O‘zbekiston | 21:52 / 17.12.2025
1565
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yangi «siti»lar va XCM moliyaviy piramidasining qulashi – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkentda yangi «siti»lar qurilishi kutilmoqda

Toshkent shahrida 37 gektar maydonda Uchtepa City loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 16 dekabr kungi yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlat rahbariga ko‘ra, loyiha qiymati 1 mlrd dollar bo‘lib, uning doirasida zamonaviy mehmonxona, biznes markazlar, savdo-ko‘ngilochar majmua va apartamentlar quriladi.

Shuningdek, Chilonzor, Yakkasaroy, Olmazorda ham 2,5 milliard dollarlik shunday loyihalar amalga oshiriladi.

XCM moliyaviy piramidasi o‘n minglab odamni chuv tushirdi

Kun.uz ogohlantirgan XCM moliyaviy piramidasi odamlarni chuv tushirdi va platformadan pul yechish to‘xtatildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi Kun.uz manbasiga ko‘ra, X Connection Media nomi ostidagi moliyaviy piramidaning O‘zbekiston bo‘ylab 300 ga yaqin ofisi ro‘yxatga olingan. Har bir ofis orqali kuniga kamida 10 kishi ushbu kompaniyaga a’zo bo‘lgan.

XCM O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon faoliyat yuritgan. Dekabr oyi boshiga kelib esa u yopildi. Platforma 10 oy faol ishlagani va unga 40 ming dollarlab pul tikib, aldanib qolganlar ham borligi hisobga olinsa, ushbu moliyaviy piramida orqali o‘zbekistonliklardan qancha pul o‘marilganini chamalab ko‘rish qiyin emas. Ha, bu summa millionlab dollarni tashkil qiladi.

Respublika bo‘ylab «Dolzarb 20 kunlik» tozalik tadbirlari e’lon qilindi

Tadbirlar 20 dekabrdan 2026 yil 10 yanvargacha o‘tkaziladi. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi huzurida respublika ishchi shtabi tashkil etildi. Belgilangan muddatda sanitar tozalash korxonalari tomonidan hududlar qattiq maishiy chiqindilardan tozalanishi belgilangan.

Shuningdek, mahalla hududlarida tozalik talablariga rioya etilishini ta’minlash, bayram kunlarida chiqindilar to‘planib qolishining oldini olish hamda chiqindilarni reja-grafikdan tashqari navbatchilik asosida o‘z vaqtida olib ketish bo‘yicha choralar ko‘rilishi qayd etilgan.

Tashabbusning asosiy maqsadi aholining Yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazishi uchun sharoit yaratish, atrof-muhitni ozoda saqlash va ekologik vaziyatni yanada yaxshilashga hissa qo‘shishdan iborat. Shuningdek, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlamaslik zarurligi eslatilgan.

Tadbirkorlik sohasidagi 1600 dan ortiq ma’muriy talab bekor qilindi

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar asosida Hukumat qarori bilan qonunchilikdagi tadbirkorlikka oid 1600 ta majburiy talablar bekor qilindi. Ta’kidlanishicha, bunday katta hajmdagi cheklovlarning bekor qilinishi ilk bor amalga oshirilmoqda.

Xususan, Hukumat qarori bilan veterinariya xizmati nazorati ostidagi 1568 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha mahsulotga muvofiqlik sertifikati olish, shuningdek, turizm xizmatlarini ko‘rsatishda mazkur faoliyatga xos bo‘lmagan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun faoliyat turini amalga oshirishda ayrim ortiqcha cheklovlar bilan bog‘liq jami 1600 dan ortiq majburiy talablar bekor qilinmoqda.

Raqobat qo‘mitasi o‘quv markazlarini ogohlantirdi

O‘quv markazlari va ta’lim platformalarida xizmat sifati qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirib, shartnoma va pulni qaytarish shartlari bo‘yicha yetarli ma’lumot bermaslik holatlari ko‘payib bormoqda. Raqobat qo‘mitasi eng ko‘p shikoyat tushayotgan 10 dan ortiq muassasani sanab o‘tdi.

2024–2025 yillar davomida nodavlat ta’lim xizmatlari bo‘yicha Raqobat qo‘mitasiga 1200 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Qayd etilishicha, bir qator o‘quv markazlari va ta’lim platformalarida ta’lim sifati qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi, shartnoma shartlari va pulni qaytarish tartibi bo‘yicha yetarli ma’lumot berilmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda.

Mavzuga oid