O‘zbekiston | 16:56 / 15.06.2022
23472
5 daqiqa o‘qiladi

Muddati o‘tganga ham, noqonuniy o‘rnatganga ham bir xil jarima: “tonirovka” mantiqsizligining oxiri bormi?

Bloger Shavkat Hasan mashinasining orqa yon oynalariga yopishtirilgan “tonirovka” muddati 1 hafta oldin tugaganini YPX xodimi to‘xtatganida bildi. U 7,5 mln so‘mlik jarima miqdori oynani qasddan noqonuniy qoraytirgan fuqarolarga ham, ruxsatnoma muddati o‘tgan fuqarolarga ham birdek baravar ekanidan norozi ekanini bildirdi.

Foto: KUN.UZ

Chirchiqlik internet faoli Shavkat Hasan 13 iyun kuni Facebook orqali jonli efirga chiqib, YPX xodimi hujjatlarini tekshirganda mashinasining orqa oynasiga o‘rnatilgan “tonirovka” uchun berilgan ruxsatnoma muddati o‘tgani ma’lum bo‘lgani va mashinasi jarima maydoniga joylashtirilganini bildirdi.

“YPX xodimiga “tonirovka” hujjatini berganimda ruxsatnoma muddati 6 iyun kuni yakuniga yetganidan xabar topdim. Menga alam qilayotgan narsa, shu vaziyatda mashinasini noqonuniy “tonirovka” qilib olganlar bilan bir xil miqdorda, ya’ni 8 mln so‘m jarima to‘larkanman. Qani bu yerda mantiq?

Orqa oynaga tonirovga urdirish 1 mln so‘m turadi. Ruxsatnoma muddati o‘tib ketgani uchun 8 mln so‘m to‘lar ekanman. Agar 15 kunning ichida to‘lasam 5 mln so‘m to‘larkanman. Men o‘zimdan bechorahol inson qiyofasini yasamoqchi emasman, lekin buni ochiq-oydin zulm deb hisoblayman. Shunchaki alam qilyapti, juda ham qattiq alam qilyapti.

Shavkat Hasan / Foto: Facebook / Shavkat Hasan

Qonun-qoidalar ishlab chiqilayotganda nega puxtaroq tartib joriy qilinmagan? Axir ruxsatnomasiz “tonirovka” bilan yurganlar bilan ruxsatnomasi bor-u lekin ayrim sabablarga ko‘ra uning muddatini uzaytirmaganlarning katta farqi bor-ku. Jarimalar ham shunga mos bo‘lishi kerak. Bu o‘rinda men o‘zimni mazlum deb hisoblayman. Birga bir to‘laganda ham, ya’ni 1 millionlik “tonirovka”ning jarimasi 1 mln so‘m bo‘lganda ham alam qilmasdi”, deydi Shavkat Hasan.

Kun.uz Shavkat Hasan bilan bog‘landi. Holatga izoh berarkan u mantiqsiz qonun-qoidalar sabab avtomashinasi ayni damda jarima maydonida qolayotganini bildirdi. Feysbukdagi videomurojaatidan so‘ng unga bir qancha huquqshunos va advokatlar yordamini taklif qilib chiqishgan.

U qo‘lidagi hujjatlarni huquqshunoslarga topshirgani, ular tez orada amaldagi qonun hujjatlari asosida yuridik yordam ko‘rsatishga va’da berishganini ta’kidladi.

YPX xodimlari tomonidan rasmiyshlashtirishgan bayonnoma / Foto: Kun.uz

Shavkat Hasanning videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda azaliy muammoga aylangan mavzuni yana kun tartibiga chiqardi. Internet foydalanuvchilari jarimalar tabaqalashtirilmagani hamda O‘zbekiston sharoitida ularning miqdori aholining real daromadlaridan bir necha barobar yuqori ekanini tanqid qilishgan.

“Qonunlarimizdagi bu holat fuqarolar uchun emas, davlat g‘aznasiga pul qilishdan boshqa narsa emas. Zulm. Aniq zulm. Hurmatli deputatlar, qonun ishlab chiqaruvchilar, xalqqa zulm qilmang”, deb yozgan Mira’zam Mirhaydarov.

“Mendayam shunaqa bo‘lgan. Sudga yozib 2 “minimalka” to‘lab opchiqqanman. Shunaqa qilib arzonlashtirib to‘lab opchiqasiz endi”, degan Saidjamol Yunusov.

“Men ham 5 mln so‘m to‘ladim aynan “tonirovka” bilan bog‘liq holatda”, deb yozgan Shuhrat Hasanov.

“Bu – xalqni bezbetlarcha tunash, ya’ni qaroqchilik. “Aka, muddati o‘tibdi, hujjatlarni to‘g‘rilab oling”, deb qo‘yib yuborishsa bo‘lar edi”, deya fikr qoldirgan Ma’ruf Abilov.

“Odamgarchilik qayerda qoldi? Jarima miqdori bu odam uchun ham, boshqalar uchun ham kattalik qiladi. Xalq haqida ham o‘ylanglar. Jarima miqdori ishchi-xizmatchilar uchun juda katta-ku axir”, deydi Gulchehra Ibragimova.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat olish to‘lovi quyidagicha:

  •  orqa yon oynalar – yiliga 4,5 BHM (1 mln 215 ming so‘m);
  •  barcha yon oynalar – yiliga 45 BHM (12 mln 150 ming so‘m).

Ma’muriy javobgarlik kodeksiga asosan, ruxsatnomasiz qoraytirilgan oynali avtomobildan foydalanish 25 BHM (7,5 mln so‘m) jarimaga sabab bo‘ladi.

Aprel oyida YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov Kun.uz savoliga javoban “tonirovka” masalasida yengillik berilishi kutilmayotganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid