Jahon | 18:00 / 28.09.2017
49469
13 daqiqa o‘qiladi

Kurdlar mustaqillikka «ha» dedi. Endi Yaqin Sharqda tinchlik «yo‘q»mi?

25 sentabr kuni Iroq shimolida kurdlar mustaqilligi uchun referendum o‘tkazildi. Saylovda qatnashganlarning 90 foizdan ortig‘i Kurdiston Bag‘doddan mustaqil bo‘lishi uchun ovoz berdi. Referendumning yakuniy natijalari bugun, 28 sentabr kuni e'lon qilinishi kutilmoqda.

AQSh, Buyuk Britaniya va Yaqin Sharqda IShID jangarilari bilan kurash olib borayotgan xalqaro koalitsiya kurdlardan referendumni yana 2 yilga ortga surishni so‘ragandi. Ammo Iroq Kurdistoni rahbari Masud Barzoniy endi juda kech bo‘lganini ma'lum qildi.

Bu hodisalardan keyin Yaqin Sharqda beqarorlikning yangi to‘lqini boshlanishi mumkin.

Iroq Kurdistoni mustaqil davlatga aylanadimi?
Iroq kurdlari XX asr boshida Usmoniylar imperiyasi qulagach, mustaqil davlat bo‘la olmadi. Birinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra, tarixan kurdlar istiqomat qilib kelgan hududlar 4 davlat: Turkiya, Eron, Iroq va Suriya o‘rtasida bo‘lib olindi. Lekin kurdlar bu davlatlar ichida birikkan holda yashadi va etnik ko‘pchilikni tashkil qila olishdi. Kurd millatparvarlari etnik ko‘pchilikni tashkil qilgan millat alohida davlat tuzishi kerak, deb hisoblamoqda.

Hozircha mustaqillik referendumi faqat Iroq Kurdistonida, Iroqning muxtor hududidagi kurdlar tomonidan o‘tkazildi. Hozircha gap boshqa davlatlardagi kurdlar bilan birlashib alohida davlat tuzish haqida ketmayapti.

Fotoreportaj. Iroq Kurdistonida mustaqillik referendumi

Mustaqillik referendumi g‘oyasi qachon paydo bo‘lgandi?

Foto: AFP

Iroqda kurdlarning muxtor tumani o‘tgan asrning 70-yillarida paydo bo‘lgan. 1970 yil martida kurd muxoliflari va Iroq hukumati o‘rtasida sulh tuziladi. Ammo kelishuv amalga oshmaydi, 1974 yilda Iroq shimolida kurdlar va arablar o‘rtasida yana qonli to‘qnashuvlar boshlanib ketadi. Bundan tashqari, o‘tgan asrning 80-yillarida Eron va Iroq urushi bo‘lib o‘tib, Iroq Kurdistonida tabiiy resurslar hamda aholi yanada qisqaradi. 

Saddam Husayn davrida kurdlar yashaydigan hududlarda arablashtirish siyosati olib boriladi, yuz minglab kurdlar o‘ldiriladi. 

O‘tgan asrning 90-yillari boshida Fors ko‘rfazi urushiga tayyorlanayotgan amerikaliklar Iroq Kurdistonidan platsdarm sifatida foydalanishni maqsad qiladi. Shu bilan birgalikda AQSh tobora taraqqiy etayotgan Turkiya va Iroq jilovini tutib turishni istaydi.

1991 yili Saddam Husaynga qarshi Iroq shimolida kurdlar, janubda shialar isyon ko‘taradi. Kurdlarning harbiy bo‘linmalaridan iborat Peshmerga iroqlik harbiylarni shimoldan surib chiqaradi. Kurdlar amerikalik harbiylar bilan birga janglarni davom ettirishadi va 1991 yil oktabrida Iroq armiyasi Kurdistonni butunlay tashlab chiqadi. Natijada hududni kurdlar mustaqil boshqarishga o‘tadi.

Shu yili BMT Xavfsizlik kengashi Iroq shimolidagi kurd tumanlarini xavfsizlik zonasi deb e'lon qilib, kurdlarni amalda Bag‘dod ta'siridan ozod qiladi. 

2003 yilda esa amerikalik harbiylar Saddam Husayn tuzumini ag‘darishadi. Shundan so‘ng, 2005 yilgi yangi konstitutsiyaga ko‘ra Iroq Kurdistoni de-yure Bag‘dod nazoratiga qaytadi (to‘la mustaqillik e'lon qilish uchun kurdlarga siyosiy va moliyaviy vositalar yetishmasdi).

Yangi konstitutsiyaga ko‘ra, arab tili bilan birga sorani tili ham rasmiy til etib belgilanadi.

Iroq Kurdistoni o‘z demokratik parlamentiga (Hududiy Assambleya) ega bo‘ladi. Unda 111 mandat mavjud, ayni vaqtda Iroq Kurdistoni prezidenti Masud Barzoniy. U 2005 yilda birinchi marta saylangan, 2009 yilda qayta saylanadi.

Foto: Reuters

Muxtoriyat tarkibidagi Doxuk, Xavler, Sulaymoniy va Xalabja viloyatlarining umumiy hududi 40 ming kv km. Bu hudud aholisi 5 milliondan ortiqroq.

Keyinroq kurdlarda yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Ular neft narxi yuqorilashganidan foydalanib, o‘z boshqaruvlarini mustahkamlay boshlaydi. 

Kurdlar nafaqat muxtoriyat tarkibida avvaldan bo‘lib kelgan 4 viloyatni, balki Iroq nazoratida qolgan, ammo kurdlar yashaydigan yoki tarixan kurdlarniki bo‘lgan hududlarni ham olishni istaydi. Keyingi o‘n yil davomida, 2014 yilgacha Arbil va Bag‘dod bu masala bo‘yicha bahslashadi.

Oldindan mavjud kelishuvga ko‘ra, kurdlar har kuni Bag‘dodga 250 ming barrel neft yetkazib berar, buning evaziga markaziy hukumat byudjyetning 17 foizini ularga ajratardi. Lekin neft narxi tusha boshlagach, tomonlar o‘rtasida ziddiyat chiqa boshladi, rasmiy Bag‘dod ko‘proq neft yetkazib berishni talab qildi, talab rad etildi, bunga javoban kurdlarni moliyalashtirish qisqartirildi, hududda iqtisodiy vaziyat izdan chiqdi.

Referendum nima uchun o‘tkazildi?

Foto: Reuters

2014 yilda IShIDning harbiy kampaniyasi boshlandi, jangarilar Iroqning katta hududini bosib oldi, markaziy hukumat sezilarli darajada zaiflashdi, Kurdiston hududida qochqinlar ko‘paydi. Iroq Kurdistoni prezidenti Masud Barzoniy qaror qildi: kurd xalqi mustaqillikka erishishi kerak.

Kurdiston hukumati joylashgan Arbilda Bag‘dodni kurdlarni kamsitishda ayblay boshlashdi. Ular kurd davlati tuzilishi Yaqin Sharqda barqarorlikni ta'minlovchi omil bo‘lishini iddao qila boshlashdi.

Referendumda chigallik. Bahsli hududlar masalasi
25 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan referendumda 4 tildagi (sorani, arab, ossuriy, turkman) saylov byulletenida ovoz beruvchiga shunday savol qo‘yilgan edi: «Kurd mintaqasi va mintaqa ma'muriyati nazoratida bo‘lmagan kurd zonalari mustaqil davlat bo‘lishiga rozimisiz?».

5 milliondan ortiq saylovchi qatorida - arablar, turkmanlar, yazidlar, xristian-ossuriyaliklar va xaldeylar ham Kurdiston mustaqilligi uchun ovoz berishi mumkin edi.

Referendumda 5 millionga yaqin saylovchining 3,3 millioni qatnashdi (davomat 72 foiz). Ularning 92,73 foizi (2,8 million saylovchi) mustaqillikni yoqlab ovoz berdi, 7,2 foizi (224 ming kishi) qarshi ovoz berdi.

Referendumdagi bahsli jihatlardan biri: maqomi aniq bo‘lmagan hududlarda o‘tkazilgani.

Masalan neftga boy Kirkuk. Bu hududda kurdlar yashasada Iroq Kurdistoni hududida emasdi. 2014 yilda IShID jangarilari hujum qilganida iroqlik harbiylar u yerdan qochib ketishdi. Ammo keyinroq kurdlarning harbiy bo‘linmalari - peshmerga IShIDdan ustun kelib, hududda nazorat o‘rnatdi. Endi jangarilar xavfi yo‘q vaqtda xalqaro kuzatuvchilar kurdlar va rasmiy Bag‘dod o‘rtasida urush kelib chiqishidan xavfsiramoqda.

Iroq hukumati referendum o‘tkazilishiga qarshi edi
«Yakunlarni muhokama qilmaymiz, umuman referendum haqida muloqot qilmoqchi emasmiz, chunki bu referendum o‘tkazilishi konstitutsiyaga to‘g‘ri kelmasdi», — dedi Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy. U hatto vaziyatni hal qilish uchun qo‘shin kiritish ehtimolini istisno etmadi.

Ammo u bir yil oldin, IShID bilan urush vaqtida boshqacha gapirgan. Obodiy 2016 yil yozida referendum — xalqning huquqi ekani, Iroq va Kurdiston yaxshi qo‘shnilar sifatida yashashi mumkinligini gapirgan. To‘g‘ri, o‘shanda mustaqil Kurdiston tarkibida «bahsli hududlar», jumladan Kirkuk viloyati bo‘lishi nazarda tutilmagandi.

14 sentabr kuni parlament Kirkuk gubernatorini kurd bo‘lgani uchun chetlatdi. Ushbu amaldor referendumning faol tarafdorlaridan biri bo‘lgandi.

Bu referendumga yana kimlar qarshi
Jahon hamjamiyati referendumga salbiy munosabatda. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bu referendum baribir o‘tkazilganidan afsus bildirdi. U Iroq Kurdistoni rahbariyati rasmiy Bag‘dod roziligini olmagan holda, xalqaro hamjamiyat noroziligiga sabab bo‘lgan referendum o‘tkazgani haqida gapirdi.

Qo‘shni davlatlar qanday fikrda?
Turkiya va Eron bu g‘oyaga boshdan qarshi edi. Anqara bu referendumni «tarixiy xato» deb atadi, Eron «xavfli qadam» deb baholadi. 

Holbuki Eron ham, Turkiya ham Iroq Kurdistonida iqtisodiy manfaatlarga ega. Erondan neft mahsulotlari Iroq Kurdistoni hududi orqali olib o‘tiladi va Turkiyaning Jyeyhan porti orqali xalqaro bozorga chiqariladi.

Lekin bu davlatlarning hududlarida Iroqdagi kurdlardan ko‘proq kurdlar yashaydi.

Turkiya Arbilga neft tranzitini to‘xtatish bilan tahdid qildi. Turkiyada 20 million kurd istiqomat qiladi, mamlakatda fuqarolar urushi nafasi kezib yuradi. Kurdlarning Kurdiston Ishchi partiyasi terrorchi tashkilot deb e'lon qilingan. Rasmiy Anqara iroqlik kurdlarning tashabbusi mamlakat ichkarisidagi kurdlarni ham ilhomlantirishidan tashvishda.

Eron ham Iroqdagi referendumga qarshi asosiy kuchlardan biri. Bu Islom Respublikasi hududida ham juda ko‘p kurdlar yashaydi va rasmiy Tehron bu referendum natijalari mintaqada navbatdagi beqarorlikni keltirib chiqaradi, degan fikrda. Referendum arafasida Eron Iroq iltimosiga ko‘ra Iroq Kurdistoni bilan aviaqatnovlarni to‘xtatdi.

Suriya hukumati bu voqealarga munosabat bildirgulik ahvolda emas. Lekin Damashq mintaqadagi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda Iroq hududi yaxlitligi tarafdori bo‘lishi aniq.

Qo‘shni davlatlardagi kurdlar qanday fikrda?
IShID bilan janglar olib borayotgan Suriya kurdlari barcha kurdlar Suriya shimolida Rojava davlati bayrog‘i ostida birlashishini istashadi. Ammo shu bilan bir vaqtda ular iroqlik kurdlarning irodasini hurmat qilishlarini bildirishgan.

Turkiyadagi kurdlar mustaqillik g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashgan, lekin ba'zi partiyalar bu referendumga jiddiy qarashmayapti.

Xususan, Kurdiston Ishchilar partiyasi bu referendumni Barzoniyni qudratda saqlab qolish uchun qilingan targ‘ibot amaliyotiga tenglashtirgan. KIP kurdlar buning o‘rniga «demokratik avtonomiya»ga ega bo‘lish uchun harakat qilishi kerakligini aytadi.

Erondagi kurdlarning aksar qismi Iroqdagi referendumga xayrixohlik bildirishdi. Bu esa eronlik kurdlarda ham alohida ajralib chiqish niyati borligini ko‘rsatadi.

AQSh. Kurdlarni hamisha qo‘llab-quvvatlab kelgan, ularga IShIDga qarshi janglarda yordam ko‘rsatgan Qo‘shma Shtatlar ham kurd xalqining irodasiga qarshi chiqdi. AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Xizer Noyyert rasmiy Vashington Arbildagilarning qaroridan xavotirda ekanini bildirdi. AQSh hukumatidagilarning fikricha, bu bevaqt tashabbus bo‘lib, referendum tufayli Iroqning hozirgi hukumati kuchsizlanadi va Obodiy qayta saylana olmasligi tufayli Iroqning yaxlitligi saqlanib qolishi qiyinlashadi.

Rossiya. Iroq kurdlarining eng qalin ittifoqchisi bo‘lgan bu davlat ham Iroqning parchalanishi xavfi mavjudligini tushunib turibdi, ammo rasmiy Moskva kurd referendumini ochiqcha qoralamadi. Rossiya Iroq Kurdistoniga kiritilgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi va Bag‘dodni chetlab o‘tgan holda Arbil bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish bu davlat manfaatlariga mos keladi. Shu bilan birgalikda Rossiya ko‘plab energetika kompaniyalari faoliyat olib borayotgan Iroq bilan nizolashishni istamaydi. Shu tufayli ruslar Arbil va Bag‘dod muzokaralar orqali vaziyatga oydinlik kiritishi kerak, degan pozitsiyada.

Mintaqaning taqdiri qo‘shni davlatlarning yakuniy qaroriga bog‘liq

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an referendumni konstitutsiyaga zid deb atadi.

«Iroq konstitutsiyasi nuqtai nazaridan, bu ovoz berish yuridik kuchga ega emas. Isroildan tashqari biror bir xalqaro tashkilot bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi», — dedi u.

Kurdlar mustaqil bo‘lish uchun ovoz berdi. Turkiya harbiy amaliyot o‘tkazadimi?

27 sentabr kuni esa Iroq parlamenti deputatlari Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiyga Kirkukka qo‘shin kiritish huquqini berdi. Armiya barcha bahsli hududlarda 2014 yil 10 iyuldagi holatga mos ravishda joylashishi ko‘zda tutilgan.

Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti professori Devid Pollokning fikr bildirishicha, «xalqaro kuzatuvchilarda tanlov huquqi ham bo‘lmadi: faqat barchasi yaxshilik bilan tugashidan umid qilish qolgan.

«Kurd amaldorlaridan biri aytganidek «Donishmandlik g‘alabasidan umid qilamiz», degan u.

Referendum kuniyoq Turkiya va Iroq harbiylari chegara hududida mashg‘ulot o‘tkazishga kirishgan. Hamma bu faqat mashg‘ulotligicha qolishidan umid qilmoqda.

Aziz Qarshiyev

Mavzuga oid