21:50 / 24.11.2016
6252

Ukrainaliklar insonning ruhiy holatini aniqlovchi bilakuzuk yaratishdi

Foto: SenceBand

Ukrainaning Planexta jamoasi insonning ruhiy holatini uning kardiogrammasi yordamida aniqlovchi bilakuzuk Sence’ni yaratishdi va bu loyihani 638 sarmoyachi qo‘llab-quvvatladi, deb xabar bermoqda Ain.ua.

Jamoa Kickstarter saytida qurilmani ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan 100 ming dollarni pul yig‘ish kampaniyasi tugashiga 7 kun qolgandayoq yig‘a oldi. 

Kompaniya qo‘lga kiritilgan mablag‘ni qurilmani ishlab chiqarishni tashkillashtirish uchun sarflamoqchi. Hozir bu borada Xitoy fabrikalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

"Biz qo‘ldan olingan kardiogrammadan R-cho‘qqilarni o‘qish texnologiyasini rivojlantirib, bir qator tajribalar o‘tkazdik. Bunday ma'lumotlar yurak ritmi variabelligini (o‘zgarishini) tahlil qilish uchun lozim, bu usul tibbiyotda yurak-qon tomirlari kasalliklari xatari, odamning ruhiy-hissiy holatini baholash va kasalliklarni prognoz qilishning ommabop usulidir", deb aytmoqda kompaniya asoschisi Yevgeniy Nayshtetik.  

Uning aytishicha, yurak qisqarishlari orasidagi intervallar vegetativ asab tizimi ishini baholashga va matematik usullardan foydalanib odamning umumiy holatini tahlil qilishga yordam beradi.

Qurilma ixtirochilari Sence’ni "dunyodagi eng aniq fitnes-treker" deb atamoqdalar, chunki u undan foydalanuvchi odam quvonayotgani yoki xafa bo‘layotgani, zo‘riqayotgani yoki o‘zini osoyishta tutayotgani, to‘yib uxlagani yoki uxlay olmaganini ko‘rsata oladi.

Mavzuga oid
Top