Jamiyat | 23:42 / 03.06.2017
132991
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 17 yoshli talaba boshqa talabalar tomondan do‘pposlanishi oqibatida olamdan o‘tdi

Bir oycha muqaddam P.F.Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kollejining 1999 yilda tug‘ilgan, 17 yoshli talabasi Jasurbek Ibragimov o‘ziga yetkazilgan jarohatlar va o‘tkazilgan murakkab operatsiyalarga dosh bermasdan 1 iyun kuni olamdan o‘tdi.

Jasurbekning ota-onasi adolat istab, barcha instansiyalarga murojaat qilishmoqda, nihoyat, ular ijtimoiy tarmoq orqali yurtimizdagi barcha ommaviy axborot vositalarining ushbu fojiaga e'tibor qaratishlarini so‘rab, chiqish qilishdi.

Ushbu voqea yuzasidan ichki ishlar organlariga rasman murojaat qildik va rasmiy javob xati olmagan bo‘lsak-da, jabrlanuvchi tomonining ko‘rsatmalariga asosan, voqea tafsilotlarini o‘quvchilarimizga oshkor etishga qaror qildik.

O‘quv dargohidan qaytishda o‘lasi qilib kaltaklangan Jasurbek o‘z uyiga yetib keladi va onasiga qo‘ng‘iroq qiladi. Uning ahvolini ko‘rgan ota-onasi «Tez yordam» mashinasi chaqirib, kasalxonaga eltishadi.

Kasalxonada Jasurbek jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi va keyingi kunlar mobaynida umumiy hisobda besh marta ichki organlarida murakkab operatsiyalarni boshidan kechiradi.

Jasurbekning bosh miyasi chayqalgan, yuz suyaklari singan, o‘n ikki barmoq ichagi uzilgan, butun buyragi shishlar bilan qoplangan, oshqozon osti bezi ezilgan va boshqa organlariga ham jiddiy zarar yetkazilgan ekan, iriy boshlagani uchun qorin sohasi mushaklaridan bir qismi kesib olib tashlanadi.

Alal-oqibatda yetkazilgan jarohatlar hayot bilan mutanosib emasligi oydinlashadi va Jasurbek 1 iyun kuni vafot etadi.

Jasurbekning onasi nomidan e'lon qilingan murojaatga ko‘ra, 3 may kuni o‘g‘lini shu kollejda o‘quvchi 6 nafar bezori talaba do‘pposlaydi. Ulardan 3-bosqich talabasi bo‘lgan ikki nafari tarbiyasi buzuq bolalar ro‘yxatida turishini bildirib o‘tadi. Jasurbek o‘qiydigan kollejdagi boshqa bir talabalarning bildirishicha, bezorilardan biri — I. ismli talaba «ota-onam advokat, har qanaqasiga meni jazodan qutqarib qoladi, bu birinchi marta emas», deb o‘rtoqlariga maqtangan.

Voqea guvohi bo‘lgan talabalarning aytishicha, bezorilar guruhiga a'zo talabalardan biri — U. ismli talaba yo‘lda ketayotgan o‘g‘limning orqasidan bildirmasdan pusib borib, uni qattiq tepib yiqitadi. Qolganlari esa yopirilib kelib, yerda yotgan Jasurbekni oyoqlari bilan ayamasdan tepkilashadi va U. holdan toygan o‘smirni telefoni yordamida videotasvirga tushiradi.

2–3 oy ilgari guruh Borovskiy nomidagi kollejning boshqa bir talabasini ham shu tariqa kaltaklashgan edi, T. ismli bolaning yuzlariga jarohat yetkazishadi, shundan so‘ng uni suratga tushirib, ancha vaqt uning ustidan mazax qilib, kulib yurishadi.

Kollej talabalarining hikoya qilishlaricha, I. va U. kuchsizroq talabalarni doimo kaltaklashgan, ularning ota-onasi pul bilan jabrlanuvchilarning og‘zini yopishadi, shu bilan yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolib ketaveradi. Bu o‘smirlar esa kaltaklash va bu jarayonni tasvirga tushirishdan, shuningdek, hech bir jazoga mubtalo bo‘lishmayotganidan hayvoniy lazzat olishadi.

Jasurbek hali kasalxonadaligida uning onasi bu voqea haqida dekan Mariella Tulenovnadan so‘raganida «hech qanday qo‘rqinchli voqea bo‘lgani yo‘q», deb javob bergan. Agar shunday bo‘lsa, ular tomonidan kaltaklangan o‘zbek guruhi 2-bosqich talabasi T. nega bu haqda gapirishdan qo‘rqadi?

Onaizor ushbu vahshiyona kaltaklash voqeasi 3 may kuni kunduzi soat 12:00 dan 16:00 oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokuraturasi hamda 145-maktab hududiga yondosh hududa sodir bo‘lganini aniqlagan. Kaltaklash jarayoni kuzatuv kameralariga ham tushgan bo‘lishi mumkin. Garajlar oldida stomatologiya klinkasi bor (Istiqbol ko‘chasi, 25-uy). Ushbu klinikada ishlovchi xodimlardan ikki nafari Nigina va Lena ismli shifokorlar ko‘chada oq ko‘ylakli yetti nafar o‘smirni ko‘rganini, ulardan biri qonga belangani, qolgan olti bola Niginaga o‘rtoqlarining o‘zi yiqilib tushganini tushuntirishgani, Nigina va Lena qonga belangan o‘smirga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishganini bildirishgan.

O‘sha kuni uyga yetib borib Jasurbek onasiga qo‘ng‘iroq qilganida ham u o‘rtoqlari urganini aytishga istihola qilib, yiqilib tushganini aytgan. Biroq jarohatlarni fotosuratga tushirib olgan shifokorlar ham uning badanidagi poyabzal izlariga ishora qilib, uni ko‘pchilik bo‘lib kaltaklashganini ta'kidlashgan.

Jasurbekning onasi pedagoglardan o‘g‘lini kaltaklashda ishtirok etgan olti nafar o‘spirinning familiyalarini so‘raganida pedagoglar ularning familiyalarini unga oshkor etishmagan.

Eslatib o‘tamiz, onasining bu murojaati va shikoyati Jasurbek hali hayotligida taqdim etilgan.

Misli ko‘rilmagan, bir norasida farzandning o‘limi bilan yakunlangan og‘ir jinoyat sodir bo‘ldi. Huquq-tartibot organlari, albatta, ushbu voqeaga panja orasidan qaramasdan, voqea aybdorlariga adolatli jazo tayinlashadi, deb umid qilamiz.

Mirobod tuman IIBning Kun.uz'ga bergan ma'lumotiga ko‘ra, mazkur voqea yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Yaqin kunlar ichida mazkur jarayonning yakuniy xulosasi ommaviy axborot vositalari orqali e'lon qilinadi.

Biz ushbu voqea tafsilotlarini kuzatishda davom etamiz.

Mavzuga oid