Jahon | 17:25 / 01.02.2017
15181
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya maxsus xizmati xodimlari AQSh foydasiga davlatga xiyonatda ayblandi

Foto: EPA

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining ikki nafar xodimi hamda "Laboratorii Kasperskogo" firmasining sobiq menejyeriga nisbatan AQSh foydasiga davlatga xiyonat qilish ayblovi ilgari surildi. Bu haqda ushbu ish bo‘yicha hibsga olingan ayblanuvchilardan birining advokati Interfaksga ma'lum qilgan

"Komanda 29" rahbari Ivan Pavlovning tasdiqlashicha, gap Rossiya FXX Axborot xavfsizligi Markazi rahbari Sergey Mixaylov va uning xodimi Dmitriy Dokuchayev hamda "Laboratorii Kasperskogo" kompaniyasi kompyuter hodisalarini tekshirish bo‘limining sobiq boshlig‘i Ruslan Stoyanov haqida bormoqda.

"Boshqalarini bilmadim-u, mening himoyamdagi aybini tan olmayapti", - degan Pavlov. 

Avvalroq, OAVda 2016 yil dekabr oyida FXXning ikki xodimi va "Laboratorii Kasperskogo" menejyeri davlatga xiyonatda gumon qilinib hibsga olingani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Biroq, bu xabarlar rasman tasdiqlanmagandi.  

30 yanvar kuni jurnalist Vladimir Anikeyevning ushlangani xabar qilindi. U kompyuter ma'lumotlaridan noqonuniy foydalanganlikda gumon qilingan. Interfaks manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Anikeyev Rossiya yuqori lavozimli mulozimlari va taniqli tadbirkorlarining shaxsiy elektron akkauntlarini buzishga aloqador. Shunga ko‘ra, Anikeyev, Mixaylov, Dokuchayev va Stoyanovlarning hibsga olinishi o‘zaro bog‘liqdir. 

Shu bilan birga, Anikeyevning "Anonimnyy internatsional" ("Shaltay-Boltay") xakerlik guruhiga aloqadorligi ham taxmin qilingan.

Mavzuga oid