O‘zbekiston | 15:50 / 17.06.2022
16260
2 daqiqa o‘qiladi

Yer usti metrosida elektr tutashuvi ro‘y berdi. Bunga kuchli shamol sabab bo‘lgani aytildi

Toshkent metrosining Sergeli yer usti yo‘nalishida harakatlangan poyezdda ketma-ket elektr tutashuvlari sodir bo‘ldi. Metropoliten ma’muriyati voqea videosi tarqalgunga qadar izoh bermadi, keyinroq rels chetidagi tunuka kuchli shamol tufayli ko‘chib, poyezdning tok qabul qilish moslamasiga tekkanini ma’lum qildi.

Videodan kadrlar

Internetda tarqalgan videoda metropolitenga yangi olib kelingan poyezdlardan birining birinchi vagonida ketma-ket chaqnashlar bo‘lgani ko‘rinadi.

Elektr tutashuvlari vagonning mashinist kabinasi ortida, yo‘lovchilar vagonga kirishi uchun mo‘ljallangan birinchi eshik yaqinida sodir bo‘lib, tutashuvlardan keyin o‘sha joy qorayib qolgan.

Metropoliten rasmiy xabariga ko‘ra, voqea 16 iyun kuni soat 20:05 atrofida yerusti halqa yo‘lining 6-va 7-bekatlari oralig‘ida ro‘y bergan.

Foto: Toshkent metropoliteni matbuot xizmati

“Yo‘l chetidagi to‘sin tunukasining bir qismi atrofdagi kuchli shamol sababli o‘z o‘rnidan ko‘chishi natijasida harakatlanib kelayotgan harakat tarkibining tok qabul qilish moslamasiga tekkan. Natijada esa qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.

Shundan so‘ng mashinist harakat tarkibini to‘xtatib, harakatlanishga xavf soladigan holatlar yo‘qligini tekshirib, o‘z harakatini davom ettirgan.

Mas’ul xodimlar holat yuzasidan joyiga borib o‘rganish ishlarini olib borishdi”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Eslatib o‘tamiz, shu oy boshida “Olmazor” bekatida elektr nosozligi ro‘y berib, bir soat davomida Chilonzor yo‘nalishidagi qatnovlar izdan chiqqan edi.

O‘tgan oyda “Tinchlik” bekatida yo‘lovchi tashiyotgan poyezd vagonlaridan birida chiroq o‘chib qolgandi.

Bir necha oy oldin “Kosmonavtlar” va “Turkiston” bekatlarida vagonlardan biri tutab ketgandi.

Umuman, oxirgi bir yilda Toshkent metrosida o‘ndan ortiq nosozlik holatlari ro‘y berdi.

Mavzuga oid