19:21 / 17.08.2017
192146

Sudyaning noxolisligi yoki davlat telekanalining “shoxi” bormi?

Ushbu mavzuda qog‘oz qoralashga birgina narsa sabab bo‘ldi. U ham bo‘lsa yaqinda tashkil etilgan «O‘zbekiston24» teleradiokanalida “Ahmadboy” ishi bo‘yicha Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida bo‘lib o‘tayotgan jinoiy ishning yoritilishi haqidagi xabar bo‘ldi. 

Ma'lumki, Kun.Uz tahririyati O‘zbekiston va jahonda bo‘layotgan xabarlarni tezkorlik va xolislik bilan o‘quvchilarga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilgan va shu borada faol ish olib bormoqda. 

Toshkent viloyati chinozlik “Ahmadboy” nomi bilan dong taratgan Ahmadjon Tursunboyev va u bilan birga 6 kishidan iborat guruhning O‘zR JKning tegishli moddalari yuzasidan ayblanib, sud ishi bo‘layotgani haqida saytda xabarlar berildi. Ming-minglab o‘zbekistonliklar taqdiri bilan uzviy bog‘liq bu mavzu sayt e'tiboridan chetda qolgani yo‘q. 

“Ahmadboy” seriali davom etadi...Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida navbatdagi sud majlisi

O‘zbekistonning “moliyaviy piramida”sini tashkil etgan Ahmadboy ustidan sud ishi boshlandi

Bundan avval ham “Ahmadboy” ishiga doir qator xabarlar berilgan. 

«Chinozlik Ahmadboy» qo‘lga olinganiga roppa-rosa bir yil bo‘ldi

Manba: Chinoz tumani prokurori "Ahmadboy voqeasi” fonida lavozimidan chetlatildi

Kun.Uz tahririyati mazkur sud jarayonini yoritishda xolislikni ta'minlash, jinoiy faoliyatga nisbatan jazoning muqarrarligini isbotlash maqsadida “Ahmadboy” ishi yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudidagi sud majlislarida qatnashishga qaror qildi hamda sud majlisini yoritishda amaliy yordam so‘rab ushbu sud rahbariyatiga murojaat qildi. 

Kun.Uz so‘rovi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining “Ahmadboy” ishiga raislik qilayotgan sudyasi Dilshod Kamilov tomonidan ko‘rib chiqilib, javob xati yo‘llandi. 

Kamilov tahririyat muxbiri bilan bevosita suhbatda amaliy yordam deganda aynan nima nazarda tutilganiga oydinlik kiritishni so‘ragan, muxbir sud majlisida jurnalistik faoliyatdan kelib chiqib, fotosuratga olishga ruxsat berishni iltimos qilgandi. 

Muxbir Kamilov bilan muloqotida O‘zbekistonda har qanday jinoyatga jazo muqarrarligini isboti sifatida o‘quvchilarga sud majlisidan hech bo‘lmaganda fotosuratlar taqdim etish zarurligini ta'kidlagandi. 

Ammo, sudya Kamilov muxbir bilan o‘zaro muloqot jarayonida uni to‘g‘ri tushunishni iltimos qilgan bo‘lsa, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining rasmiy javobida bu imkoniyatga ruxsat berilmasligi O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 15 yanvardagi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni 6-moddasiga muvofiq ekani qayd etilgan. 

Shu o‘rinda 2017 yil 9 avgustdagi sud majlisidan so‘ng, ayblanuvchilarning advokatlari o‘zaro suhbat chog‘ida jurnalistlar va televideniye kelmasa yaxshi bo‘lishini ta'kidlashgani Kun.Uz muxbirining qulog‘iga chalinganini ma'lumot o‘rnida keltirib o‘tish joiz. 

17 avgustda, kutilmaganda «O‘zbekiston24» teleradiokanali saytida «chinozlik Ahmadboy»ning sud jarayonlaridan maxsus reportaj tayyorlanishi haqida xabar paydo bo‘ldi. 

Bu, to‘g‘risini aytganda, Kun.Uz tahririyatida qorong‘u kechada chaqqan chaqmoqdek aks-sado berdi. Nima asosda, qanday qilib, degan javobsiz savollar sud jarayonini yoritish uchun 9 avgust kuni ertalabdan sudya Kamilov javobini, ruxsatini bir necha soat kutgan muxbirda ham paydo bo‘ldi. 

Axir, sudya Dilshod Kamilov Kun.Uz tahririyatiga yo‘llagan javob maktubida har qanday ayblanuvchi sud tomonidan aybdor deb topilmaguncha uni aybdor sifatida ko‘rsatish mumkin emasligini ta'kidlagan emasmi? Qolaversa, aynan Kamilov o‘zaro muloqotda fotosuratga olinsa sudlanuvchilarning qadr-qimmati, obro‘si, g‘ururi poymol etilishi mumkinligini ta'kidlagan edi-ku. 

Nimasi poymol etiladi, axir firibgarlik qilib, qanchadan qancha sodda odamlarning molini o‘zlashtirganiga bir yil avval iqror bo‘lib, yeb yuborgan pullarini qaytara olmasligini tan olgandi. 

Muxbirning, soddaligi sababli oxirgi pullaridan ayrilganlar qadr-qimmati-chi, degan savoliga Kamilov, “meni to‘g‘ri tushuning, ruxsat berolmayman, mayli kirib o‘tiring, yozib olishingiz mumkin, lekin ovoz yozishga, suratga olishga izn berolmayman, bu gaplar oramizda qolsin”, degan gaplarini qanday tushunish, izohlash mumkin? 

Endi esa, telekanal saytida rasmiy anons berilib, videolavhasi ham namoyish etilmoqda, reportajlar qilinishi haqida xabar berilmoqda.

Demak, aslida sud jarayonidan foto va videolavhalar tayyorlash mumkin ekan-da?!. Ammo, nazarimizda, sudya “qayoqdagi” saytlarga ruxsat bermasa ham bo‘ladi, degan fikrda, qarashda. Televideniye so‘rovini, iltimosini esa rad etib bo‘lmaydi. 

Qolgan jurnalistlar, boshqa tahririyatlarning faoliyati, sa'y-harakatlari Kamilovning e'tiboriga loyiq emas, shekilli. Aslida adolat posboni hisoblanuvchi mulozim turli formatdagi OAV vakili o‘rtasida ham xolislikni ta'minlashi kerak emasmi? Yoki, «O‘zbekiston24» telekanali jamoasiga o‘z hurmatimni qayd etgan holda, internet jurnalistikasi va televideniye sohasida faoliyat yurituvchi turli OAVga nisbatan turlicha qaror qabul qilish, yozilmagan diskriminatsiyaga yo‘l qo‘yishga milliy qonunchiligimizda ruxsat berilganmi? 

Bu savol va iddaolarni yana davom ettirsa bo‘ladi. Biroq, tushunganga ishora ham kifoya qiladi...

So‘ngso‘z o‘rnida: O‘zbekistonda demokratik jamiyat barpo etish shartlaridan biri bo‘lgan xolis va mustaqil jurnalistika rivojlanmas ekan, toki har qanday OAV, xoh katta yoki kichik bo‘lishiga qaramay, turli davlat idoralari va mulozimlarining past nazari, mensimay qarashiga, OAV o‘rtasidagi sog‘lom raqobatga yo‘l ochib berish o‘rniga sun'iy to‘siqlar qo‘yilishiga barham berilmas ekan, oldimizga qo‘yilgan yuksak marralarni zabt etishimiz dargumon. 

Kun.Uz fotomuxbirining Oqsaroyga Islom Karimov haykali o‘rnatilishi jarayonini suratga olishda boshidan kechirgan sarguzashtlari esa, keyingi maqolamiz mavzusi. 

Tolib Rahmatov
Kun.Uz  muxbiri

Top