Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Birinchi kosmonavt tanlovi va ommaviy zaharlanishga oid ishning sudga oshirilishi – mahalliy dayjest
«O‘zbekkosmos» birinchi o‘zbek kosmonavtini tanlov asosida aniqlaydi, unda barcha ishtirok etishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Toshkent viloyatida bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishiga oid ish sudga oshirildi: 11 kishi Jinoyat kodeksining turli moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYoQSh) iste’molchilar tomonidan neft mahsulotlari sifatini tekshirish imkonini beradigan maxsus qurilmalar o‘rnatiladi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Birinchi o‘zbek kosmonavti umumxalq tanlovi asosida aniqlanadi
Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (O‘zbekkosmos) birinchi o‘zbek kosmonavtini tanlov asosida aniqlaydi. Bu haqda «O‘zbekkosmos» direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Kosmonavtlikka talab yuqori bo‘ladi, sog‘liq, fiziologiya, ilmiy, xorijiy til bilish nuqtayi nazaridan. Umumxalq tanlovi qilmoqchimiz. Bo‘lajak kosmonavt hozir o‘qiyotgan bo‘lishi yoki ishlayotgan bo‘lishi mumkin. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, kosmonavt bo‘lish juda katta baxt», dedi Ibrohimov, biroq tanlovning shartlari va muddatiga aniqlik kiritmadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 fevral kuni birinchi o‘zbek kosmonavtini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishgan edi. Unda kosmonavtni qisqa muddatga – 10-14 kunlik parvozga tayyorlash taklif qilindi, bunday parvozlarni tashkil etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Toshkent viloyatida bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishiga oid ish sudga oshirildi: 11 kishi ayblanmoqda
2025 yil sentabr oyida Toshkent viloyatining ayrim tumanlaridagi autsorsing asosida ovqatlantiriladigan davlat bog‘chalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi kuzatilgandi. Kun.uz manbalarining xabar berishicha, tergov ishlari yakunlanib, ish ayblov xulosasi bilan sudga oshirilgan.
Manbaga ko‘ra, tergov harakatlari davomida barcha zaxarlanish qayd etilgan 1922 nafar tarbiyalanuvchining qonuniy vakillari so‘roq qilinib, jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan.
Ish doirasida 11 nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “b” bandi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) va 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan ayb e’lon qilinib, 10 nafariga qamoqqa olish va 1 nafariga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin sifatini tekshirish uskunalari o‘rnatiladi
Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYoQSh) iste’molchilar tomonidan neft mahsulotlari sifatini tekshirish imkonini beradigan maxsus qurilmalar o‘rnatiladi. Bu haqda O‘zbekiston-2030 strategiyasida ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, uskunalar bilan jihozlash 2026 yildan boshlanadi va yil yakunigacha qamrov darajasini 10 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2027 yilda 25 foiz, 2028 yilda 50 foiz, 2029 yilda 75 foiz, 2030 yilda esa 100 foiz bo‘lishi kerak. Ishlar xususiy sektor mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Atrof-muhitga ta’sir masalalari jamoatchilik bilan muhokama qilinadi
Qonunchilikka muvofiq, jamoatchilik eshituvlari mo‘ljallanayotgan, rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik (va boshqa) faoliyatning atrof-muhitga ehtimol tutilgan ta’siri masalalarini aholi va jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish maqsadida tashkil etiladi.
Jamoatchilik eshituvlari davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazilguniga qadar tashkil etilishi shart. Bu talab loyiha bo‘yicha qarorlar qabul qilinishi oldidan jamoatchilik fikrini inobatga olishga xizmat qiladi. Muhokama natijalari rasmiy saytlarda ochiq e’lon qilinadi.
Mavzuga oid
21:33 / 19.02.2026
Avtobanga aylantiriladigan magistral yo‘llar va hakamlar hay’ati sudi – mahalliy dayjest
21:08 / 18.02.2026
Ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan yordam va 7-qavat derazasidagi bolakay – mahalliy dayjest
22:21 / 17.02.2026
Pedofiliya uchun umrbod qamoq va Ramazonda xayriyaga 1 trillion so‘m – mahalliy dayjest
20:47 / 16.02.2026