O‘zbekiston | 20:23 / 13.01.2026
15369
6 daqiqa o‘qiladi

Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarib yuborgan sudyalar qamoqqa olindi

Bosh prokuratura Akmal Shukurovning apellyatsiya shikoyatini ko‘rgan sudyalar Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari Murodjon Mirzajonovning bosimi ostida noqonuniy va adolatsiz ajrim chiqarishganini ma’lum qildi. Hozirda ularning barchasi qamoqqa olingan.

Foto: Murodjon Mirzajonov

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Abidov va Muhtarama Turg‘unova, shuningdek, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Murodjon Mirzajonovga tegishli moddalar bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Toshkent shahar sudi raisi sobiq o‘rinbosari Murodjon Mirzajonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasi 2-qismi, 236-moddasi 2-qismi bilan hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari Odilbek Ilxomjonov, Mirziyod Abidov va Muhtarama Turg‘unovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan»,  deyiladi xabarda.

Ish hujjatlariga ko‘ra, A.Shukurov juda ko‘p miqdorda o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish, bezorilik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatlarini sodir etgani yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybdor deb topilib, unga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchi A.Shukurov yuqoridagi hukmdan norozi bo‘lib, sudga qilgan apellyatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasining sudyalari O.Ilhomjonov, M.Abidov va M.Turg‘unova tomonidan ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirish, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish to‘g‘risidagi xulosaga kelishgan.

Biroq, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari M.Mirzajonov mansab mavqeyidan foydalanib, ish har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rilishiga to‘sqinlik qilib, sud ishlariga aralashib, sudyalarga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazishi oqibatida, sudyalar uning topshirig‘i noqonuniy ekanini oldindan bila turib, odil sudlovni amalga oshirish va qaror qabul qilishda mustaqil bo‘lsalar-da, javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga amal qilmasdan, birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, qamoq ehtiyot chorasini bekor qilgan holda, jazoni uzil-kesil 3 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklashga almashtirib, uni sud zalidan qamoqdan ozod etib, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan noqonuniy va adolatsiz ajrim chiqarishgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida shahar sudi raisi sobiq o‘rinbosari M.Mirzajonov hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari O.Ilhomjonov, M.Abidov va M.Turg‘unova ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan olib borilmoqda.

Akmal Shukurov ishi

Shukurovning jinoiy ishi beshta epizodni o‘z ichiga oladi, eng shov-shuvlisi – shu yilning sentabr oyida Yakkasaroy tumanidagi The Tower mehmonxonasi oldida bir necha kishi kaltaklanishi bilan bog‘liq.

O‘shanda u tungi klub oldida tanishini himoya qilishga uringan Boris Avakyanga kuchli zarba berib, komaga tushirib qo‘ygan, so‘ngra voqea joyidan qochib ketib, ko‘p o‘tmay Qozog‘istonda qo‘lga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingandi.

Jabrlanuvchi jiddiy, hayot uchun xavfli jarohatlar olgan va bosh miya jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan. Oilasining xabar berishicha, u shoshilinch kraniotomiya qilingan, shundan so‘ng u sun’iy komaga yotqizilgan.

Akmal Shukurovga JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktyabrdagi hukmi bilan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, firibgarlik va bezorilikda aybdor deb topilib, 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudi 9 dekabrdagi ajrimi bilan 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirib, Akmal Shukurovni darhol sud zalidan qamoqdan ozod qilib yubordi.

Bu holat OAVda shov-shuvda olib chiqilgach, 18 dekabr kuni jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan kiritilgan protest asosida taftish instansiyasida qayta ko‘rib chiqildi va Akmal Shukurovga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, u qamoqqa qaytarildi. Shundan so‘ng jinoyat ishini apellyatsiyada ko‘rgan sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan, ko‘p o‘tmay ular ishdan olingani xabar qilingandi.

Mavzuga oid