17 dekabr kuni Moskva shahrining Nijgorod rayonidagi uy hovlisi oldida sodir bo‘lgan portlashda ikki kishi halok bo‘ldi. Portlash to‘lqini atrofdagi kvartiralarning derazalarini uchirib yuborgan.

RF tergov qo‘mitasi portlash oqibatida Rossiya qurolli kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i, general-leytenant Igor Kirillov hamda uning yordamchisi Ilya P. halok bo‘lganini tasdiqladi.

Holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan. Moskva prokuraturasi ishni nazoratiga olgan.

«Voqea joyida tergovchilar, sud-tibbiyot ekspertlari va favqulodda xizmatlar ishlamoqda. Hozirda sodir etilgan jinoyatning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda» – deyiladi qo‘mita xabarida.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlash Kirillovga xizmat mashinasi kelgach, harbiylar uydan chiqayotganda sodir bo‘lgan. Katta ehtimol bilan, portlovchi qurilma uy yaqinida to‘xtab turgan skuterga o‘rnatilgan bo‘lgan.

U katta ehtimol bilan radiosignal yoki mobil telefon qo‘ng‘irog‘i orqali faollashtirilgan.

Ryazansk prospektidagi uy pod’yezdi oldida portlash joyi, 2024 yil 17 dekabr
Maksim Shemetov / Reuters / Scanpix / LETA

Portlovchi qurilma 300 gramm trotil quvvatiga ega bo‘lgan, natijada uyning kirish eshigi va derazalari sinib ketgan, generalning xizmat mashinasi ham shikastlangan.

«Kommersant» gazetasi yozishicha, tergov portlash ukrain maxsus xizmatlari — Ukraina mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi yoki Ukraina xavfsizlik xizmatlari tomonidan uyushtirilganini gumon qilmoqda, bu idoralar taniqli shaxs ekani tufayli Kirillovni nishon sifatida tanlagan bo‘lishi mumkin.

Bir kun oldin Ukraina nashrlari rossiyalik ushbu general urushda kimyoviy qurollarni qo‘llash haqida shaxsan topshiriq bergani va buning ortidan harbiy jinoyatlarda gumonlanayotganini yozgandi.

54 yoshli Kirillov 2017 yil aprelida Rossiya qurolli kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i bo‘lgandi. Timoshenko nomidagi Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya harbiy akademiyasini tamomlagan. 2017 yilga qadar ushbu akademiyaga rahbarlik qilgan.