Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Credit House ishi bo‘yicha qamalganlar va Surxon daryosi o‘zaniga oqqan neft – mahalliy dayjest
Toshkentda uy olmoqchi bo‘lgan ikki mingga yaqin kishini chuv tushirgan InFinStroy-Invest va Credit House kompaniyalari mansabdorlariga sud hukmi o‘qildi. Prezident ishlamay quruq oylik olib o‘tirganlarni tanqid qildi. Surxondaryoda neft daryo o‘zaniga oqib ketdi. Chirchiqda «ko‘cha yechimi» va bezorilik bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Credit House ishi bo‘yicha 6 kishi qamaldi
Toshkentda uy olmoqchi bo‘lgan ikki mingga yaqin kishini chuv tushirishda ayblangan InFinStroy-Invest va Credit House kompaniyalari mansabdorlariga sud hukmi o‘qildi.
6 nafar ayblanuvchiga turli muddatlarda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jumladan, firibgarlik sxemasining tepasida turgani aytilgan Dmitriy Bajyenov 9 yilga «kesildi». 3 nafar ayolga esa shartli ravishda ozodlikni cheklash jazosi berildi. Aybdorlarga jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatildi.
Sud hukmiga ko‘ra, yetkazilgan umumiy zarar 450 milliard so‘mni tashkil etadi. Shundan 300 milliard so‘mdan ortig‘i aybdorlar tomonidan qoplangan.
Prezident ishlamay quruq oylik olib o‘tirganlarni tanqid qildi
Shavkat Mirziyoyev 24 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor iqtisodiyoti «mo‘’tadil erkin» davlatlar qatoridan joy olganini aytdi.
«Buning uchun qanday qiyin va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganimizni bilganlar biladi. Umuman, yil boshidan erishilgan natijalar, ko‘rsatkichlar mehnatimizga yarasha bo‘ldi. Lekin ishlamay quruq oylik olib o‘tirganlar ham ishlaganlar bilan «bitta poyezdda ketyapti». Zamon, iqtisodiyot va odamlar talabi kun sayin ortmoqda. Yilning uchdan biri o‘tib bo‘ldi. Afsuski, ayrimlar hali ham «uyg‘ongani yo‘q», dedi prezident.
Davlat rahbari kim birinchi chorak ko‘rsatkichi yaxshi bo‘ldi, yil yakunigacha ham shunday davom etadi, deb xotirjamlikka berilsa, xato qilishini ta’kidladi.
Surxondaryoda neft daryo o‘zaniga oqib ketdi
Ma’lum qilinishicha, Boysun tumani, Kofrun mahallasidan oqib o‘tuvchi Xangaronsoy oqimi bo‘ylab chap tomonida neft saqlanadigan vaqtinchalik hovuzlar bo‘lgan.
Ushbu hovuzlar burg‘ilash chog‘ida yer yuzasiga chiqqan neft xomashyosi soyga oqib ketishining oldini olish maqsadida joriy yil yanvar-fevral oylarida Eriell kompaniyasi tomonidan tuproqdan damba qilish yo‘li bilan barpo etilgan. Ularda to‘plangan neft maxsus texnikalar yordamida tashilgan.
23 aprel kuni Boysun tumanida ro‘y bergan kuchli yog‘ingarchilik tufayli Xangaronsoyda suv ko‘payib, vaqtinchalik dambalardan sel-toshqin suvlari toshgan. Oqibatda neft aralashgan suv Bandixon tumani hududidan oqib o‘tuvchi Bandixonsoyga, u orqali Qumqo‘rg‘on tumanidan oqib o‘tuvchi Surxon daryosiga quyilgan.
Chirchiqda «ko‘cha yechimi» va bezorilik bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida bezorilik bilan shug‘ullanganlar ushlandi. Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda Chirchiq shahrida «ko‘cha yechimi» va bezorilik bilan shug‘ullangan 6 kishi qo‘lga olingan. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘lga olinganlar 24-38 yosh oralig‘ida bo‘lib, Toshkent, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridan. Ular oshkora ravishda jamoat tartibini buzib, bezoriliklar sodir etgan. Fuqarolarga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazish orqali pul topish bilan shug‘ullangan.
Mavzuga oid
19:02 / 23.04.2026
Bank kartasidagi kafolatli qoldiq va mast holdagi YPX xodimi – mahalliy dayjest
18:38 / 22.04.2026
San’atkorlarga tanbeh bergan vazir va o‘qituvchilardan uzr so‘ragan hokim – mahalliy dayjest
21:00 / 21.04.2026
Rivaldoga qarzni to‘lamaydigan “O‘zbekneftgaz” va navbatdagi moliyaviy piramida – mahalliy dayjest
18:35 / 20.04.2026