O‘zbekiston | 17:45 / 08.10.2019
16353
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2020 yilda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olishi mumkin

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi masalasi kelasi yil hal qilinishi mumkin. Bu haqda senatorlarning Toshkentga tashrifidan so‘ng Rossiya Federatsiyalar kengashining Xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farit Muxametshin xabar berdi, deb yozmoqda Interfax.

«Suhbatlardan tushunishimizcha, yakuniy tarzda, katta ehtimol bilan, kelasi yili O‘zbekiston Yevrosiyo ittifoqining birinchi bosqichida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi borasidagi masala hal etilishi mumkin», - dedi Muxametshin dushanba kuni qo‘mita yig‘ilishida senatorlarning 1-3 oktabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirilgan tashrifi haqida gapirib.

Bundan oldin, Rossiya Federatsiyasi Federatsiyalar kengashi raisi Valentina Matviyenko O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida ma'lum qilgandi.

«O‘zbekiston prezidenti bir qarorga kelgan va O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy kengashiga qo‘shilishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda», – dedi Matviyenko Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashuv chog‘ida.

Matviyenkoning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonning YeOII a'zosiga aylanishi Rossiya bilan aloqalar rivojiga yangi turtki beradi va bu orqali hozirda mavjud ba'zi to‘siqlarning bartaraf etilishiga erishiladi.

«Prezidentlarimiz ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishib olishgan. Rossiya tomonidan bu ishchi guruhga Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Siluanov boshchilik qilyapti. Guruh ehtimoliy shartlar, risklar va salbiy oqibatlarning oldini olish tahlili yuzasidan juda tig‘iz va yaxshi tempda ish olib boryapti. Tahlil ishlari yil oxiriga qadar yakunlanishi kerak», – deya Matviyenkoning so‘zlarini keltirgan TASS.

Uning so‘zlariga ko‘ra, YeOIIning barcha a'zo davlatlari bu kabi tahliliy baholash ishlarini olib borishyapti, chunki tashkilotga yangi a'zoni qabul qilish masalasidagi qaror birgalikda qabul qilinadi.

«O‘zbekiston prezidenti iqtisodiy integratsion birlashmalarda ishtirok etish – bugungi kunning real voqeligi ekanini tushunadi. U haq, yakuniy qaror qabul qilishdan oldin a'zo bo‘lish shartlari yuzasidan juda jiddiy tahlil o‘tkazish, bu iqtisodiyotga ziyon yetkazmaydimi, ish o‘rinlari soniga ta'sir qilmaydimi kabi shu va boshqa savollarga javob topish zarur», – deb qayd etdi Valentina Matviyenko.

O‘zbekiston tomoni hozircha YeOIIga a'zolik masalasi ko‘rib chiqilayotgani bo‘yicha ma'lumot berganicha yo‘q. Ammo, prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil iyun oyida Senatning 20-yalpi majlisida senatorlarga murojaat qilib, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo bo‘lish yoki bo‘lmaslikdan kelib chiqadigan foyda-zararlar haqida gapirgan edi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi 2015 yilda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston va Belarus a'zoligida tashkil etilgan. Tashkilotga a'zo davlatlar iqtisodiy masalalarda o‘zaro kelishgan holda qarorlar qabul qilish, o‘zaro tovar va xizmatlarni ayirboshlash, mehnat kuchi va kapital almashinuvi bo‘yicha cheklovlarni minimallashtirishga kelishib olishgan.

Mavzuga oid