O‘zbekiston | 16:47 / 18.12.2024
23679
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi o‘zbeklar kengashi rahbari Kirillovni o‘ldirishda gumonlanayotgan o‘zbekistonlikni haqorat qildi

Umumrossiya o‘zbeklar kengashi jamoat tashkiloti rahbari Ibrohim Xudoyberdiyev general-leytenant Igor Kirillovni o‘ldirishda gumonlanayotgan O‘zbekiston fuqarosini «sotqin maxluq» deya haqorat qildi. Avvalroq Moskvada Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘i asosida terakt sodir qilganlikda ayblanib, 29 yoshli o‘zbekistonlik qo‘lga olingan edi.

​​​​​​​Foto: vku-org

«Biz shunchalik sarmoya kiritamiz, yaxshi munosabatlarga sarmoya kiritamiz... Bular kamdan kam uchraydigan, sotqin maxluqlarki, qurolsiz odamga tiyinlar evaziga shunday terrorchilik harakatlarini amalga oshiradi», — degan Xudoyberdiyev RIA Novosti'ga bergan izohida.

Ibrohim Xudoyberdiyev, shuningdek, o‘z yurtdoshlari ekstremistlar bilan aralashib ketmasliklari uchun «tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish kerak»ligini ta’kidlagan.

Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i, general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi 17 dekabr kuni tongda Moskva shahri Ryazansk prospektidagi uyi oldida ro‘y bergan portlash oqibatida halok bo‘lgandi. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lbola portlovchi qurilma uy pod’yezdi yonida turgan elektr samokatga o‘rnatilgan.

18 dekabr kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi FXX va IIV hamkorligida O‘zbekistonning 29 yoshli fuqarosini terrorchilik hujumi sodir etishda gumon qilib, qo‘lga oldi. U so‘roq paytida Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollangani, buning uchun 100 ming dollar miqdorida pul mukofoti va Yevropa davlatlaridan biriga yashash uchun chiqishi kafolatlanganini aytgan.

Mavzuga oid