O‘zbekiston | 22:21 / 17.02.2026
1256
6 daqiqa o‘qiladi

Pedofiliya uchun umrbod qamoq va Ramazonda xayriyaga 1 trillion so‘m – mahalliy dayjest

Prezident tomonidan tasdiqlangan davlat dasturida 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish nazarda tutilgan. Ramazon oyidagi xayriya tadbirlariga 1 trilliondan ortiq mablag‘ ajratiladi, ular hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan. Davlatga qarashli Mobiuz aloqa operatori kiberhujumga uchradi, kompaniya buni tasdiqladi, ammo mijozlarning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqanini rad etdi. Kun davomida Kun.uz yoritgan ushbu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosi nazarda tutilgan davlat dasturi tasdiqlandi

Shavkat Mirziyoyev islohotlar dasturlari va «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» davlat dasturini tasdiqladi. Unda 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish nazarda tutilgan.

Davlat dasturi loyihasiga ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda xalq vakillari hay’ati ishtirokini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar kiritilgan. Mazkur normalar 2026 yil 1 apreldan joriy etilishi belgilangan.

Ramazon oyidagi xayriya tadbirlariga 1 trillion so‘m ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» shiori ostidagi kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berildi. Ularni amalga oshirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan. Prezident har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida ta’kidladi. Mas’ul idoralarga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Elektromobil egalari mashinasini quvvatlashda subsidiya oladi

1 maydan boshlab, elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kVt⋅s elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi. Bu prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilgi davlat dasturida ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 martdan boshlab elektromobilda taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun:

- ijtimoiy soliqdan 10 foizgacha chegirma beriladi;

- davlat tashkilotlariga tegishli avtoturargohlar, shu jumladan aeroport va vokzallardagi avtoturargohlardan 30 daqiqagacha bepul foydalanishga ruxsat etiladi;

- huquqbuzarlik va YTH sodir etmasdan 1 million kilometr masofada taksi xizmatini ko‘rsatgan fuqarolarga «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni beriladi.

Nodirbek Abdusattorov fristayl-shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida uchinchi bo‘ldi

O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov Germaniyaning Vayssenxaus kurortida o‘tgan fristayl-shaxmat bo‘yicha FIDE jahon chempionatida bronza medali sovrindori bo‘ldi. U 40 ming dollar mukofot va 2027 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanmani ham qo‘lga kiritdi.

Turnirda yana bir o‘zbekistonlik shaxmatchi — Javohir Sindarov ham ishtirok etib, sakkizinchi o‘rinni egalladi va 10 ming dollarga ega bo‘ldi.

Fristayl-shaxmat (Fisher shaxmati) — sobiq jahon chempioni Robert Fisher taklif qilgan shaxmat turi bo‘lib, unda donalarning boshlang‘ich joylashuvi klassik variantdan farq qiladi va har partiyada o‘zgarib turadi.

Birinchi milliy kosmonavtni qisqa muddatli parvozga tayyorlash taklif qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi o‘zbek kosmonavtini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, davlat rahbari tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilangan.

Milliy fazogirni qisqa muddatga – 10-14 kunlik parvozga tayyorlash taklif qilindi, bunday parvozlarni tashkil etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bog‘langan bo‘lishi zarurligi qayd etildi. Zero, bu yutuq mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirishi bilan birga ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yangi loyiha va texnologik tashabbuslarning paydo bo‘lishi, yoshlarning fan va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga xizmat qilishi kerak.

MobiUz kiberhujumga uchragani ma’lum bo‘ldi

Davlatga qarashli Mobiuz aloqa operatori kiberhujumga uchragani haqida xorijiy resurslarda xabar tarqalishi ortidan, kompaniya kiberhujum bo‘lganini tasdiqladi, ammo mijozlarning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqanini rad etdi.

Mobiuz'ga ko‘ra, hakerlar sinov serverini buzib kirishga muvaffaq bo‘lgan, lekin abonentlarning ma’lumotlari saqlanadigan asosiy serverga kirolmagan.

Kompaniya mas’ul organlar bilan hamkorlikda hodisani batafsil tekshirayotgani, axborot tizimlari himoyasini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rayotganini bildirdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid