oilaviy ahvoli, boshlab qo‘ygan ko‘plab ilmiy faoliyat va tarjima bilan bog‘liq ishlari borligini hisobga olishni hamda adolatli hukm chiqarishini so‘radi.

 

Sudya Bobur Rahimov 1 soatdan ko‘proq maslahatlashuvdan keyin diniy ulamoga tergov organlari qo‘ygan uchta modda bo‘yicha ayblovning barchasini asosli deb topdi. Mubashshir Ahmadga jazolarni qo‘shish yo‘li bilan, uzil-kesil 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi va 2025 yil 11 maydan boshlab hisoblanishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan ulamoga tegishli ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar o‘chirilishi yoki bloklanishi belgilandi. Shundan so‘ng, 15 oktyabr kuni Azon Global media jamoasi ham «jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shish uchun va qonunga itoat yuzasidan» barcha media faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi.

Mavzuga oid