O‘zbekiston | 20:20 / 05.03.2026
1390
4 daqiqa o‘qiladi

Kambag‘allikning yangi chegarasi va haydovchilik huquqidan mahrum etilganlarga qarshi «ov» - mahalliy dayjest

O‘zbekistonda 2026 yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming so‘m qilib belgilandi. Haydovchilik huquqidan mahrum etilgan, ammo yana rulga o‘tirganlar foto va video kuzatuv kameralari orqali aniqlanadi. Uy-joy qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartiblari tezlashtiriladi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Kambag‘allik chegarasi 715 ming so‘m miqdorida belgilandi

Milliy statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda 2026 yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming so‘mni tashkil etganini e’lon qildi. Bu 2025 yilda amal qilgan qiymatdan (669 ming so‘m) 6,9 foizga yuqori. Qayd etish lozim, Statqo‘m 2025 yilgi inflatsiyani 7,3 foizga baholagan edi.

Minimal iste’mol xarajatlari (MIX) – O‘zbekistonda kambag‘allikning rasmiy chegarasi hisoblanadi. Qaysi oilada jon boshiga daromad MIXdan past bo‘lsa, rasman kambag‘al hisoblanadi va davlat uni kambag‘allikdan chiqarish mas’uliyatini oladi.

Haydovchilik huquqidan mahrum etilgan, ammo yana rulga o‘tirganlarni kameralar aniqlaydi

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining (YHXX) ma’lum qilishicha, endi haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxslar transport vositasini boshqargan holatlar yo‘llarda o‘rnatilgan kuzatuv kameralari orqali avtomatik ravishda aniqlanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan holda transport vositasini boshqargan shaxslarga nisbatan birinchi marta bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi. Agar ushbu huquqbuzarlik ikkinchi marta takrorlansa, huquqbuzarga nisbatan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Uy-joy qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartiblari tezlashtiriladi

Prezident tomonidan imzolangan yangi farmonda uy-joy qurilishi uchun yer ajratish va ruxsat berish jarayonlari soddalashtirilib, investitsiya-qurilish davrining davomiyligi 1,5 baravargacha qisqartirilishi belgilandi.

Farmonga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlarni tanlab olish mezonlariga mos keladigan loyihalarga “Yangi O‘zbekiston” massivi maqomi berilib, ularga amaldagi tartib-taomillar va moliyalashtirish manbalari tatbiq etiladi.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida yo‘l-transport infratuzilmasi loyihalarini ishlab chiqishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya tejovchi uskunalar va muqobil issiqlik tizimlaridan keng foydalanish, shuningdek ekologik toza “yashil” transport muhitini yaratish nazarda tutilgan.

Toshkentdagi har bir tumanda ekobog‘ barpo etiladi

Toshkent shahrida yashil hududlarni kengaytirish va har bir tumanda bittadan ekobog‘ barpo etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan 2028 yil 1 martga qadar eksperiment tariqasida belgilangan yer uchastkalarida ko‘p kvartirali uylarni kompleks qurilish mexanizmlari asosida qurishni nazarda tutuvchi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi.

Tashkil etilgan investitsiya kompaniyalari tegishli hududlarda kompleks qurilish loyihalarini amalga oshirish uchun mas’ul tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. Hududlarda yashil bog‘lar, ekopark va xiyobonlarni barpo etish Investitsiya kompaniyalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid