O‘zbekiston | 18:31 / 05.08.2021
13775
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etilib, unga 20 mlrd so‘m ajratildi

O‘zbekistonda Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etildi. 4 avgustdagi qarorga muvofiq, uyushmani tashkil etishga 20 mlrd so‘m ajratiladi.

Hujjatga asosan, 2021–2024 yillarda yillik eksport tushumida gul eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni va 100 ming AQSh dollaridan ko‘pni tashkil qiladigan tadbirkorlik sub’yektlarining xomashyo (gul ko‘chatlari, urug‘lari, piyozlari va payvandtaglari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.

Andijon, Jizzax va Namangan viloyatlarida maydoni 2 sotix bo‘lgan 25 ta “Gulchilik o‘quv poligonlari” tashkil etiladi. Buning uchun 0,5 gektar yer maydoni tashabbuskor tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda) yoki ochiq elektron tanlov (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda) orqali ijaraga beriladi.

2023 yil 1 yanvarga qadar bir qator o‘simliklar (TIF TN kodi 0601 va 0602) importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadi.

20 milliard so‘m qaysi manbadan?

Gul yetishtiruvchilar uyushmasini tuzish uchun 20 mlrd so‘m Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari jamg‘armasidan ajratiladi. Bu jamg‘arma Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi qoshida tuzilgan.

Jamg‘arma daromadlari quyidagilardan iborat:

– davlat budjetidan ajratiladigan TIF TN kodi 07 va 08 bo‘lgan tovar guruhlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishdan tushgan bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) summasining 10 foiziga teng ajratmalar,

– Davaktiv qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markazi” DUKning ochiq savdolarida sotilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning boshlang‘ich bahosidan oshgan summaning 50 foizi;

– xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlarining kreditlari (qarz mablag‘lari) va grantlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

Hozirgi sharoitda gulchilik muhimmi?

Arzimasdek tuyulsa-da, biroq pandemiya hamon davom etayotgan, oziq-ovqat narxlari borasida xavotirlar sezilayotgan, soliq to‘lovchilar yelkasida vaksinatsiya xarajatlari ham turgan hozirgi sharoitda gulchilikka 20 mlrd so‘m ajratilishi maqsadga muvofiqligi borasida soliq to‘lovchilarda savol tug‘ilishi tabiiy.

Birgina oziq-ovqat narxlariga qarasak. Kun.uz tahlillariga ko‘ra, o‘tgan yil bilan taqqoslaganda, suyakli mol go‘shti 17,4 foizga, kungaboqar yog‘i 60,5 foizga, paxta yog‘i esa 61,2 foizga, shakar narxi 33,1 foizga qimmatlashgan.

Markaziy bank hukumatni ogohlantirib, kelgusi oylarda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning o‘zgarishi dori-darmonlar, tibbiy xizmatlar va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari keskin oshishiga olib kelishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Koronavirusga qarshi kurashish va uning ortidan kelgan muammolar ko‘ndalang turganda gulchilikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash g‘alati ko‘rinadi.

Hokimning gulchi qizi. Yopiq qozon yopiqligicha qolib ketdi

Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tuzilganiga munosabat bildirarkan, iqtisodchi Otabek Bakirov Jizzax viloyati hokimining qiziga tegishli kompaniya Jizzax shahriga gullar ekish bo‘yicha davlat buyurtmasini yutganini esga oldi.

Viloyat hokimi Ergash Soliyevning qizi Nargiza Soliyeva egalik qiladigan “My Flower” MChJ 2020 yil davomida jami qiymati 4 mlrd so‘mga yaqin 3ta davlat buyurtmasini qo‘lga kiritgan edi [1, 2].

Jamoatchilik bundan xabar topgach, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli bor holatni o‘rgana boshlagandi.

8 oydan ko‘proq vaqt o‘tdiki, o‘rganishlar natijasi haqida ma’lumot berilmadi.

Agentlik rasmiysi matbuot anjumanida Kun.uz savoliga javoban, to‘plangan hujjatlar prokuraturaga oshirilganini ma’lum qilgandi.

“Aynan Jizzax bo‘yicha o‘rganishlar qilib, materiallarni Bosh prokuraturaga berganmiz”, – degandi KQKA boshqarma boshlig‘i Zuhriddin Qodirov.

Madina Ochilova

Mavzuga oid