Jahon | 23:07 / 19.12.2024
22597
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva sudi rossiyalik generalni o‘ldirishda gumonlanayotgan O‘zbekiston fuqarosini hibsga oldi. Sud majlisi yopiq tarzda o‘tkazildi

Moskvaning Basmanniy sudi general Igor Kirillovni o‘ldirishda gumonlanayotgan Ahmad Qurbonovni ikki oy muddatga hibsga yubordi. Unga nisbatan «terrorizm va qurolning qonunga xilof muomalasi» moddalari bo‘yicha rasmiy ayblovlar qo‘yildi.

Foto: msk1.ru

Moskvaning Basmanniy sudi Rossiya Qurolli kuchlari radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillovni o‘ldirishda gumonlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonovni hibsga olish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Qayd etilishicha, Qurbonov ikki oy muddatga hibsga olingan. «Interfaks»ning sud ma’lumotlariga tayanib yozishicha, unga nisbatan «terrorizm va qurolning qonunga xilof muomalasi» moddalari bo‘yicha rasmiy ayblovlar qo‘yilgan. «TASS» manbasi avvalroq Qurbonov «qotillik» moddasi bo‘yicha ayblanayotganini ta’kidlagandi.

Tergov tegishli tartibda iltimosnoma bilan murojaat qilgani bois sud majlisi yopiq tarzda o‘tkazilgan.

Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i, general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi 17 dekabr kuni tongda Moskva shahri Ryazansk prospektidagi uyi oldida ro‘y bergan portlash oqibatida halok bo‘lgandi. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lbola portlovchi qurilma uy pod’yezdi yonida turgan elektr samokatga o‘rnatilgan.

18 dekabr kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi FXX va IIV hamkorligida O‘zbekistonning 29 yoshli fuqarosini terrorchilik hujumi sodir etishda gumon qilib, qo‘lga oldi. U so‘roq paytida Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollangani, buning uchun 100 ming dollar miqdorida pul mukofoti va Yevropa davlatlaridan biriga yashash uchun chiqishi kafolatlanganini aytgan.

Mavzuga oid