O‘zbekiston | 13:25 / 17.02.2022
33090
4 daqiqa o‘qiladi

Ortiqxo‘jayev muxbirga: «Kun.uz MChJmi yoki davlat tashkiloti? Bilasizmi bir kunda nechta MChJ yopilib, nechtasi ochiladi?» 

Toshkent shahar hokimi Kun.uz muxbiri Ilyos Safarov bilan suhbatda sayt va jurnalistlardan ko‘ra shahar aholisi istaklari ustun ekanini aytib, minglab tashkilotlar ochilib, yopilib ketishini eslatdi. Shuningdek, bloger Nikita Makarenko bilan bahslashdi.

Foto: Kun.uz

13-14 fevral kunlari Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi monumental san’at yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan kosmonavt Vladimir Jonibekov byusti atrofidagi granit plitalari ko‘chirib tashlangandi. Keyinroq Toshkent shahar Madaniy meros agentligi voqea bo‘yicha munosabat bildirib, hududning demontaj ishlari ruxsatsiz boshlanganini ma’lum qildi.

15 fevral kuni Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish maqsadida majmua hududida bo‘ldi.

O‘rganish davomida hududga kelgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev sayt muxbiriga intervyusida o‘zi uchun OAV, xususan, Gazeta.uz va Kun.uz’dan ko‘ra, mahalliy aholining hurmati qadrli ekani haqida gapirgan.

«10 kun sabr qilinglar. Hozir aylantirib nima qilasiz? Jurnalissiz, bilaman... Agar hozir hayp qilmoqchi bo‘lsangiz, yuring, men sizga ko‘p hayplar... Agar mening ustimdan yozmoqchi bo‘lsangiz yoki boshqa ish qilmoqchi bo‘lsangiz, yuring, men sizga ko‘p narsalarni ko‘rsatib beraman.

Hozir bularni olyapsiz-u, bitgandan keyin ham kelib olasiz. Agar yomon bo‘lsa, Ortiqxo‘jayev buzibdi buni deb aytasiz. Yaxshi bo‘lsa, yaxshi qilibdi, baraka topsin deb aytasiz.

Prezidentimizning topshiriqlarini bajaribdi, insonlar bilan gaplashibdi, aholi rozi bo‘libdi, degan gapni yozasiz. Rozimisiz?

Men Gazeta.uz’dan ham, Kun.uz’dan ham ko‘ra, mahalliy aholi, shahrimiz xalqining hurmatini qadrlayman, ulug‘ ko‘raman.

Kun.uz bugun bor, ertaga yo‘q. To‘g‘rimi? Sizlar bitta MChJmi? Bir kunda 3 ming MChJ yopilib, 3 mingtasi ochilyapti. Lekin millat mana shu yerda yashaydi», – deydi u.

Hokim shundan so‘ng hududda bo‘lib turgan bloger Nikita Makarenko bilan ham muloqotga kirishadi.

Hokim: Loyihani bilasanmi?

Bloger: Ha. Nima uchun loyiha jamoatchilikka e’lon qilinmadi?

Hokim: Shunday loyihalar bo‘ladiki, uni jamoatchilikka e’lon qilamiz, ba’zilarini esa e’lon qilish shart emas. Mahalliy aholi bilan gaplashiladigan masalalar ham bo‘ladi. Mahalliy aholi iltimoslariga qarab biz o‘sha hududda obodonlashtirish ishlarini olib boramiz. «Obshchestvennost» deganda siz kimni tushunyapsiz?

Bloger: Qonunlarimiz bo‘yicha siz hammaga e’lon qilishingiz kerak. Eng kamida odamlar (ta’mirlash haqida) bilishlari va bezovta bo‘lmasliklari uchun. Madaniy meros ekspertlari qani? Siz hatto ular bilan ham hisoblashmagansiz.

Hokim: Men 15 kun sabr qil dedim.

Bloger: Siz 15 kunda yodgorlikni yo‘q qilasiz. Bu yerda nima qilayotganingizni biz qayerdan bilaylik?  

Hokim: Nikita, yo‘q qilgan birorta joyimni aytgin.

Bloger: Stela qurmoqchi bo‘lganingizda «Moviy gumbazlar» bog‘ini qanday himoya qilgan edik?

Hokim: Yo‘q qildimmi?

Bloger: O‘sha yerda qurmoqchiligingizni aytgandingiz. Qurishni xohladingiz, biz esa kurashdik va yutdik. Toshkentda muammo juda jiddiy.

Hokim: Qayerni yo‘q qilganimga bitta misol keltir.

Bloger: Eski shahar. Zarqaynar mahallasi...

Suhbat shu tarzda davom etadi.

Mavzuga oid