O‘zbekiston | 10:31 / 10.02.2022
84110
6 daqiqa o‘qiladi

«Kerak bo‘lsa yig‘laysizlar» - Marhamatdagi uzrbozlik majlisi qanday o‘tkazilgan?

Uzr so‘rash voqeasida ishtirok etgan o‘qituvchilar, ota-onalar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda hammasi qanday sodir bo‘lgani haqida batafsil so‘zlab berishdi. Tadbirda 300 nafardan ortiq ota-onalardan tashqari tumandagi boshqa ta’lim muassasalaridan vakillar ham bo‘lgan.

4 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 72-IDUM (ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi)da 300 nafardan ortiq ota-onadan tashqari tumandagi boshqa ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Boshqa maktablar vakillariga uzr so‘rash majlisi namuna sifatida ko‘rsatilib, ularning maktablarida ham shunday tadbirlar o‘tkazilishi aytilgan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, bunday yig‘ilishlar o‘tkazilishi bo‘yicha topshiriqni tuman hokimi bergan. Topshiriq ijrosini ta’minlash hokimning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtorjon Qurbonov va tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Aliyaxon Abduvohidova zimmasiga yuklatilgan. Ustozlarning ta’kidlashicha, ular qarshilik qilishiga qaramasdan so‘zga chiqish va ota-onalardan uzr so‘rash qat’iyan talab qilingan.

«Kerak bo‘lsa ko‘zyosh to‘kishimiz haqida ham aytishdi. Ayrim ustozlar chidab tura olmadi. O‘ttiz yildan buyon o‘quvchilarga ta’lim berayotgan ustozlar ham tik turishga majburlandi. Hammasi ssenariy bo‘yicha bo‘ldi. Qaysi so‘zni aytishimiz, qachon sahnaga chiqishimiz - hammasi oldindan rejalashtirilgan edi», – deydi tadbirda ishtirok etgan o‘qituvchilardan biri.

Avvaliga alohida ssenariy asosida tayyorgarlik ko‘rilgan tadbirni bir kun oldin, 3 fevral kuni repetitsiya qilish ham kelishib olingan. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra tayyorgarlik ko‘rish, so‘zga chiqqanlarning ma’ruzalarini tinglash 4 fevral kuni ertalab amalga oshirilgan.

Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari Muxtorjon Qurbonov

Marhamat tumani hokimi Bobur Yo‘ldoshev ishtirok etishi ko‘zda tutilgan yig‘ilishni uning o‘rinbosari va tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirasi avvaldan tayyorlangan ssenariy asosida tashkil etishgan.

Maktab direktori Muqaddamxon Hasanovaning ta’kidlashicha, u dastlab bu majlisga qarshi chiqqan. Biroq tuman hokimi o‘rinbosarining iltimosiga binoan o‘tkazishga rozi bo‘lgan.

Maktab direktori Muqaddamxon Hasanova

U majlisda maktabdagi so‘nggi uch yillik faoliyat bo‘yicha hisobot bergan. Hisobotning tanqidiy qismi boshlangan paytda maktab o‘qituvchilari zalga olib kirilgan va qator qilib turishlari aytilgan. Direktor ma’ruzasidan so‘ng, oldindan tayyorlangan o‘qituvchilar o‘z fanini yaxshi o‘qita olmayotgani uchun uzr so‘rashgan.

Biroq tadbir davomida o‘qituvchilarning boshini egib turishini hazm qila olmagan ota-onalar va o‘qituvchilarning o‘zlaridan e’tirozlar bo‘lgan.

«Ustozni bunaqa qilish kerak emas. Men o‘sha kuni chidab tura olmadim. Chiqib bu ishlari noto‘g‘ri ekanini aytdim. Aslida ular emas, biz tik turishimiz, ustozlar esa o‘tirib bizni tomosha qilishlari kerakligini ta’kidladim. Besh qo‘l barobar emas ekan-da», – deya ta’kidladi ota-onalar vakili Hikmatulla Ataxanov.

Tadbir ikki soatdan ortiq davom etgan. O‘qituvchilar esa 1 soat davomida tik oyoqda bosh egib turishga majbur bo‘lishgan.

«Bir hamkasbimiz olti oy oyog‘i gipsda yurib, yaqinda ishga chiqqan edi. Uni ham tik turg‘izib qo‘yishdi. Yiqilib tushay dedi. Juda ko‘p o‘qituvchilar o‘sha yig‘ilishdan keyin shu kasbni tanlaganidan afsuslanganini aytishdi», – deydi shu maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi, yig‘ilishda ota-onalar vakili sifatida qatnashgan Ominaxon Xolmirzayeva.  

Tuman hokimi Bobur Yo‘ldoshev va uning o‘rinbosari esa uzr so‘rash bo‘yicha topshiriq bo‘lmaganini aytib, bu tadbirdan ko‘zlangan maqsad ustozlar va ota-onalar hamkorligini kuchaytirish ekaniga urg‘u berishdan nariga o‘tishmadi.

Marhamat tumani hokimi Bobur Yo‘ldoshev

Tuman hokimi bu kabi yig‘ilishlar yana davom etishini ta’kidladi.

«Bu topshiriqni men berganman. Lekin uzr so‘ratish bo‘yicha emas. U yerda uzr so‘ratilmagan. Tumandagi 45ta maktab direktoriga so‘nggi uch yillikda muassasasidagi yutuq va kamchiliklar xususida murojaat qilishi aytilgan. Ta’limni o‘qituvchi, tarbiyani ota-ona berishi haqida tushuntirish maqsad bo‘lgan», – deya izoh bergan tuman hokimi.

U o‘qituvchilar tomonidan aytilgan barcha iddaolarni rad qildi.

Shu tariqa, hozircha o‘qituvchilar nega uzr so‘ragani noma’lum bo‘lib qolmoqda. Keng muhokamalarga sabab bo‘lgan ushbu majlis ortidan kim aybdor bo‘ladi-yu, kim suvdan quruq chiqadi? Kuzatamiz.

Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Azizbek Ismoilov

Qayd etish kerakki, 8 fevral kuni Kun.uz saytida ushbu holat haqida xabar berilib, katta shov-shuv ko‘tarilishi ortidan Andijon viloyati XTB boshlig‘i Azizbek Mirkamilov maktablarda o‘qituvchilar uzr so‘ratilgan yig‘ilishni o‘tkazish tashabbusi Marhamat tumani hokimi Bobur Yo‘ldoshevning shaxsan tashabbusi ekanini ma’lum qilib, undan bu borada izoh berishini talab qilgandi.

Shundan keyin Bobur Yo‘ldoshev videomurojaat bilan chiqib, «o‘qituvchilar va ota-onalar hamkorligida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi holatlar o‘qituvchilarning ruhiyatiga ta’sir qilgan bo‘lsa», tuman hokimi sifatida barcha ustoz-murabbiylardan uzr so‘rashini bildirgandi. U o‘sha murojaatida o‘qituvchilardan uzr so‘ratish bo‘yicha topshiriq bermaganini aytmagandi.

Mavzuga oid