Jamiyat | 17:59 / 02.07.2019
65897
7 daqiqa o‘qiladi

Namanganda o‘qituvchilar beton quyishdi. Har bir maktab uchun alohida joy ajratilgan

Majburiy mehnat... Zamonaviy dunyoni qiynab kelayotgan og‘riqli mavzu. Majburiy mehnat zanjirining qullikdan ko‘p ham farqi yo‘q. Kishanlar va qamchilar bilan dahshat soluvchi qullik emas, balki chiroyli ko‘rinishga ega, jilmayib turgan, ikkiyuzlamachilikka asoslangan qullik.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda majburiy mehnatni tugatish borasida shiddatli siyosat olib borildi. Bu borada turli qonun hujjatlari imzolandi. Bu borada amalga oshirilgan eng so‘nggi katta ishlardan biri bu – mamlakat prezidenti joriy yilning 25 iyun kuni «Xalqaro mehnat tashkilotining 1930 yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonunga imzo chekishidir.

Qolaversa, shu yili AQSh Mehnat departamenti O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani majburiy yoki bolalar mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar «qora ro‘yxati»dan chiqardi.

Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) 2018 yil O‘zbekistonda talaba, o‘qituvchi, vrach va hamshiralar paxtaga mutlaqo jalb etilmaganini qayd etgan.

Yuqoridagi ma'lumotlar O‘zbekistonda majburiy mehnat batamom tugaganini anglatadimi? Afsuski, ayrim holatlar bu savolning javobini ochiq qoldirmoqda.

Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan navbatdagi murojaat Namangan viloyatidan keldi. Unda aytilishicha, mazkur viloyatning Kosonsoy tumanida joylashgan 54ta maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb etilgan. Ya'ni, joriy yilning 29 iyun kuni o‘qituvchilar mazkur tumandagi Namuna qishlog‘i yaqinidagi anhor bo‘yida beton quyishgan.

«Tuman XTB mudiri va hokimiyat vakillari bizni nazorat qilishdi. Prezidentning majburiy mehnat to‘g‘risidagi farmoni buzilaveradimi? Adolat qani bu yerda? Bilamiz, bu maqola chiqqach XTB mudiri gap eshitadi, chunki u ham hokimiyatning buyrug‘ini bajarmoqda, hammasi tepadan bo‘lyapti», - deyiladi murojaatda.

Murojaatda ta'kidlanishicha, tumanda 54ta umumiy o‘rta ta'lim maktabi mavjud. Har bir maktab uchun mazkur qurilishdan 10 metrdan joy ajratilgan. Qaysi maktab qayerda ishlashi raqam bilan belgilab qo‘yilgan. Qurilish anhor bo‘yida joylashgani uchun xavfsizlik choralari ko‘rilmagan. Mazkur qurilishlarga o‘qituvchilar majburan, har xil do‘q-po‘pisalar bilan olib chiqilgan.

«Bu ishlarga hokimiyatdan qandaydir odam kelib jalb qilindi. Bormayman, degandim borasan deyishdi. O‘tgan gal ham paxta chopig‘iga olib chiqishmoqchi bo‘lishgandi, unamaganimiz uchun bormagandik. Bu safar majburan olib borishdi», - deydi tahririyat bilan bog‘langan murojaatchi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu joyda soy bo‘yida «Yashil xiyobon» tashkil etish loyihalashtirilgan. Bu yerda oilaviy sayilgoh uchun mo‘ljallangan xiyobon, bolalar uchun hudud, velosipedlar uchun mo‘ljallangan yo‘lakcha, manzarali daraxtlardan iborat maydon, xiyobonni tomosha qilish uchun mo‘ljallangan maydonlar va piyodalar uchun mo‘ljallangan o‘tish joyi barpo etish rejalashtirilgan. Maqsadlar ulug‘ – hududni obod etish, aholi hordiq chiqarishi uchun ko‘rkam va fayzli maskan bunyod etish. Ammo kimlarning mehnati evaziga?.. Bunday ulkan ishlar rozi-rizolik bilan boshlanishi kerak emasmi aslida?

Murojaat matniga e'tibor qarating. «Tuman XTB mudiri va hokimiyat vakillari bizni nazorat qilishdi». Bu nima degani? Majburan olib chiqilgan, xalqni ziyoli qiladigan, ma'rifatli odamlar ustidan nazorat qilib turish – qaysi qonunga, qaysi aqlga sig‘adi? Nahot tinmay gapirilayotgan majburiy mehnatni yo‘q qilish haqidagi gaplar Kosonsoyga yetib bormagan? Yetib borsa ham odam sha'ni, o‘qituvchi sha'ni yer bilan bitta qilinganmi? Bunga kim javob beradi? Javobni hokimiyat, XTB, direktor berish o‘rniga o‘z haqini talab qilgan o‘qituvchi beradimi?

Bizga taqdim etilgan so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Kosonsoy tumanidagi mazkur «Yashil xiyobon»da beton quyish ishlari yakuniga yetkazilgan. Betonlar qurigan. Demak, o‘qituvchi mehnatidan silliqqina foydalanilib, «ajoyib» hisobot ham tayyorlangandir. Tag‘in kim bilsin...

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning ayrim hududlarida o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari ko‘zga tashlana boshladi va bunga yo‘l qo‘ygan rahbarlar jazolarni olishdi. Masalan, joriy yilning aprel oyida Andijon viloyati Izboskan tumanidagi 7-sonli maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari majburiy mehnatga jalb qilingan bo‘lsa, may oyida Urgut tumanidagi maktablarning o‘qituvchilari maoshlaridan bir oylik harbiy xizmatga chaqirilganlarning kontrakti uchun pul o‘tkazib berish bo‘yicha buyruq olishgan.

Joriy yilning yanvar oyi boshida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi joylashtirilgan edi. Ushbu qonun loyihasining 12-moddasida «O‘qituvchilarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi. O‘qituvchilarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish qonun bilan man etiladi», deb yozib qo‘yilgan.

Ma'lumot o‘rnida: MJtK, 51-modda. Mehnatga ma'muriy tarzda majburlov. Qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, mehnatga biron bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash — eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, «Agar majburiy mehnat holatlariga duch kelsangiz, 71-200-06-00 telefon raqamlari yoki @mehnathuquqbot telegram boti orqali bizlarga xabar bering», deyiladi Davlat mehnat inspeksiyasi xabarida.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid