So‘m ortidan kelayotgan dollarlar: Rubl kursidagi farqdan o‘zbeklar qanday pul ishlayapti?
Rossiya o‘zbekistonlik sarroflar uchun pul ayriboshlash makoniga aylanib qoldi. O‘zbeklar quyidagi konvertatsiya sxemasidan foydalanishmoqda: kursi yuqori rublni O‘zbekistonda so‘mga maydalashadi. Unga naqd dollar xarid qilishadi, dollarni Rossiyaga keltirib, uni yana rublga ayriboshlashadi.
«Vedomosti» nashrining yozishicha, bunday operatsiyalarda bir necha kun ichida 6 foizgacha daromad olish mumkin.
«Bunday usuldan valuta chayqovchilari 30 yil avval foydalanishgan, u hanuzgacha ish bermoqda. Bunda faqat valuta «qora bozori»dan foydalanish kerak bo‘ladi, – degan «InstaForeks» kompaniyalar guruhi tahlilchisi Aleksandr Davidov. – Bu sxema – 90-yillarga havola, o‘sha paytlar valutani faqat bozorlarda almashtirardik».
Ayni paytda Rossiyada naqd valutani banklardan xarid qilish imkonsiz, uni «qora bozor»da pullash ortidan esa mo‘maygina daromad qilish mumkin.
«Bu holatda marja (foyda) pullarni jalb qilish sharoitlariga, ya’ni u yoki bu valuta qanday narxda xarid qilinayotganiga bog‘liq. Gap shundaki, amaliyotda chayqovchilik u yoki bu shaklda qarz mablag‘lari evaziga amalga oshiriladi va barchasi ularning qiymatiga bog‘liq. Agar pul o‘zingizniki bo‘lsa, ustidan 5 foiz daromad juda zo‘r hisoblanadi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, komissiyalar tufayli ming dollarlar bilan bu ishni qilish bema’nilik. O‘ylashimcha, foyda olish uchun kamida bir necha yuz ming dollarni aylantirish kerak», – degan Aleksandr Davidov.
Tajribali chayqovchilar yillar davomida qo‘shni davlatlar bozorini doimiy monitoring qilib, eng foydali kurslarni kuzatib ana shunday jo‘g‘rofiy sxemada pul ishlashadi. Rossiyada bu amaliyot aprel-may oylarida jozibador edi, o‘shanda dollar ayrim pul ayirboshlash shoxobchalarida 160 rublgacha ko‘tarilgan edi. Biroq so‘nggi bir necha haftada Rossiya valutasi 1 AQSh dollariga 60 rubl kurs atrofida mustahkamlandi va davlatlar o‘rtasidagi arbitraj o‘z ma’nosini yo‘qotdi.
«Bundan tashqari, mazkur operatsiyalar bozordan tashqaridagi risklar bilan chulg‘ab olingan bo‘ladi, – degan «Otkrytiye» boshqaruvchi kompaniyasining investitsiyalar bo‘yicha direktori Vitaliy Isakov. – Rossiyadan xorijdagi shaxsiy hisobraqamga katta limitda valuta jo‘natish mumkin. Hozir bu oyiga 1 mln AQSh dollarini tashkil etmoqda. Xorijdagi hisob raqamdan pullarni naqd qilib yechib olinadi va ular Rossiyaga qaytarib olib kelinib, birja kursida emas, qimmatroq bank kursida pullanadi».
Davlatlar o‘rtasida tez-tez qatnaydigan xorijliklar, migrantlar va ikki fuqarolikka ega kishilar bu ish bilan bemalol shug‘ullanayotgani aytilmoqda. Bu – normal iqtisodiy faoliyat, lekin u ma’lum bir nou-hau, ma’lum bir risklar bilan bog‘liq. Agar siz naqd pul olib ketayotgan bo‘lsangiz, sizni tunashlari mumkin yo qandaydir bir noxush hodisa ro‘y berishi mumkin, yoki yetib kelguningizga qadar bankdagi kurs keskin o‘zgarishi ham mumkin.
Valuta bitimlarining faollashganini O‘zbekiston Markaziy banki ham qayd etib o‘tgan edi. MB xorijiy aktivlarni xarid qilishga talab karrasiga o‘sganini ma’lum qilgan edi. 2022 yilning yanvar oyidan iyun oyigacha O‘zbekiston banklaridan 5,5 milliard AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ olib chiqilgan. Bu esa 2021 yilning shu davriga nisbatan 70 foizga ko‘proq.
O‘zbekistonda transchegaraviy pul o‘tkazmalarining summasi ham ortgan. Gap 2022 yilning birinchi yarim yilligida xorijdan kelgan 6,5 mlrd AQSh dollari haqida ketmoqda. Bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 96 foizga ko‘proq degan.
Bu holat O‘zbekiston banklarini naqd valuta yechishga komissiya joriy etishga majbur qildi. Iyul oyining so‘ngidan boshlab, ayrim banklarda valutani naqdlashtirishga 0,7 foiz komissiya qo‘llanilmoqda. Western Union, MoneyGram, CONTACT va «Yunistrim» kabi pul o‘tkazish xizmatlari ham bundan mustasno qilinmadi.
Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lib kelmoqda. O‘zbekistonda rubl kursining sun’iy yuqoriligi turli chayqovchilik sxemalari ishlayotgani, banklarga katta bosim yuzaga kelayotgani haqida yozishayotgan edi.
«Pul o‘tkazmalarining keskin oshishiga sabab bo‘lgan holatlardan birinchisi bu – Rossiyada naqd va naqdsiz valuta kursi o‘rtasida 30 foizgacha farq paydo bo‘ldi», degan edi MB raisi Mamarizo Nurmurodov..
«O‘zbekistonga rubl tinimsiz kirib kelayapti, biz uni dollarga ayriboshlab beryapmiz, dollar yana Rossiyaga ketyapti. Rubl zaxiramiz qancha bo‘lib ketganini va bu pullarni qayerda ishlatishimizni ochiqlashsa yaxshi bo‘lardi...», – deb yozgan bankirlardan biri.
«Agar Rossiyadan O‘zbekistonga 10 000 AQSh dollari jo‘natmoqchi bo‘lsangiz, Rossiya banki dollar o‘rniga 595 600 rubl jo‘natib yuborayapti. U pul bizda hozirgi 204 so‘m/rubl kurs bo‘yicha (29 iyun sanasidagi kurs) so‘mga aylantirilsa 121 mln 502 ming so‘m bo‘lyapti. Bu pulni hozirgi kurs 10915 so‘m/dollar kursi bo‘yicha dollarga aylantirilsa – 11 ming 131 AQSh dollari bo‘ladi.
Ya’ni 1131 dollar havodan paydo bo‘lyaptimi, demak O‘zbekistonda rubl kursi su’niy! O‘sha 1000 rubl Rossiyada 16,7 AQSh dollari bo‘lsa-yu, bizda 18,7 dollar bo‘ladi. Kichik summada bu muammo emas. Endi 1 trln rublni hisoblab ko‘ring. Chunki rubl trillionlab kirib kelyapti, millionlab dollar chiqib ketyapti. Har bir trillion rubl uchun 2 million dollar ortiqcha pul chiqib ketyapti», – deb hisoblagan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov bu borada xavotirlar asossiz ekanini ta’kidlab o‘tgan edi.
«Transchegaraviy pul o‘tkazmalarining tarkibiga qaraydigan bo‘lsak, 199 million dollari Rossiya rublida kelib tushgan. Ba’zan o‘qib qolaman: Rossiyadan rubl kelib, O‘zbekistondan dollar chiqib ketyapti degan fikrlar bor, lekin bu atigi 3 foizni tashkil qiladi. Rubl to‘lov tashkiloti orqali avtomatik ravishda dollarga Rossiya birjasida konvertatsiya qilinib, bizga dollarda depozitga qo‘yilib, dollarda yuboriladi. Men jami pul o‘tkazmalarida Rossiya rublining ulushi 3,1 foiz deganim faqat P2P orqali kelyapti, qolgan pul o‘tkazmalarimiz – dollar va boshqa erkin almashadigan valutalar», – degan edi Nurmurodov.
Iqtisodchi eskpert Otabek Bakirov avvalroq iqtisodiy manfaatlarimiz yo‘lida rubl kursini avval urushgacha bo‘lgan status-kvoga qaytarish kerakligi haqida yozgan edi.
«Rossiya – asosiy savdo hamkorlarimizdan. Shuning uchun bizga rubl/so‘m juftligini shakllanishi va uni bozorga muvofiq, ayni vaqtida milliy iqtisodiy manfaatlarimizdan kelib chiqib shakllantirish o‘ta muhim.
Bizning iqtisodiy manfaatlarimiz esa rubl kursini avval urushgacha bo‘lgan status-kvoga qaytarish, keyin esa spekulyativ, notovar va parallel import bilan bog‘liq operatsiyalarni o‘tkazishni imkonsiz qiladigan darajagacha tushirishdan iborat bo‘lmog‘i zarur.
Qaytaraman: xohlashsa 1 dollarni 70 kopeyek deb e’lon qilishsin, xohlashsin 150 rubl deb belgilashsin. O‘zbekiston pul hokimiyatining shu kunlardagi vazifasi – yuz berayotgan manipulyatsiyalardan manfaatlarimiz doirasida maksimal himoyalanish bo‘lishi kerak», – deb yozgan ekspert.
Bu voqealar fonida O‘zbekiston banklarida naqd dollar taqchilligi, bankomatlarda naqd so‘m taqchilligi kuzatilayotgan edi. Rublni ayirboshlashning afzal kursi O‘zbekistonda bo‘lgani sababli Tojikiston va Qirg‘iziston migrantlari ham pul o‘tkazmalarini O‘zbekistondagi banklarga o‘tkaza boshlashgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Buni MB raisi ham tasdiqladi.
«Ayrim qo‘shni davlatlarda valutaga cheklovlar chegara oldi hududlaridagi fuqarolarning pul o‘tkazmalarini O‘zbekiston orqali amalga oshirishga undadi. May–iyun oylarida kirib kelgan fuqarolar 2–2,5 barobarga ko‘paygan. Jamini hisoblaydigan bo‘lsak, 119 mingtani tashkil qiladi», – dedi Nurmurodov.
Markaziy bank 200 ming so‘mlik valutani muomalaga kiritib, bankomatlardagi naqd so‘m bilan bog‘liq muammoga barham bergan bo‘ldi. Bu orada naqd dollar bilan bog‘liq holat ham yaxshilandi.
Rossiyalik va belaruslik relokantlar O‘zbekiston banklarida karta ochib, vaziyatga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgani haqida ham fikrlar yangragan edi. Biroq, xorijiy fuqarolarga masofadan turib yoki ishonchnoma asosida VISA va Mastercard kartalarini ochib berishga barham berildi.
«Endi karta ochish uchun norezidentlar O‘zbekistonda xalqaro karta ochishning iqtisodiy ma’nosini asoslashlari kerak bo‘ladi. Shu kungacha mavjud tuynuklar va e’tiborsizlikdan foydalanib, karta ochib olgan norezidentlarning o‘tkazmalari ustidan monitoring va nazorat o‘rnatiladi», – deb yozgan Bakirov.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
20:13 / 24.12.2024
Rossiyada jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlari vatanga qaytarildi
18:22 / 24.12.2024